Fan-texnika | 00:41 / 13.01.2021
12542
3 daqiqa o‘qiladi

Telegram foydalanuvchilari soni uch kunda 25 millionga ko‘payib, 500 millionga yetdi

Foto: KUN.UZ

Telegram messenjerida faol foydalanuvchilar soni 500 million nafardan oshdi. Bu haqda Telegram asoschisi Pavel Durov o‘z kanalida e'lon qildi. Shuningdek, Telegram'ning o‘zi ham bu ma'lumotni foydalanuvchilarga xushxabar deb yubordi.

«Telegram'ning faol foydalanuvchilari soni 500 milliondan oshdi. Oxirgi 72 soat ichida Telegram'ga yana 25 million foydalanuvchi qo‘shildi. Rahmat, bu natijaga siz kabi do‘stlarini Telegram'ga taklif qilgan foydalanuvchilar evaziga erishdik. Agar oxirgi kunlarda bizga qo‘shilgan do‘stlaringiz bo‘lsa, ularni Telegram'ning ajoyib qulayliklaridan foydalangan holda – masalan, jonli stikerlar yoki videoxabar orqali tabriklashingiz mumkin», deyilgan Telegram foydalanuvchilarga yuborgan xabarda.

Durov o‘z kanalida yozishicha, oxirgi kunlardagi o‘sishning 38 foizi Osiyo qit'asiga, 27 foizi Yevropaga, 21 foizi esa Lotin Amerikasiga to‘g‘ri kelgan. Telegram'ga o‘tgan yil kuniga 1,5 million yangi foydalanuvchi qo‘shilgan vaqtlar ham bo‘lgan va bu galgi raqamlar barcha rekordlar yangilanganini ko‘rsatadi.

Durov bayonotida WhatsApp'ni tanqid qilishga ham ulgurdi: «Odamlar ortiq texnologik monopollar qo‘lida o‘yinchoq bo‘lishni, ma'lumotlari tarqalish xavfi bilan yashashni istamaydi. Endilikda yarim milliardli auditoriyaga ega Telegram xavfsizlikni xohlaydiganlar uchun qulay joyga aylandi. Biz bu mas'uliyatni tushunamiz va sizni uyaltirib qo‘ymaymiz».

Durov yangi foydalanuvchilarga 2018 yilgi murojaatini o‘qishni tavsiya qildi: «Telegram'dan bir necha yildan buyon foydalanayotganlar biz shaxsiy ma'lumotlarni saqlashda ishonchli bo‘lish bilan birga rivojlanishdan ham to‘xtab qolmaganimizni bilishadi. Telegram'ga yangi qo‘shilganlarga esa 2018 yilgi postimni o‘qishlarini tavsiya qilaman:

Siz – foydalanuvchilarga xizmat ko‘rsatish bizning asosiy maqsadimiz bo‘lgan va shunday bo‘lib qoladi. Telegram'ning bo‘ysunadigan, hisob beradigan reklamachilari yoki aksionerlari yo‘q. Biz hech qanday tashkilot va davlat idoralari bilan hamkorlik qilmaymiz. 2013 yil avgustda ochilganimizdan buyon uchinchi tomonga bir bayt ham ma'lumot bermaganmiz.

Bunday qilishimizdan maqsad shuki, Telegram'ni shunchaki ilova deb emas, g‘oya deb bilamiz. G‘oyaki, sayyoradagi har bir insonning huquqi himoyalanishi kerakligini targ‘ib qiluvchi g‘oya», deb yozgandi Durov o‘sha postida.

Oldinroq Facebook 2019 yilda 19 milliard dollarga sotib olgan WhatsApp endilikda foydalanuvchilarning shaxsiy ma'lumotlari Facebook'ga yuborilishini ma'lum qilgandi. Bu ko‘pchilikning noroziligiga sabab bo‘lib, odamlar yoppasiga WhatsApp'dan Telegram'ga o‘ta boshlagandi.

WhatsApp'ning yangi siyosati sabab Telegram foydalanuvchilari soni keskin ko‘paya boshladi

Mavzuga oid