O‘zbekiston | 15:04 / 26.12.2020
5940
2 daqiqa o‘qiladi

Dehqon xo‘jaligi o‘z mahsulotini qo‘shimcha ruxsatnomalarsiz sotish huquqiga ega ekani belgilanmoqda

2020 yil 26 dekabr kuni Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda deputatlar dehqon xo‘jaligini tashkil etish va yuritish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan “Dehqon xo‘jaligi to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda muhokama qildi.

Qonun loyihasida dehqon xo‘jaligini yuritish uchun 0,06 gektardan 1 gektargacha bo‘lgan o‘lchamda yer uchastkalari berilishi va undan ixtisoslashuvi asosida faqat qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish uchun foydalanishi kerakligi belgilanmoqda. Yerdan dehqon xo‘jaligi ixtisoslashuvida nazarda tutilmagan boshqa qishloq xo‘jaligi ekinlarini asosiy qishloq xo‘jaligi ekinlari qator oralariga ekish yoki asosiy va boshqa qishloq xo‘jaligi ekinlarini navbatlab ekish yo‘li bilan yetishtirish uchun ham foydalanilishi mumkinligi nazarda tutilyapti.

Shuningdek, hujjatga ko‘ra, dehqon xo‘jaligini yuritish uchun berilgan yer uchastkasida bino va inshootlar, shu jumladan, yerosti inshootlarini qurish taqiqlanmoqda. Bundan yengil konstruksiyali issiqxona va boshqa shu kabi qurilmalar, shuningdek, sug‘orish inshootlarini qurish mustasno. Yer uchastkasida qishloq xo‘jaligi mahsulotini yetishtirish bilan bir vaqtda 10 boshdan ortiq bo‘lmagan miqdordagi chorva molini o‘tlatishga yo‘l qo‘yiladi. O‘z tasarrufidagi yer uchastkasidan xo‘jasizlarcha foydalanish yoki ularning yaroqsiz holga kelib qolishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Dehqon xo‘jaligi tomonidan qishloq xo‘jaligi ekinlarini ekish ixtisoslashuvga ko‘ra amalga oshirilmagan taqdirda, yer solig‘i uch baravar miqdorda undiriladi. Bu, deputatlarning qayd etishicha, yerdan samarali va oqilona foydalanishga xizmat qiladi.

Qonun loyihasida dehqon xo‘jaligi o‘z qishloq xo‘jaligi mahsulotini dalasida, dehqon bozorlarida va savdo markazlarida, shuningdek, aholi punktlarida sayyor savdo tashkil etish yo‘li bilan qo‘shimcha ruxsatnomalarsiz realizatsiya qilish huquqiga egaligi belgilanmoqda. Dehqon xo‘jaligi tomonidan o‘z qishloq xo‘jaligi mahsulotini realizatsiya qilishdan olgan daromadlariga soliq solinmasligi nazarda tutilyapti.

Mavzuga oid