Jahon | 19:37 / 12.03.2023
37375
12 daqiqa o‘qiladi

«Milliarderlar ovi». Nega Xitoyda yirik ishbilarmonlar g‘oyib bo‘lmoqda?

Fevral oyida Xitoyda yuqori texnologiyalar sohasidagi yirik biznes-vositachi Bao Fan bedarak yo‘qoldi. Ushbu voqea Xitoyda nisbatan yaqinda paydo bo‘lgan tendensiyaga - milliarderlarning g‘oyib bo‘lishiga yana e’tibor qaratishga sabab bo‘ldi.

Foto: Getty Images

Bao Fan China Renaissance Holdings moliyaviy kompaniyasiga asos solgan bo‘lib, uning mijozlari ro‘yxatiga Tencent, Alibaba va Baidu kabi internet gigantlari ham kiradi. Kompaniya Xitoydagi texnologiya sohasidagi eng yirik kompaniyalardan biri hisoblanadi.

Baoning kutilmaganda yo‘qolib qolishi hikoyasi boshqalarniki bilan deyarli bir xil tarzda rivojlandi: dastlab u g‘oyib bo‘ldi, bir necha kundan keyin uning kompaniyasi u «Xitoy Xalq Respublikasining tegishli organlari tomonidan olib borilayotgan tergovga yordam berayotgani»ni ma’lum qildi.

Bao Fan g‘oyib bo‘lishi bilan bozorda uning kompaniyasi aksiyalari 27 foizga quladi. Foto: GREG BAKER

Tergovni qaysi davlat organi olib borayotgani, uning maqsadi nima ekani va u bilan «hamkorlik» qilayotgan Bao aynan qayerdaligi har doimgidek noma’lum.

Bu xitoylik biznes rahbarining birinchi marta sirli ravishda yo‘qolib qolishi emas. Oxirgi vaqtlarda bunday yoqimsiz holat bir necha biznesmen bilan sodir bo‘ldi, jumladan Xitoy iqtisodiyotining internet giganti — Alibaba Group rahbari va asoschisi Jyek Ma bilan ham.

Albatta, milliarderlarning g‘oyib bo‘lishi ko‘pchilikning e’tiborini tortadi, biroq kamroq ko‘zga tashlanuvchi fuqarolar ham hukumatga qarshi namoyishlarda yoki inson huquqlari uchun kampaniyalarda qatnashganidan keyin yo‘qolib qolmoqda.

Jyek Ma 2019 yilda qishloq o‘qituvchilariga mukofot topshirish marosimida. Foto: WANG HE

Bao Fan bilan sodir bo‘lgan voqea mashhur, ammo prezident Si Jinping Xitoy iqtisodiyoti ustidan nazoratni kuchaytirayotganiga yagona misol emas degan fikr bor.

Xitoy Renaissance kompaniyasi rahbari har yili o‘tkaziluvchi Butunxitoy xalq vakillari yig‘ini (BXVY) s’yezdi arafasida «hokimiyat bilan hamkorlik qilish»ni boshladi. Bu safargi yig‘inda Xitoyning moliyaviy me’yoriy-huquqiy bazasini so‘nggi yillardagi eng katta qayta ko‘rib chiqish rejasi e’lon qilingandi.

Xitoy hukumati moliyaviy sektorni nazorat qilish uchun yangi yagona nazorat organi yaratishga qaror qildi. Ularning so‘zlariga ko‘ra, bu organ turli xizmatlar Xitoyning trillion dollarlik moliya sanoatining turli qismlari uchun javobgarligi ortidan kelib chiquvchi qonunchilikdagi bo‘shliqlarni yopadi.

Birgina 2015 yilda yirik kompaniyalarning kamida besh nafar rahbari biznes va jamoat hayotidan chetlashtirildi. Ular safida Fosun International moliyaviy va sanoat birlashmasi raisi Guo Guangchang ham bor. G‘arbda u asosan Angliya Premer ligasida ishtirok etuvchi «Vulverhempton» klubiga egalik qilishi bilan tanilgan.

Go Guanchang o‘z jamoasi o‘yinini ko‘rishga kelmoqda. Bu uning qo‘lga olinishi va ozod etilishidan keyingi foto. Uni nima uchun qo‘lga olishgani va qo‘yib yuborishgani jamoatchilikka ma’lum emas.
Foto: JACK THOMAS - WWFC

Guo Guangchang 2015 yil dekabr oyida bedarak yo‘qoladi, keyinroq kutilmaganda yana paydo bo‘ladi. Shundan so‘ng uning kompaniyasi matbuot xizmati Guangchang «tergov ishlarida hokimiyat organlariga yordam bergani»ni ma’lum qiladi.

