O‘zbekiston | 17:10 / 30.12.2020
11597
11 daqiqa o‘qiladi

Gazlidagi gaz konlariga press-tur

Buxoro shahridan Gazli hududiga yetib borguncha yengil mashinada qariyb ikki soat yo‘l yurasiz. To‘rt tomon ham cho‘l, qum barxanlari bilan o‘ralgan. Suv yo‘q; saksovulzor, yulg‘unzor, xolos. Qaqragan yalangliklarga qarab, bu joylarda nega yurganingizga hayron qolasiz. Tabiiyki, yozi ham, qishi ham o‘ziga xos bo‘ladi bu hududlarning.

24–25 dekabr kunlari «O‘zbekneftgaz» aksiyadorlik jamiyati tomonidan Buxoro viloyatiga press-tur tashkil qilindi. Tadbir davomida jurnalistlar Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi tabiiy gaz qazib olish konlari faoliyati bilan tanishdilar.

Safar Bahouddin Naqshband majmuasidan boshlandi. Xatmi Qur’on qilindi.

Ommaviy axborot vositalari vakillari gaz qazib olishni oshirish, qazib olish miqdorini nazorat qilish va tezkor qarorlar qabul qilish uchun tashkil etilgan Uchqir konidagi uglevodorod qazib chiqarish shtabiga yetib bordi.

Shtab ham cho‘lning o‘rtasida, hududda undan boshqa obekt, aholi yashash punkti yo‘q, faqat soha egalari. O‘sha joydan neft va gaz konlari tomon yo‘ltanlamas mashinalarda yo‘lga chiqiladi.

Ma’lumot o‘rnida aytish lozim, «O‘zbekneftgaz» aksiyadorlik jamiyatining Gazli neft gaz qazib chiqarish boshqarmasi tasarrufida 29 ta neft va gaz konlari mavjud. Shundan 22 ta kondan sanoat miqyosida tabiiy gaz qazib olinmoqda. Qolgan 7 ta konda geologik qidiruv va jihozlash ishlari davom etyapti. Ushbu konlarda 228 ta ishlatish quduqlaridan bir kunda 12,5 mln m3 gaz va 140 tonna gaz kondensati qazib olinadi.

Geologik qidiruv ishlari tugatilgan va bugungi kunda sinov tariqasida ishlatilayotgan konlardan biri «Andakli» koni hisoblanib, kondan joriy yilda 81 mln kub metr tabiiy gaz va 500 tonna gaz kondensati qazib olish rejalashtirilgan.

Dastlabki obekt «Andakli» koni bo‘ldi. Kondagi 5-sonli qidiruv qudug‘ida Yura qatlamining neft va gazga istiqbolliligini o‘rganish maqsadida burg‘ulash ishlari tugatilgan. Hozirgi kunda ishga tushirish uchun o‘zlashtirish jarayonlari olib borilayotgan quduq faoliyati bilan tanishildi.

Burg‘ulash ishlarini muvofiqlashtirish departamenti boshlig‘i Elyor Mamatov

«O‘zbekneftgaz» aksiyadorlik jamiyatining burg‘ulash ishlarini muvofiqlashtirish departamenti boshlig‘i Elyor Mamatov 5-sonli quduqni burg‘ulash jarayoni va uning zaxirasi haqida ma’lumot berdi. Mamatovning aytishicha, mazkur quduqda joriy yilning avgust oyida burg‘ulash ishlari boshlanib, dekabrning boshlarida jarayon yakunlangan. Quduqning chuqurligi – 2481 metr; u yerdan sutkasiga 426 ming kub gaz mahsuloti olinmoqda.

Press-tur qatnashchilari quduqlardan chiqayotgan gaz oqimining ishga tushirilish jarayoniga guvoh bo‘ldilar.

Mutaxassislarning aytishicha, quduqni o‘zlashtirishda mahsuldor qatlam ochilib, ishlatish quvurlari tushirib sementlangandan keyin sirtlar loy qatlami va sement bilan qoplanadi. Quduq tubi mexanik birikmalar, burg‘ulash qorishmalari va boshqa mexanik jismlardan tozalanib, normativ hujjatlar asosida 72 soat mobaynida mash’ala yoqib, sinov ishlari o‘tkaziladi.

Quduqni o‘zlashtirishning asosiy vazifalaridan biri mahsuldorlik yuqori bo‘lishi uchun quduqning bir xil va maksimal yuqori o‘tkazuvchanligini tiklashdir.

