O‘zbekiston moliya tizimi uchun qanday xatarlar bor?
Moliya tizimidagi zaifliklar va xatarlarni baholash bo‘yicha o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalariga ko‘ra, tashqi geosiyosiy vaziyatning yomonlashuvi eng asosiy xatar deb topildi. Shuningdek, so‘rovnoma ishtirokchilari valuta kursining keskin o‘zgarishi, aholi qarz yukining ortishi, inflatsiyaning oshishi va kiberhujumlarni moliya tizimiga ta’sir qiluvchi asosiy xatarlar deb hisoblaydi.
Markaziy bank 2024 yil uchun moliyaviy barqarorlik sharhini e’lon qildi.
Regulyator 2024 yil iyun oyida O‘zbekiston moliya tizimida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan tizimli xatarlarni aniqlash hamda ularning ta’sir ko‘lamini baholash maqsadida 35 ta tijorat banklari (respondentlar) orasida navbatdagi so‘rovnomani o‘tkazgan.
So‘rovnoma natijalariga ko‘ra, respondentlar geosiyosiy xatarlar, valuta kursi o‘zgaruvchanligi, aholi qarz yukining oshishi, inflatsiyaning o‘sishi va kiberhujumlar bilan bog‘liq xavflarni moliya tizimi uchun asosiy xatarlar sifatida ko‘rsatgan. Joriy yilning yanvar oyida o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalari bilan taqqoslaganda eng dolzarb deya qayd etilgan xatar fokusi valuta kursi o‘zgaruvchanligidan geosiyosiy xatarlarga o‘tgan. O‘z navbatida, valuta kursi o‘zgaruvchanligi tizimli xatar darajasi bo‘yicha keyingi o‘ringa tushgan.
Har bir respondent tomonidan qayd etilgan 5 ta eng muhim tizimli xatarlar to‘plamining 45 foizi tashqi geosiyosiy xatarlar, 37 foizi valuta kursining keskin o‘zgaruvchanligi, 35 foizi aholi qarz yukining ortishi, 33 foizi inflatsiya sur’atining tezlashishi, 24 foizi kiberhujumlar bilan bog‘liq xatarlardan iborat.
Shuningdek, mamlakat moliyaviy tizimi barqarorligiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan xatarlar qatoriga yirik qarz oluvchilar defolti, iqtisodiy pasayish, likvidlilik xavfi, ko‘chmas mulk narxlari pasayishi hamda iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq xatarlar kiritilgan. Respondentlarning 46 foizi tizimli xatarlarning sodir bo‘lish ehtimollik darajasini qisqa muddatda (1 yilgacha) past, 43 foizi esa o‘rtacha baholagan. Shu bilan birga 51 foiz respondentlar o‘rta muddatli (1–3 yil) istiqbolda ushbu tizimli xatarlarning sodir bo‘lish ehtimoli o‘rtacha, 31 foizi esa yuqori bo‘lishini kutmoqda.
Respondentlarning 63 foizi o‘tgan qisqa davr uchun tizimli xatarlar darajasi o‘rtacha bo‘lganini, 54 foizi esa o‘tgan 1-3 yillar davomida ham o‘rtacha xatar darajasi saqlanib qolayotganini ta’kidlagan. Shu bilan birga, respondentlarning 60 foizi keyingi 3 yil davomida O‘zbekiston moliya tizimi barqarorligiga yetarlicha ishonch bildirgan. Ushbu ko‘rsatkich 2024 yilning yanvar oyida o‘tkazilgan so‘rovnoma natijasiga nisbatan 14 foiz bandga pasayganini ifodalaydi. Bundan tashqari, moliya tizimi barqarorligiga qisman ishonishini ta’kidlagan respondentlarning ulushi 37 foizni tashkil etgan.
Moliyaviy barqarorlik ko‘rsatkichlarining so‘nggi yarim yillikdagi o‘zgarishlari bo‘yicha so‘rovnoma natijalariga ko‘ra, respondentlarning 57 foizi kreditga bo‘lgan talab oshganini ta’kidlagan. Shuningdek, respondentlarning 46 foizi qisqa muddatli moliyalashtirish manbai oshganini qayd etgan. O‘z navbatida, respondentlarning 37 foizi uzoq muddatli moliyalashtirishning mavjudligi hamda banklararo likvidlilik holati ko‘rsatkichlari o‘zgarmagan deya baholagan.
Avvalroq, Xalqaro valuta jamg‘armasi missiyasi O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun ehtimoliy xatarlarni ma’lum qilgandi. Ekspertlar xulosasiga ko‘ra, Ukrainadagi urushning avj olishi, tovarlar narxlarining o‘zgaruvchanligi va jahon iqtisodiyotidagi stagnatsiya ehtimollari O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun tashqi xatarlarni tashkil etadi. Ichki xatarlar qatorida esa davlat xarajatlarini qisqartirish kechikishi, davlat-xususiy sheriklik bilan bog‘liq majburiyatlar yuzaga kelishi va boshqalar keltirib o‘tilgan.
Mavzuga oid
19:16 / 12.12.2024
“Eski namunadagi 100 dollarlik kupyuralarni ayirboshlashda cheklovlar yo‘q” – Markaziy bank
13:16 / 12.12.2024
Markaziy bank asosiy stavkani 13,5 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirdi
17:52 / 11.12.2024
Timur Ishmetov Markaziy Bank raisi etib tayinlandi
14:41 / 11.12.2024