Oradan ikki yil o‘tgach, xitoy-kanadalik tadbirkor Syao Jianhua Hongkongdagi qimmatbaho mehmonxonadan qayergadir olib ketiladi. U Xitoyning eng badavlat kishilaridan biri edi, biroq 2022 yil korrupsiya aybi bilan qamoqqa olindi.

2020 yil mart oyida, yirik davlat qurilish kompaniyasi bo‘lmish Hua Yuan Property Company rahbari milliarder Ren Jiyang Si Jinpingni pandemiyaga qarshi kurasha olmagani uchun «yalang‘och masxaraboz» deb ataganidan keyin g‘oyib bo‘ldi.

Politsiya furgoni Jen Chjitsyanni hukm chiqarilgach suddan olib ketmoqda. Ko‘chmas mulk magnatining asosiy «aybi» hukumat va partiya doiralariga yaqin bo‘lgani va uning har qanday chiqishi diqqat markazida turganidir.
Foto: NICOLAS ASFOURI

O‘sha yiliyoq, atigi bir kun davom etgan juda qisqa sud jarayonidan so‘ng, Ren korrupsiyada aybdor deb topildi va 18 yillik qamoq jazosiga hukm qilindi. Hukumat milliarder o‘z aybiga iqror ekani va hukmga e’tiroz bildirish niyatida emasligini ma’lum qildi.

Ammo yo‘qolgan milliarderlar ichida eng mashhuri Alibaba asoschisi Jyek Ma edi. U g‘oyib bo‘lgan vaqtda (2020 yil oxirida) Xitoyning eng boy odami hisoblanardi va u mamlakatning moliyaviy sektorini nazorat qiluvchi organlar haqida tanqidiy gapirgandan keyin yo‘qolib qoldi. Jyek Ma Si Jinpingning tashabbusi bilan tuzilgan, ijtimoiy tengsizlikni bartaraf etishni ko‘zlovchi Xitoy kommunistik partiyasining umumiy farovonlik dasturiga qariyb 10 milliard dollar xayriya qilganiga qaramasdan shunday yoqimsiz holatga duch keldi.

Xitoyda uni ikki yildan beri hech kim ko‘rgani yo‘q, unga nisbatan hech qanday ayblov ham qo‘yilmagan. Garchi so‘nggi oylarda milliarderni Yaponiya, Tailand va Avstraliyada ko‘rishgani haqida xabarlar paydo bo‘lgan bo‘lsa-da, Maning hozir qayerdaligini ham hech kim bilmaydi.

Xitoy hukumati mamlakatning ba’zi eng badavlat kishilarining tergov qilinishi faqat qonun talablari bilan bog‘liqligi va korrupsiya ildizlarini yo‘q qilishga qaratilganini ta’kidlashda davom etmoqda. Ammo gap shundaki, gaykalarning bu tarzda qattiq mahkamlanishi bugungi kunda dunyodagi ikkinchi yirik iqtisodiyot bo‘lib turgan Xitoy iqtisodiyotni o‘nlab yillar davomida liberallashtirish jarayoni ortidan sodir bo‘lmoqda.

Alibaba Amazon’ning kloni hisoblanadi va iste’molchilar orasida katta mashhurlikka erishgan. Kompaniya hamon gullab-yashnamoqda, lekin uning asoschisi qayerdaligi savol ostida.
Foto: CHINA NEWS SERVICE

Ushbu liberallashtirish mamlakatda ulkan boyliklari tufayli sezilarli ta’sir doirasiga ega bo‘lgan bir qator multimilliarderlar paydo bo‘lishiga olib kelgandi.

Ayrim kuzatuvchilarning fikricha, endilikda Si Jinping boshchiligidagi Kommunistik partiya ularni bu ta’sir doirasidan mahrum qilib, butun hokimiyatni o‘z qo‘lida jamlamoqchi.

Bunday qarashning sababi shundaki, yirik biznesning, ayniqsa, uning texnologiya sanoati ta’siri Si Jinpingdan avvalgi rahbarlar Tszyan Tszemin va Xu Jintao siyosati tufayli kuchaygan edi.

Ilgari Pekinning e’tibori armiya, og‘ir sanoat va mahalliy partiya organlari kabi an’anaviy kuch va hokimiyat markazlariga qaratilgan edi.