«Hojikazgan» koni «Andakli»dan 47 km masofada joylashgan. Joriy yilda 410 mln kub metr tabiiy gaz va 6,2 ming tonna gaz kondensati qazib olish rejalashtirilgan. Kon ishchilari 15 kun ish va 15 kun dam olish rejimida faoliyat yuritib, kunlik gaz qazib chiqarish barqarorligini ta’minlab turishadi. Kondagi 40-sonli quduqning ish tartibi, faoliyati bilan tanishildi.

Uglevodorod qazib chiqarish departamenti boshlig‘i Azizxon Rahmonov

«O‘zbekneftgaz» aksiyadorlik jamiyatining uglevodorod qazib chiqarish departamenti boshlig‘i Azizxon Rahmonovning aytishicha, «Hojikazgan» koni 2006 yilda ishga tushirilgan bo‘lib, quduqlar majmuasi 32 ta, shundan ishlayotgan quduqlar 23 tani tashkil etadi. Mazkur kondan olingan mahsulot Kulbeshkak–Uchqir gaz quvuri orqali Gazli gazni qayta ishlash zavodiga yetkazib beriladi. Zavodda tabiiy gaz oltingugurt birikmalaridan tozalanib, tarkibidan propan-butan aralashmasi ajratib olingandan so‘ng «O‘ztransgaz» magistral gaz quvurlariga yetib boradi.

Konlarni ishlatish departamenti boshlig‘i Sirojiddin Mallayev

Shuningdek, mazkur kon tarkibida bo‘lgan 22-sonli quduqda olib borilayotgan mukammal ta’mirlash ishlari bilan tanishildi. «O‘zbekneftgaz» aksiyadorlik jamiyatining konlarni ishlatish departamenti boshlig‘i Sirojiddin Mallayevning aytishicha, gazni yer tubidan olib chiqadigan nasos quvurlarda nosozlik paydo bo‘lishi, qum va tuz bilan to‘lib qolishi, suvlanganlik darajasi oshib borishi natijasida kunlik qazib olish miqdori tushib ketadi. Mana shunday jarayonlarda mahsuldorlikni tiklash maqsadida quduqlarda mukammal ta’mirlash ishlari olib boriladi.

Cho‘l hududida gaz qazib olishni ta’minlash va ta’mir ishlarini olib borishda ishchi-xodimlar uchun zarur sharoitlar yaratilgan. Qiziq tomoni, gazchilar ovqat tayyorlashda gazdan foydalana olmaydi. Konlardagi har bir quduq bir biridan uzoq masofada joylashgan bo‘lsa-da, quduqda ishlarni olib borish uchun elektr uzatkichlar tortib kelingan. Ovqat tayyorlash uchun elektr pechkalardan foydalaniladi.

Ishchi-xodimlar quduqlarni ta’mirlash ishlarini tugatish uchun cho‘l hududida ko‘chib yuradigan vagon uylarda yashab turishadi. Vagon uylar oldida non yopish uchun tandir-o‘choq o‘rnatilgan.

Shuningdek, «Savatli» konidagi uchta quduqda burg‘ulash ishlari olib borilmoqda. Burg‘ulash dastgohi maydoniga chiqib, u yerdagi ish jarayoni bilan tanishildi.

14-sonli quduqda endigina burg‘ulash dastgohlari o‘rnatilgan va 150-200 metr chuqurlikka yetib borilgan. Ma’lum bo‘lishicha, burg‘ulash jarayonining o‘zi bir necha oyga cho‘zilishi mumkin.

Kulbeshkak gazni dastlabki tayyorlash qurilmasi faoliyati bilan ham tanishildi. Uglevodorod qazib chiqarish departamenti boshlig‘i Azizxon Rahmonovning aytishicha, Kulbeshkak gazni dastlabki tayyorlash qurilmasi ikkita navbatdan iborat bo‘lib, birinchi navbatida oltingugursiz gazlar suyuqlikdan tozalanib, Gazli gazni qayta ishlash zavodiga 31 km uzunlikdagi gaz quvurlari orqali yetkazib beriladi.

