O‘zbekiston | 09:11 / 21.01.2021
27932
7 daqiqa o‘qiladi

AQShda o‘qish uchun 100 ming dollarga yaqin grant yutgan Firdavs Abduqayumov: «Muhimi – vaqtni behuda o‘tkazmaslik»

Firdavs Abduqayumov Toshkent shahridagi prezident maktabining 11-sinfida o‘qiydi. Hali 17 yosh bo‘lishiga qaramay, AQShning ikki universitetiga grant asosida o‘qishga qabul qilindi. Grant miqdori Ksave universitetida 89 ming, Jon Keroll universitetida esa 96 ming dollarni tashkil etadi.

Firdavs Kun.uz muxbiri bilan suhbatda AQShga o‘qishga kirishi qanday bo‘lgani va kelgusidagi rejalari haqida gapirib berdi.

«Hujjat topshirishdagi eng muhim jarayon – insho»

— AQShda o‘qish uchun hujjat topshirish fikri yoz oylarida kelgan edi. O‘sha paytdayoq u yerdagi universitetlar, ularning talablari va hujjat topshirish jarayonlari haqidagi ma’lumotlar bilan tanishib chiqa boshladim.

Ko‘p o‘tmay commonapp.org platformasi haqida bilib oldim. Bu platforma AQShdagi oliygohlarga kirish uchun talab etiladigan barcha hujjatlar, sertifikat va shaxsiy yutuqlarni yuklash, ko‘ngildagidek portfolio va anketa tayyorlash imkonini beradi.

AQShdagi nufuzli universitetlarga hujjat topshirish jarayonidagi eng murakkabi va e’tibor qaratish muhim bo‘lgan jihat bu – inshodir.

AQSh oliygohlari sizning baholaringizga qaramaydi, chunki butun dunyo bo‘ylab juda yaxshi akademik ko‘rsatkichga ega minglab nomzodlar bor. Siz butun dunyodan hujjat topshiruvchi nomzodlar bilan raqobatlashasiz. Shuning uchun oliygohlar bahosi yaxshi bo‘lganlarni emas, o‘zlariga mos keladigan shaxslarni izlashadi.

Insho shaklida yoki konferensmuloqot shaklida sizga turli savollar berishlari mumkin. Mana shu savollarga javob berish asnosida o‘zingizni ko‘rsata olishingiz muhim. Qanday inson ekaningiz, o‘ziga xosliklaringiz haqida gapirib berishingiz kerak. Shunda universitet sizning xarakteringiz va shaxsiyatingiz bo‘yicha xulosalar qilib, ularga mos kelish-kelmasligingizni aniqlaydi.

AQSh universitetlariga grant yutib olgani uchun 2020 yil dekabrida Firdavsga prezident sovg‘asi (kompyuter) topshirildi.

«Top-200talikka kiruvchi universitetdan javob kutyapman»

— 8–9 sinfda maktabda iqtisodiyot fani o‘tila boshlangach, menda bu sohaga nisbatan qiziqish va uni chuqur o‘rganish istagi uyg‘ondi. AQSh universitetlariga ham aynan iqtisodiyot bo‘yicha bakalavr bosqichi uchun hujjat topshirganman.

Ksave universitetiga 89 ming dollar, Jon Keroll universitetiga esa 96 ming dollar grant yutib oldim.

Ammo hali bu ikki universitetdan birini tanlaganim yo‘q. Chunki Amerikadagi yana uchta oliygohdan javoblarni kutyapman. Ular fevral–mart oyida javob berishlari kerak.

Bundan tashqari, nufuzli oliygohlar top-200taligiga kiruvchi Tsinsinatti universitetidan ham javob kutyapman. Agar ijobiy javob kelsa, shu oliygohni tanlayman.

«Ehtimol, keyingi marra – Harvard»

— AQShda iqtisodiyot bo‘yicha bakalavriatni tamomlagach, tahsilni yana shu mamlakatda davom ettirishni istayman. Hozircha Harvard universitetiga iqtisodiyot bo‘yicha magistraturaga kirishni rejalashtirganman. Boshqa yetakchi universitetlarga ham topshirish niyatim bor.

«Ota-onam o‘qishga ilhomlantiruvchi sharoit yaratib berishdi»

— O‘qishdagi yutuqlarim va muvaffaqiyatlarim – birinchi navbatda ota-onamning mehnat mahsuli. Ular men uchun o‘qishga, bilim olishga ilhomlantiruvchi sharoitni yaratib o‘stirishdi.

Bundan tashqari, men tahsil oladigan prezident maktabida ham yaxshi o‘qish uchun kerakli hamma sharoitlar bor. U yerdagi muhit shundayki, o‘quvchi o‘z-o‘zidan o‘qishni, rivojlanishni istaydi. Shuningdek, maktab rahbariyati ham, Prezident, ijod maktablari va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi ma’muriyati ham har doim, jumladan, xorijga hujjat topshirish jarayonida ham doim kerakli yordam va qo‘llab-quvvatlashni ko‘rsatib kelishgan.

«Vaqtni behuda ketkazmaslik uchun doim reja bilan ish qilaman»

— Vaqtimni behuda sarflamaslik uchun o‘zimga kunlik va haftalik reja tuzib olaman. Bu o‘qish va dam olishni samarali tashkil etishga yordam beradi.

Ertalabdan 16:00ga qadar maktabda bo‘laman. Undan keyin yarim-bir soat dam olgach, qo‘shimcha mashg‘ulotlarga qatnayman. Iqtisodiyot bo‘yicha bilimimni oshirish uchun bu fan bilan qo‘shimcha shug‘ullanaman.

Sog‘lom jism va sog‘lom ruhga ega bo‘lish uchun bo‘sh vaqtimni sportga bag‘ishlayman. Bu o‘qishdan ozgina chalg‘ishga ham yordam beradi. Iqtisodiyot bo‘yicha qo‘shimcha kitoblarni o‘qiyman. Ilmiy kitoblardan tashqari, badiiy adabiyot mutolaasini ham yoqtiraman. Ayniqsa, britan adabiyoti menga juda yoqadi.

Bundan tashqari, notiqlik san’ati bo‘yicha mashg‘ulotlarda ishtirok etaman. Fikrimcha, omma oldida nutq so‘zlay olish – kelajakda asqatuvchi eng muhim ko‘nikmalardan biri.

«IELTS'ga mustaqil tayyorlanib, 7 oldim»

— Ingliz tili bo‘yicha IELTS tizimida 7 ballni (tinglab tushunish 8, so‘zlashuv 7,5, yozish va o‘qish 6,5 ball) qo‘lga kiritganman.

Ingliz tilini o‘rganishda ham barchasini reja asosida bajarishga harakat qildim. 6 yoshimdan boshlab ingliz tili bo‘yicha qo‘shimcha mashg‘ulotlarga qatnaganim men uchun juda yaxshi poydevor bo‘ldi. Shu sabab IELTS uchun qo‘shimcha repetitorga qatnashni istamadim, menga faqat amaliyot kerak edi.

O‘zimga reja tuzib oldim: bugun yozish va o‘qish ko‘nikmalari ustida ishlasam, ertangi kunni tinglab tushunish va so‘zlashuvni rivojlantirishga bag‘ishlayman – buning uchun esa xorijiy o‘qituvchilar bilan muloqotda bo‘ldim. Bu menga juda katta foyda berdi.

Saodat Abdurahmonova suhbatlashdi.

Mavzuga oid