Jamiyat | 18:02 / 07.01.2021
5741
3 daqiqa o‘qiladi

Moliya vazirligi: Urgutdagi maktablar ta'miri bo‘yicha deputatlik so‘roviga o‘z vaqtida javob berilgan

22 dekabr kuni Kun.uz'da Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlarining so‘rovlariga ijro hokimiyati vakillari beparvo qarayotgani mavzusida maqola e'lon qilingan edi.

Maqoladan qator organlar deputatlik so‘rovlariga bepisandlik bilan qarayotgani borasida bir necha deputatlarning fikrlari o‘rin olgan.

Ularning aytishicha, deputatlik so‘rovlariga javoblar kechikishi yoki shablon javoblar berilishi tez-tez uchrab turadi. Deputat G‘ayrat Abdiyev bir necha misollar keltirib, shular qatorida Moliya vazirligiga murojaatiga haligacha javob ololmayotganini aytgandi.

«Hududimda (Samarqand viloyati Urgut tumani) 3–4 yil avval ikkita sport binosi qurilishi boshlanib, keyinchalik moliyalashtirish to‘xtab qolgan. Davlat budjeti evaziga qurilishi boshlangan binolar shu holicha necha yildan beri yomg‘ir va qorlarda turibdi. Moliya vazirligi bu masalada qilgan murojaatimga javob bermadi», – degandi G‘ayrat Abdiyev.

plo_CbyN5cU4_pIC_8MqkzOI0gMUS8Ct.jpg (1000×650)
G‘ayrat Abdiyev

Moliya vazirligining Kun.uz'ga ma'lum qilishicha, o‘tgan yilning 5 noyabr kuni vazirlikka yuborilgan deputatlik so‘roviga 17 noyabr kuni javob qaytarilgan.

Vazirlik axborotiga ko‘ra, so‘rov Urgutdagi maktablarni qurish-ta'mirlash uchun mablag‘ ajratish masalasida bo‘lgan. Javob xatida mazkur ishlarning manzilli ro‘yxatlarini Xalq ta'limi vazirligi va boshqa qator tashkilotlar birgalikda shakllantirishi hamda davlat dasturlariga kiritishi belgilangani qayd etilgan.

«Samarqand viloyati Urgut tumanidagi umumta'lim maktablarini qurish-ta'mirlash bilan bog‘liq mavjud muammolarni o‘rgangan holda tasdiqlangan parametrlar doirasida kelgusi yillar uchun Investitsiya dasturlarini shakllantirishda inobatga olinishini maqsadga muvofiq deb hisoblaymiz», deyilgan vazirlik xatida.

Eslatib o‘tamiz, yuqoridagi maqolada hukumatning parlamentdagi vakolatli vakili Ma'rufjon Tojiboyev xususan Moliya vazirligiga ham taalluqli ayrim raqamlarni keltirgandi.

«Moliya va Energetika vazirliklari tomonidan so‘rovlarga 1 kundan 20 kungacha vaqtida javob berilmagan», – degandi u.

Hukumatning rasmiy vakili qo‘shimcha qilgandiki, aslida so‘rovlar mansabdor shaxsga yetib bormagan yoki aksincha, javob xatlari deputatlarga yetib bormay qolayotgan holatlar ham uchrab turadi.

Mavzuga oid