Jahon | 10:07 / 19.01.2021
37673
2 daqiqa o‘qiladi

Sahroyi Kabir qor bilan qoplandi 

Dunyodagi eng katta cho‘l – Sahroyi Kabirda bu hudud uchun noodatiy hodisa kuzatilmoqda: yanvarda o‘rtacha havo harorati 20 darajadan yuqoriroqni tashkil qiladigan cho‘lda harorat minus darajagacha tushib ketib, qor yog‘di.    

Foto: instagram.com/kaaarimo

Fotosuratchi Karim Buchetata ushbu noodatiy hodisa suratlari bilan Instagram’da bo‘lishdi. U  Jazoirdagi Ayn-Safra shahri yaqinida qor bilan qoplangan cho‘lni, Saudiya Arabistoni shimolidagi Tabuk shahrida qor bilan qoplangan cho‘lda yurgan tuyalar va qo‘ylarni suratlarda muhrladi.

Ayn-Safra Sahroyi Kabir chekkasida joylashgan bo‘lib, u “Cho‘l darvozasi” deb ham ataladi. Bu hududda 2017 va 2018 yillarda ham qor kuzatilgan. Bungacha esa qorli ob-havo 1979 yil fevraldagina qayd qilingan. 

The Sun nashrining ta'kidlashicha, Sahroyi Kabirda yilning issiq vaqtida harorat +50 darajagacha ko‘tarilib, sovuq vaqtida 12 darajagacha pasayadi. Ammo joriy yanvarda harorat me'yordagidan ancha pastlab, 0 darajadan tushib ketgan.

Saudiya Arabistonida yanvar eng sovuq oy hisoblanib, o‘rtacha harorat 20 daraja iliqni tashkil qiladi. Tabuk esa mamlakatning eng sovuq hududlaridan biri hisoblanadi. 10 yanvarda ushbu tog‘li hududda kuchli qor yog‘gan. Shuningdek, Livan, Suriya va Eron ham qor bilan qoplangan.


Mutaxassislarning ta'kidlashicha, cho‘lning keskin iqlimi va qurg‘oqchil ekaniga qaramay, u 15 ming yildan keyin yana o‘simliklar bilan qoplanadi.

Mavzuga oid