O‘zbekiston | 13:31 / 11.01.2021
8420
2 daqiqa o‘qiladi

Barcha hokimlarning moliya-iqtisodiyot bo‘yicha o‘rinbosarlari Toshkentdagi o‘qishga jalb etilgan

17 kun davomida boshqaruv organi vakillarining bilim va ko‘nikmalari oshiriladi. Avvalroq, Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov 12 nafar hokim o‘rinbosari attestatsiya sinovidan o‘tolmagani, 40ga yaqini esa o‘z lavozimida shartli ravishda qoldirilganini ma'lum qilgandi.

Joriy yilning 11- 27 yanvar kunlari Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabida Qoraqalpog‘iston vazirlar kengashi raisining, viloyatlar va barcha tuman (shahar) hokimlarining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosarlari uchun o‘quv seminar-trening tashkil etiladi.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, trening dasturidan prezident murojaatnomasidagi asosiy iqtisodiy rivojlanish yo‘nalishlari, kambag‘allikni qisqartirishda xalqaro tajribani o‘rganish, hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va ishsizlikni kamaytirish masalalari o‘rin olgan.

Shuningdek, aholini kasb-hunarga va tadbirkorlikka o‘qitish, bandlikni ta'minlash, tadbirkorlar bilan ijro hokimiyati o‘rtasidagi muammolar, xususiylashtirish hamda bo‘sh turgan bino-inshootlar va yer maydonlarini tadbirkorlarga belgilangan tartibda taqdim etish kabi mavzular o‘rganiladi. Kadastr, soliq, bojxona, davlat xaridlari tizimlari va boshqa masalalarda muhokama va ma'ruzalar tashkil etiladi.

Darslarni vazirlik va idoralar, Yevropa taraqqiyot va tiklanish banki, BMT Taraqqiyot dasturi ekspertlari, xorijiy va mahalliy mutaxassislar hamda malakali professor-o‘qituvchilar olib borishadi.

Avvalroq, Bosh vazir o‘rinbosari — Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorov hokim o‘rinbosarlari malakasini oshirish bo‘yicha o‘quv tashkil qilinishi, o‘rganishlarda ularning 12 nafari qo‘yilgan talabga javob bermagani, 40ga yaqini esa o‘z lavozimida shartli ravishda qoldirilgani haqida gapirgan edi.

Mavzuga oid