O‘zbekiston | 16:29 / 26.12.2020
41553
2 daqiqa o‘qiladi

Jizzaxda 2 milliard so‘mlik davlat buyurtmasini tanlovda yutgan korxona viloyat hokimining qiziga tegishli ekani tasdiqlandi

Jizzax shahridagi ko‘chalarga manzarali daraxt va gullar ekish bo‘yicha buyurtmani yutgan korxona viloyat hokimi Ergash Soliyevning qiziga tegishli ekani haqidagi xabar shov-shuvlarga sabab bo‘ldi. Kun.uz muxbirining aniqlashicha, korxona rahbarlaridan biri chindan Jizzax viloyati hokimi Ergash Soliyevning qizi Nargiza Soliyeva bo‘lgan.

Jizzax viloyati hokimi Ergash Soliyev / Foto: KUN.UZ

Kun.uz'ning prokuraturadagi manbasi Jizzax shahri Sharof Rashidov ko‘chasiga manzarali daraxtlar va mavsumiy gullar ekish uchun tanlovda g‘olib bo‘lgan «My Flower» MChJning ta'sischilaridan biri Soliyeva Nargiza Ergashevna Jizzax viloyati hokimi Soliyev Ergash Alibekovichning qizi ekanligi tasdiqladi.

Oldinroq Jizzax viloyati hokimligi huzuridagi «Yagona buyurtmachi xizmati» injiniring kompaniyasi 2020 yil noyabr oyida Jizzax shahri ko‘chalarini ko‘rkam qiyofaga keltirish va obodonlashtirish maqsadida Sharof Rashidov ko‘chasiga manzarali daraxtlar va mavsumiy gullar ekish uchun buyurtmachilarni tanlab olish maqsadida tanlov e'lon qilgani, qariyb 1 milliard so‘mlik davlat buyurtmasini «My Flower» MChJ yutgani ma'lum bo‘lgandi. Bu korxona 1,069 milliard so‘mlik Jizzax ko‘chalariga gullar ekish bo‘yicha boshqa bir tanlovni ham yutgan.

Bu ishlar uchun mablag‘ viloyat hokimi Ergash Soliyev farmoyishi bilan mahalliy budjetning oshirib bajarilgan qismidan ajratilgan.

Ma'lumot uchun, «My Flower» MChJning 50,8 foiz ulushiga Soliyeva Nargiza Ergashevna, 49,2 foiziga esa Xolmo‘minov Zohidjon Xolmurod o‘g‘li egalik qiladi.

Kun.uz muxbiri Nargiza Soliyevaning turmush o‘rtog‘i bilan telefon orqali suhbatlashdi. U rafiqasi Nargiza Soliyeva chindan Jizzax viloyati hokimi Soliyev Ergash Alibekovichning qizi ekanini, holat yuzasidan intervyu berishga ham tayyorligini ma'lum qildi.

Oldinroq Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi ham ushbu holat yuzasidan so‘rov yuborganini ma'lum qilgandi.

Mavzuga oid