O‘zbekiston | 21:22 / 11.01.2021
7709
3 daqiqa o‘qiladi

Vazir o‘rinbosari: O‘zbekistondagi ishsizlik darajasi 10 foiz atrofida

Pandemiyadan oldin normal ishsizlik ko‘rsatkichi 9,3-9,4 foizga teng edi. Bu ko‘rsatkich 2020 yil yarmiga borib 13 foizdan oshib ketdi. Sentyabr oxirida 11,1 foizga tushdi. Ayni paytda esa 10 foiz atrofida.

Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri o‘rinbosari Erkin Muhiddinov 11 yanvar kuni AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida O‘zbekistondagi ishsizlik darajasi haqida ma'lumot berdi, deya xabar qilmoqda Kun.uz muxbiri.  

Vazir o‘rinbosarining aytishicha, 2020 yilda ishsizlik darajasi keskin sur'atda oshgan. Ushbu o‘zgarish pandemiyaning salbiy oqibatlari bilan izohlanadi.

«O‘zbekistonda pandemiyadan oldin normal ishsizlik ko‘rsatkichi 9,3-9,4 foizga teng bo‘lgan bo‘lsa, o‘tgan yilning yarmiga borib 13 foizdan oshib ketdi. Sentyabr oxirida 11,1 foizga tushdi. Hozirda ishsizlik darajasi 10 foiz atrofida.

2020 yilda 1 million 32 ming jismoniy va yuridik shaxslarga xizmat ko‘rsatdik. Buning uchun bandlikka ko‘maklashish va jamoat ishlari jamg‘armasiga 677 milliard so‘m mablag‘ ajratildi.

O‘tgan yilda 362 ming ishsizlarni doimiy ish o‘rniga joylashtirdik. Bundan tashqari, pandemiyani hisobga olib vaqtinchalik ishlarga ham e'tibor qaratdik. O‘tgan yili 519 ming, ya'ni yarim million nafardan ortiq fuqarolar jamoat ishlariga jalb qilindi. Tadbirkorlik bo‘yicha 9900 aholi band qilindi», – dedi vazirlik rasmiysi.

Avvalroq, O‘zbekiston prezidenti parlamentga qilgan murojaatida kambag‘allikdan chiqib ketish maqsadlari uchun 2021 yilda bajarilishi ko‘zda tutilgan ishlar yuzasidan ma'lumot bergandi.  Ushbu maqsadda har bir tumanning imkoniyati va rivojlanish yo‘nalishidan kelib chiqib, dehqonchilik bilan shug‘ullanadigan oilalarga 10 sotixdan 1 gektargacha yer maydonlari ajratiladi.

Ehtiyojmand aholi bandligini ta'minlashga Bandlikka ko‘maklashish hamda Jamoat ishlari jamg‘armalaridan 500 milliard so‘m yo‘naltirilishi aytilgan.

2021 yilda jami 40-60 ming fuqaroning kasbiy malaka darajasini tasdiqlash rejalashtirilgan. Shu yili ishsizlik nafaqasi miqdori 3 barobargacha oshiriladi. Mazkur tizimning joriy etilishi natijasida Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan nafaqalar uchun 2021 yilga 50,0 milliard so‘m mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilgan.

Mavzuga oid