O‘zbekiston | 18:58 / 20.01.2021
31258
6 daqiqa o‘qiladi

Avtomobillar uchun elektron sug‘urta polisi nima va u qanday qulaylikka ega?

2021 yil 1 martdan boshlab transport vositalarini majburiy sug‘urtalash «E-polis» orqali amalga oshirilishi mumkin. Bu tizimda nimani o‘zgartiradi?

2020 yil 14 dekabrda Vazirlar Mahkamasining «Elektron turdagi sug‘urta xizmatlari ko‘rsatish tartibini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori qabul qilingan.

Hujjatga muvofiq, «E-polis» (elektron sug‘urta xizmati) – bu sug‘urta polisining internetdan sotib olingan va elektron shaklda muomalaga chiqarilgan ko‘rinishi. «E-polis»ni sotib olish uchun internetga ulangan kompyuter, noutbuk, smartfon yoki boshqa qurilmaga ega bo‘lishning o‘zi kifoya hisoblanadi. Yuridik jihatdan elektron va qog‘oz shaklidagi polis bir xil kuchga ega.

«E-polis»ning afzalliklari haqida

1. Vaqt va mablag‘ iqtisod qilinadi. Mazkur sug‘urta polisini sotib olish uchun faqatgina internetga ulanishning o‘zi kifoya, sug‘urta kompaniyasiga borish talab etilmaydi, shuningdek, onlayn to‘lov qilish imkoniyati mavjud. Bundan tashqari, polisning xarajatlari amaldagi sug‘urta turlariga nisbatan birmuncha arzon bo‘lishi kutilmoqda.

2. Elektron hujjatni, ya'ni polisni yo‘qotib qo‘yish xavotirli emas. Polis rasmiylashtirilgandan so‘ng, «E-polis»ni sug‘urta qildiruvchi istagan paytda o‘zining mobil qurilmasiga qaytadan yuklab olishi yoki tekshirishi mumkin. Buning uchun SMS-xabarnoma yuborilgan raqam yoki elektron pochta manzilini ko‘rsatishning o‘zi yetarli.

Ma'lumot uchun: Qog‘oz shaklidagi polis yo‘qotib qo‘yilsa, sug‘urta kompaniyasi ofisiga borish va belgilangan 10 foiz jarima to‘lash so‘raladi. Yangi turdagi polisda bu shart mavjud emas.

3. «E-polis»ni rasmiylashtirishda firibgarlik qurboni bo‘lish ehtimoli minimal darajada bo‘ladi (qog‘oz shaklidagi polis sotib olishda sug‘urta agenti tomonidan aldanish ehtimoli mavjud).

4. Faqatgina bir nechta yoki deyarli bitta sug‘urta kompaniyasining ofisi mavjud bo‘lgan olis hududlardagi fuqarolar uchun eng afzal sug‘urta kompaniyasini tanlash va aynan o‘zi xohlagan kompaniya bilan sug‘urta agentlari ishtirokisiz to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnoma tuzish imkoniyati yaratiladi.

5. Sug‘urta mukofoti tizimdagi sug‘urta hisoblagichi yordamida taqdim etilgan ma'lumotnoma asosida avtomatik hisoblanadi.

O‘z navbatida Sug‘urta kompaniyalari ham xodimlarning ish haqi hamda agentlarning xizmat haqlari bo‘yicha xarajatlarini sezilarli darajada pasaytiradi.

«E-polis»  qanday rasmiylashtiriladi?

Jarayon juda sodda. Sug‘urtalovchining veb-saytiga o‘tiladi va arizadagi ma'lumotlar (PINFL, pasport ma'lumotlari), transport vositalarining ma'lumotlari (davlat raqami, seriyasi va ro‘yxatdan o‘tish raqami), boshqaruvga ruxsat berilgan haydovchilar to‘g‘risidagi ma'lumotlar (PINFL, pasport ma'lumotlari) to‘ldiriladi.

Agar fuqaro chegirmaga va buni tasdiqlovchi ma'lumotlarga ega bo‘lsa, tegishli belgi qo‘yiladi va qolgan ma'lumotlar integratsiyalashgan ma'lumotlar bazalaridan avtomatik ravishda olinadi. Sug‘urtalovchi arizada ko‘rsatilgan ma'lumotlarni tekshiradi. Barcha ma'lumotlar tasdiqlangan va «E-polis» uchun to‘lov amalga oshirilgan taqdirda, ma'lumotlar yagona axborot tizimiga yuboriladi, u yerda polisning noyob raqami yaratiladi va ro‘yxatdan o‘tkaziladi.

Ushbu jarayon tugagandan so‘ng, sug‘urta qildiruvchiga polis muvaffaqiyatli rasmiylashtirilganligi to‘g‘risidagi va uning elektron nusxasiga havola ko‘rsatilgan SMS-xabar keladi.

 Qaysi sug‘urta kompaniyalari «E-polis» sotishga haqli?

«E-polis»ni Sug‘urta to‘lovlarini kafolatlash jamg‘armasiga a'zo bo‘lgan sug‘urta kompaniyalari sotish huquqiga ega. Sug‘urta kompaniyalar ro‘yxati bilan Jamg‘armaning rasmiy veb-saytida (tkj.uz) yoki insuranceportal.uz manzilida ro‘yxatdan o‘tkazilgan «O‘zbekiston yagona sug‘urta portali»da tanishish mumkin.

Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xodimi transport vositalari majburiy sug‘urta polisini qanday tekshiradi?

«E-polis»ni Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xodimlariga taqdim etish uchun sug‘urta qildiruvchi uni qog‘ozga chiqarib olishi yoki elektron qurilmada (mobil telefon, planshet va boshqalar) taqdim etishi shartligi  belgilangan. O‘z navbatida huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining ixtiyorida sug‘urta polisining haqiqiyligini tekshirish uchun elektron moslamalar mavjud bo‘lishi ko‘zda tutilgan.

«E-polis»ni qanday sug‘urta turlari bo‘yicha sotib olish mumkin bo‘ladi?

Qabul qilingan qarorga asosan, transport vositalarini majburiy sug‘urtalash bo‘yicha «E-polis»ni 2021 yil 1 martdan sotib olish mumkin.

Ma'lumot uchun, 2019 yil 2 avgustda «O‘zbekiston Respublikasining sug‘urta bozorini isloh qilish va uning jadal rivojlanishini ta'minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident qarori imzolangandi.

Qarorda sug‘urtaning ayrim turlari bo‘yicha elektron polislarni («E-polis»), shu jumladan, internet, mobil ilovalar, infokiosklar orqali rasmiylashtirish mexanizmini joriy etish, ularni qog‘oz shaklidagi sug‘urta shartnomalariga (polislariga) tenglashtirish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilgandi.

Mavzuga oid