Ikkinchi navbati joriy yilda «O‘zbekneftgaz» AJning belgilagan manzilli dasturi asosida qurib ishlatishga topshirilgan bo‘lib, uning asosiy vazifasi «Dayaxotin», «Hojikazgan», «Savatli» va «Mirkomilquduq» konlaridan qazib olinayotgan tabiiy gazni suyuqlikdan tozalab, Gazli gazni qayta ishlash zavodiga barqaror yetkazib berilishini ta’minlashdan iborat.

Ushbu qurilmalarda gaz tarkibidagi suyuqlikni ajratib olish uchun maxsus separator idishlari mavjud bo‘lib, separator idishlari ichida gaz tarkibidan qatlam suvlari va gaz kondensati alohida ajratib olinadi. Ajratib olingan qatlam suvi ekologik jihatni yaxshilash maqsadida alohida quduqlar orqali boshqa qatlamga haydaladi. Ajratib olingan gaz kondensati avtomashinalarga yuklanib, kondensatni yig‘ish parkiga yetkazib beriladi.

Kulbeshkak konidan gaz kondensatini olib ketish va tegishli manzilga yetkazib berish uchun 400 km masofa bosib o‘tiladi.

Press-turning birinchi kuni yakunlandi. Ertasi kuni, 25 dekabrda Gazli gazni qayta ishlash zavodi ochildi.

Zavodning ochilish marosimida «O‘zbekneftgaz» aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev, Buxoro viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Botir Zaripov va viloyat jamoatchiligi, soha yetakchilari qatnashdi.

Umuman, Gazli hududida, mamlakatimizda neft va tabiiy gaz zaxiralarimiz qancha? O‘zimizga yetarlimi? Geologiya, qidiruv ishlari qay darajada? Ushbu sohada qanchalik bilimga egamiz? Shu kabi savollar bilan «O‘zbekneftgaz» AJ raisining geologiya bo‘yicha o‘rinbosari Qobil To‘xtayevga murojaat qildik.

«O‘zbekneftgaz» AJ raisining geologiya bo‘yicha o‘rinbosari Qobil To‘xtayev

«O‘zbekistonda uzoq yillar davomida geologiya-qidiruv ishlari bilan umuman shug‘ullanilmagan. Ta’bir joiz bo‘lsa, sohaga e’tibor qaratilib, so‘nggi uch yilda 20 ta kon ochildi. Birgina Gazli hududida 8 ta kon ishga tushdi.

2020 yilga 20 mlrd kub gaz zaxirasini yaratish, 25 ta quduqda burg‘ulash ishlarini yakunlash reja qilingan. Ammo bu yetarli emas. 2021 yilda ish unumdorligi ikki barobarga oshishi ko‘zda tutilmoqda. Ya’ni tabiiy gaz zaxirasini 35 mlrd kubga oshirish, 50 ta quduq, 19 ta konni ishga tushirish rejalashtirilyapti.

Geologlarimiz uchta yo‘nalish bo‘yicha ish olib boryapti. Xususan, Ustyurt hududida ancha chuqurlikdan, 4000 metrdan gaz olishga erishildi. Shuningdek, mavjud konlarning yanayam pastiga tushilyapti. Bu tabiiyki, xarajatlarning tejalishiga xizmat qiladi.

Gazli hududida esa nisbatan yuqori qatlamdan gaz qazib olinyapti va bu ham o‘ziga xos imkoniyatlarni ochib bermoqda», – dedi Qobil To‘xtayev.

Gazli hududida o‘tgan ikki kunlik safar davomida gazning «tug‘ilishiga» guvoh bo‘ldik. U yerning bag‘ridan qanday olinyapti, qaysi jarayonlardan o‘tyapti, kimlarning mehnati, zahmati yotibdi – bularning hammasi muhim, albatta.

Taniqli geolog bilan suhbat davomida bildikki, hozircha Gazli hududida o‘zlashtirilayotgan kon va quduqlarda qancha miqdorda gaz zaxirasi mavjudligi ham ma’lum emas. Shunisi aniqki, sohaga o‘zimizning mutaxassis-olimlarimiz tobora ilmiy yondashib kirib bormoqda.

Yangi yo‘nalishlarda ishlar qilinyapti. Birgina Gazli gazni qayta ishlash zavodining atigi 11 oy davomida qurilib ishga tushirilishi muhim voqea. Ya’ni Gazli hududida birinchi marta suyultirilgan gaz ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilmoqda.

Jurnalist Isomiddin Po‘latov

Mavzuga oid