Jahon | 11:44 / 17.01.2021
17598
5 daqiqa o‘qiladi

AQSh Baydenning inauguratsiyasi va Tramp tarafdorlari namoyishlariga tayyorlanmoqda

Saylangan prezident Jo Baydenning inauguratsiya marosimi o‘tkaziladigan haftadan oldingi dam olish kunlarida Amerikadagi 50 shtat va Kolumbiya okrugi ro‘y berishi mumkin bo‘lgan tartibsizliklar va namoyishlarga tayyorgarlik holatida turibdi.

Foto: Getty Images

6 yanvar kuni bir necha kishi o‘limiga sabab bo‘lgan tartibsizliklar takrorlanishining oldini olish uchun mamlakatning barcha hududlaridan Milliy gvardiya jangchilari  Vashingtonga yo‘naltirilgan. O‘shanda Donald Trampning tarafdorlari bo‘lgan bir necha yuz kishi Kapitoliyni qamal qilib, ichkariga bostirib kirishgandi.

FQB barcha shtatlarning markazlarida Trampning qurollangan tarafdorlari tomonidan marshlar o‘tkazilishi mumkinligidan ogohlantirgan.

Muzeylar va tarixiy obidalar joylashgan Vashington milliy xiyoboni keluvchilar uchun yopib qo‘yilgan. Ko‘chalarda to‘siqlar o‘rnatilgan.

«Men qishloqi yigitman»
Kapitoliy politsiyasi juma kuni Virjiniyadan bo‘lgan yigitni qo‘lga oldi, u o‘z mashinasida inauguratsiya marosimiga ishtirok etish uchun tayyorlangan soxta propusk bilan Vashington markaziga kirishga uringandi. CNN telekompaniyasi ma'lumotiga ko‘ra, uning yonidan 500dan ortiq o‘q va o‘qlangan to‘pponcha topilgan.

Telekanal ma'lumotiga ko‘ra, politsiyachilarning so‘roviga javoban u o‘zida Glock rusumli yarimavtomat to‘pponcha borligini tasdiqlagan. Yakunda u noqonuniy qurol va o‘q-dori saqlash tufayli qo‘lga olingan.

U bamperiga o‘qotar qurolga oid bir necha nakleykalar yopishtirilgan pikapda harakatlangan. Ulardan birida shunday deyiladi: «Agar ular sizning qurolingizni olish uchun kelishsa, avvaliga o‘z o‘qlaringizni bering». Bu haqda sud hujjatlariga asoslangan holda Reuters agentligi yozgan.

Keyinroq ma'lum bo‘lishicha, uni qo‘yib yuborishgan. Kapitoliy politsiyasi qo‘lga olingan shaxsda nodavlat tashkilot tomonidan berilgan shaxsni tasdiqlovchi hujjat bo‘lganini ma'lum qilgan.

U Washington Post muxbiri bilan suhbatda xususiy qo‘riqlash firmasida ishlashini aytib o‘tgan. «Men Vashingtonda adashib qolganimdan keyin nazorat-o‘tkazish punktiga keldim, chunki men qishloqdan chiqqan yigitman. Men ularga o‘zimga berilgan inauguratsiya marosimi belgisini ko‘rsatdim», degan u.

Baydenning jamoasi amerikaliklarni koronavirus pandemiyasi tufayli poytaxtga oshiqmaslikka chaqirgan, mahalliy amaldorlar esa inauguratsiya marosimini televideniye yoki internet orqali kuzatishni tasviya qilmoqda.

Yakshanba kuni keng ko‘lamli namoyishlar o‘tkazilishi kutilmoqda - bu haqda Trampning tarafdorlari va ultrao‘nglarning forumlarida aytilgan. Faollar odamlarni ko‘chaga namoyish o‘tkazish uchun chiqishga va inauguratsiya kuni Vashingtonda marsh o‘tkazishga chaqirmoqda.

Ayrimlar esa, aksincha, respublikachilarning tarafdorlarini ko‘chaga chiqmaslikka chaqirib, aksiya o‘tkazish tashabbuslari politsiyachilarning «qopqoni» bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirishmoqda.

Yakunlangan hafta davomida Tramp AQSh tarixidagi ilk ikki marta impichmentga uchragan prezident bo‘lgandi. Senat bu bo‘yicha muhokamani yangi prezident inauguratsiyasidan keyin o‘tkazadi.

Shtatlar qanday xavfsizlik choralari ko‘rishmoqda

Shtatlar turlicha ehtiyotkorlik choralarini ko‘rishmoqda - hukumat organlari binolari derazalarini fanerlar bilan yopishdan tortib mitinglarni taqiqlashgacha.

Merilend, Nyu-Meksiko va Yuta rasmiylari aksiyalar arafasida favqulodda holat joriy etgan.

Kaliforniya, Pensilvaniya, Michigan, Virjiniya, Vashington, Viskonsin va boshqa shtatlar Milliy gvardiyani shay holatga keltirgan, Texasda esa mahalliy Kapitoliy binosi vaqtinchalikka yopib qo‘yilgan.

Texas jamoat xavfsizligi departamenti direktorining so‘zlariga ko‘ra, ekstremistlar «jinoyat sodir etish» uchun rejalashtirilgan namoyishlar o‘tkazishi haqida ma'lumot kelib tushgan.

Virjiniya gubernatori Ralf Nortam matbuot anjumanida shunday dedi: «Agar bu yerga yoki Vashingtonga yomon niyat bilan kelayotgan bo‘lsangiz, zudlik bilan ortga qaytishingiz kerak. Bu yerda sizni quchoq ochib kutib olishmaydi. Agar bu yerga kelib nimadir yomon ish qilmoqchi bo‘lsangiz, Virjiniya barchasiga tayyor turadi».

Ekspertlar saylovoldi kampaniyasi davridagi qarama-qarshiliklar dushmanona ruhda kechgan, natijalar ham bahsli bo‘lgan hududlarda zo‘ravonlik holatlari qayd etilishi ehtimolini yuqori baholashmoqda. Shu tufayli Michiganda Kapitoliy binosi atrofini ikki metrli to‘siq bilan o‘rab olishgan.

«Biz voqealar rivojining har qanday yo‘nalishiga tayyormiz, ammo umid qilamizki, Kapitoliy atrofida namoyish qilishni istaganlar tinchlikni saqlashga rioya etishlariga umid qilamiz», degan shtat politsiyasi rahbari Jo Gasper. Uning so‘zlariga ko‘ra, fevral oyi o‘rtalariga qadar binoda kuchaytirilgan xavfsizlik choralari amalda bo‘ladi.

Mavzuga oid