O‘zbekiston | 19:45 / 06.01.2021
11279
2 daqiqa o‘qiladi

«Tanqidga nisbatan reaksiya avvalgidek emas» - 2020 yildan xulosalar

«Kun. Munosabat» ruknining navbatdagi sonida jurnalist Jamshid Niyozov 2020 yildagi kuzatishlari, ro‘y berayotgan jarayonlardan o‘z xulosalari bilan o‘rtoqlashdi.

«Avvalgi bir necha yilda tanqidiy jurnalistik surishtiruv e’lon qilingan holatlarda, rasmiylar juda tezkorlik bilan bunga reaksiya bildirishar va o‘sha muammoning yechimini topishga harakat qilishar edi. Lavozimini boy berish qo‘rquvi yoki bir qator boshqa sabablar bo‘lgandir, balki nazorat mexanizmlari yaxshiroq ishlagandir.

Ming afsuski, 2020 yil davomida yoritilgan juda ko‘plab muammolar yechim topmay qoldi. Shu jihati odamning ko‘nglini xira qiladi.

O‘rinli tanqid nishoniga aylangan rahbarlarga ko‘plab holatlarda hech bir chora ko‘rilmasligi, qonun barchaga barobar va jazo muqarrar ekani ta’minlanmayotgani boshqa amaldorlarga ham ta’sir qilmay qolmayapti. Inson kuzatuvchan bo‘ladi; misol uchun, qing‘irligi oshkor bo‘lib qolgan boshqa hududdagi hamkasbi jazosiz qolayotganini ko‘rgan rahbar bundan o‘ziga yarasha xulosa chiqaradi albatta.

Pandemiya munosabati bilan tuzilgan jamg‘armalar pullari o‘marilishi bilan bog‘liq holatlar, shu kecha-kunduzda oshkor bo‘lib turgan tenderlardagi qing‘irliklar, korrupsion holatlar bunga yaqqol misol», – deydi Jamshid Niyozov.

To‘liq suhbatni Kun.uz'ning YouTube'dagi sahifasida tomosha qiling.

Mavzuga oid