Jahon | 15:16 / 21.01.2021
7821
2 daqiqa o‘qiladi

Jyek Ma ommaga ko‘rinish berganidan so‘ng uning boyligi 1,4 mlrd dollarga oshdi

Maning videokonferensiyadagi qisqagina chiqishi investorlarning «yengil nafas olishi uchun yetarli bo‘ldi»: Alibaba Group’ning bozor qiymati 58 mlrd dollarga oshdi.

Foto: EPN/Newscom/SIPA

Alibaba asoschisi Jyek Maning boyligi miqdori 1,4 mlrd dollarga ko‘paydi va endilikda Forbes Real-Time ma'lumotlariga ko‘ra, 62 mlrd dollar deb baholanmoqda.

Avvalroq milliarder oktyabr oyidan buyon ilk marta omma oldida ko‘rinish bergandi. Internetda joylashtirilgan videoda Ma xitoylik o‘qituvchilarni va ta'lim tizimini qo‘llab-quvvatlashga chaqirgan. Jyek Ma xayriya fondi vakilining aniqlik kiritishicha, biznesmen Xitoy qishloqlaridagi o‘qituvchilarni qo‘llab-quvvatlash dasturi doirasidagi «onlayn-marosim»da ishtirok etgan.

 Bloomberg agentligining qayd etishicha, Maning videokonferensiyadagi qisqagina chiqishi investorlarning «yengil nafas olishi uchun yetarli bo‘ldi»: Alibaba Group’ning bozor qiymati 58 mlrd dollarga oshdi.

 Jyek Mani oxirgi marta 24 oktyabrda ko‘rishgandi. U o‘sha kuni Shanhaydagi konferensiyada xalqaro moliyaviy regulyatorlar qoidalari eskirganini aytgan va Xitoy banklarini tanqid qilib, ular «lombardcha mentalitet»ga egaligini bildirgandi. Bu unga qimmatga tushdi. 5 noyabr kuni nazorat paketi Maga tegishli bo‘lgan Ant Group Shanhay va Hongkong birjalarida IPO’ni amalga oshirishi kerak edi.

Biroq birjaga chiqishdan ikki kun oldin Ant Group IPO’si qoldirildi. Xabarlarga ko‘ra, bu boradagi qarorni shaxsan XXR hukumati raisi Si Tszinpin qabul qilgan.

Dekabrda Xitoy regulyatorlari Ant Group’ni shaffof raqobat prinsiplarini va iste'molchilar huquqlarini buzishda aybladi. 24 dekabrda esa Alibaba ustidan tekshiruv boshlangani ma'lum qilindi.

Mavzuga oid