Jahon | 21:19 / 09.12.2024
2069
2 daqiqa o‘qiladi

Ukraina rasmiylari Telegram ilovasidan foydalanishni kamaytirdi – OAV

Hozir ko‘plab muhim aloqalar Signal kabi shifrlangan ilovalarda amalga oshirilayotgani ta’kidlanmoqda.

Foto: The New York Times

Ukraina rasmiylari bu yilgi kiberxavfsizlik bo‘yicha maxfiy yig‘ilishda Telegram mobil ilovasiga cheklovlar qo‘yish masalasini muhokama qildi, deb yozdi The New York Times (NYT) bu borada xabardor ikki kishiga tayanib.

Ukraina xavfsizlik xizmati (SBU) ilova mamlakat xavfsizligiga xavf tug‘diradi va Rossiya undan dezinformatsiya, kiberhujumlar, hakerlik, josuslik va raketa zarbalarini yanada aniqroq nishonga olish uchun foydalanmoqda, degan xulosaga keldi.

Qayd qilinishicha, endi Ukraina rasmiylari Telegram ilovasiga kamroq tayanishga harakat qilmoqda. Sentyabr oyida rasmiylar harbiy xizmatchilar, yuqori martabali amaldorlar va muhim infratuzilma bilan bog‘liq bo‘lgan xodimlarga xabar almashish ilovasidan foydalanishni cheklashni buyurgan. Hozir ko‘plab muhim aloqalar Signal kabi shifrlangan ilovalarda amalga oshirilmoqda, deb ta’kidladi NYT.

«Biz qaram ekanligimizni tushunamiz», deb tan oldi Ukraina parlamenti a’zosi Yaroslav Yurchishin nashrga. Mamlakat uchun messenjerdan voz kechish oson bo‘lmaydi: ukrainaliklarning qariyb 70 foizi yangiliklarni Telegram kanallaridan o‘qiydi.

Oktyabr oyida Ukraina TV va radio milliy kengashi Telegram messenjerini butunlay blokirovka qilishni talab qildi, xuddi «Odnoklassniki», «VKontakte», Yandex va Mail.ru kompaniyalarining barcha xizmatlari avvalroq bloklangani kabi.

Shu yilning fevral oyida Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi qoshidagi Dezinformatsiyaga qarshi kurash markazi rahbari Andriy Kovalenko «Ukrainada Telegram ilovasini taqiqlash/bloklash imkonsiz», deb aytgan edi.

Mavzuga oid