O‘zbekiston | 08:36 / 26.12.2020
3700
3 daqiqa o‘qiladi

Baholovchilarga va rieltorlarga malaka sertifikatlarini berish tartibi tasdiqlandi 

Baholovchilarga va rieltorlarga malaka sertifikatlarini berish tartibi tasdiqlandi. Bu haqda Davlat xizmatlari agentligi xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 23 dekabrdagi 805-son qaroriga asosan 2021 yil 1 yanvardan boshlab baholovchilarga malaka sertifikatlarini berish bo‘yicha davlat xizmati va rieltorlarga malaka sertifikatlarini berish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatish Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ko‘rsatiladi.

Ariza beruvchilar malaka sertifikatlarini olish bo‘yicha so‘rovnoma to‘ldiradi. So‘rovnomaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi (baholovchilar uchun):

  • oliy ma'lumot to‘g‘risidagi diplom yoki xorijiy ta'lim muassasasida ta'lim olinganligi haqidagi hujjat (O‘zbekistonda tan olingan);
  • 3,5 x 4,5 hajmidagi elektron fotosurat;
  • baholovchilarni tayyorlash markazlarida maxsus o‘quv kursini tugatganligi haqidagi sertifikat nusxasi;
  • baholovchining xalqaro sertifikati nusxasi (xalqaro baholovchi sertifikatiga ega talabgorlar uchun);
  • mehnat daftarchasining nusxasi (baholovchi yoki baholovchining yordamchisi sifatida ish stajining borligini tasdiqlaydigan “Elektron mehnat daftarchasi” tizimidan ko‘chirma).

Rieltorlar malaka sertifikatini olish uchun quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:

  • 3,5 x 4,5 hajmidagi elektron fotosurat;
  • rieltorlarni tayyorlash markazlarida maxsus o‘quv kursini tugatganligi haqidagi sertifikat nusxasi.

Malaka sertifikatlarini berganlik bo‘yicha bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida yig‘im undiriladi.

Malaka imtihoni sanasi, joyi haqidagi ma'lumotlar imtihondan 15 kun oldin, malaka imtihoniga qo‘yilgan talabgorlar ro‘yxati Davlat aktivlarini boshqarish agentligining rasmiy veb saytida imtihon sanasidan 5 kun oldin e'lon qilinadi.

Talabgor rieltor yoki baholovchilar malaka sertifikatini olish uchun test topshiradi. Test 75ta savoldan iborat bo‘lib, umumiy 45 daqiqa vaqt beriladi. Talabgor test savollarining 70 foizdan kam bo‘lmagan qismiga to‘g‘ri javob bersa, malaka imtihonidan o‘tgan hisoblanadi.

Talabgor malaka sertifikatini olish bo‘yicha imtihonni muvaffaqiyatli topshirsa, imtihon o‘tkazilgandan so‘ng ikki kun muddatda QR kod qo‘yilgan malaka sertifikatini Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali olishi mumkin.

Mavzuga oid