Butunxitoy vakillari qurultoyidagi prezidium. Si - eng o‘rtada. U mamlakatdagi butun hokimiyatni o‘z qo‘lida jamlashga muvaffaq bo‘ldi, endi u iqtisodiyot, jumladan uning xususiy sektorini ham o‘ziga bo‘ysundirgan. Foto: LINTAO ZHANG

Si Jinping hamon ularni qattiq mushtda ushlab turibdi, biroq u o‘z nazoratini iqtisodiyotning ilgari partiya manfaatlari bilan qamrab olinmagan tarmoqlarida, jumladan, yuqori texnologiyalar sohasida ham kuchaytirishga qaror qildi. Bu Jinpingning o‘zi e’lon qilgan «Umumiy farovonlik» siyosatini hayotga tatbiq qilish bahonasida amalga oshirilmoqda.

«Ba’zida bu jarayonlar insonlarning butun bir guruhiga aniq ogohlantirish yuborish uchun uyushitiriladi», deydi The Economist Intelligence Unit tahlil markazi katta ilmiy xodimi Nik Marro.

«Oxir-oqibat, bu haqiqatan ham iqtisodiyotning ma’lum bir qismi ustidan nazorat o‘rnatish va hokimiyatni markazlashtirish niyatidan dalolat beradi, bu so‘nggi o‘n yillikdagi Si Jinping boshqaruv uslubining asosiy xususiyatidir», deya qo‘shimcha qiladi u.

«Pekin hali ham katta texnologik platformalar va ularning asosiy o‘yinchilari o‘z ta’sir doirasini kuchaytirishidan xavotirda, chunki bu holda ular bilan kurashish oson bo‘lmaydi. Ular mustaqillikka ega bo‘lsa katta ehtimol bilan Pekin manfaatlariga qarshi chiqishi mumkin», deydi Albright Stonebridge Group konsalting firmasining Xitoy va texnologiya siyosati rahbari Pol Triolo.

Xitoyda qashshoqlar va boylar orasidagi farq kattalashmoqda. Bu farq butun dunyo bo‘ylab o‘sib bormoqda, ammo Kommunistik partiya umumbashariy tenglikni targ‘ib qilib keladi.

Pekinning ta’kidlashicha, «Umumiy farovonlik» siyosati muvaffaqiyatining kaliti qonun ustuvorligi bo‘lib, qonun boylar va kambag‘allarga teng darajada qat’iy qo‘llanishi kerak.

Kommunistik partiyaning ko‘plab yetakchilari jamiyatning turli qatlamlari orasida o‘sib borayotgan ijtimoiy tafovut muammosi hal etilmasa, bu jiddiy oqibatlarga olib kelishi va ularning o‘z mansablarini yo‘qotishiga sabab bo‘lishidan qo‘rqadi. Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, Si Jinping sotsialistik ildizlariga qaytishni xohlaydigan kommunistlarning o‘ta chap qanoti bosimi ostida.

Ammo milliarderlarning sirli g‘oyib bo‘lishi, shuningdek, Pekinning biznesga umumiy munosabati jiddiy, kutilmagan oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Bu foto 2023 yil 5 martida olingan. Qishloqdagilar hayoti qiyinlashmoqda

Ba’zi kuzatuvchilar fikricha, hukumat iste’dodli tadbirkorlarga bosim o‘tkazishda davom etsa, Xitoy jahon bozoridagi o‘rnini yo‘qotishi mumkin.

«Pekin uchun xavf shundaki, texnologiya milliarderlarini nishonga olish orqali ular kelajakda Jyek Ma bo‘lishni xohlaydigan sohadagi yosh tadbirkorlarni ham qo‘rqitmoqda», deydi Triolo.

Aftidan, prezident Jinping buni anglab turibdi, shuning uchun u ushbu hafta BXVY delegatlari oldida so‘zlagan nutqida Xitoy iqtisodiyotida xususiy sektorning o‘rni muhimligini ta’kidladi. Shu bilan birga, prezident o‘sha nutqida tadbirkorlarni «boy bo‘lish bilan birga mas’uliyatli bo‘lishga, boy, lekin ayni paytda yaxshi inson bo‘lishga, boy, ammo mehribon bo‘lish»ga chaqirdi.

Fevral oyida Xitoyda yangi moliyaviy tartibga solish agentligi ish boshlaganidan so‘ng, bankirlar G‘arbdagi «hedonistik» (hayotdan faqat zavq olishni targ‘ib qiluvchi ta’limot) hamkasblariga ergashmaslik haqida ogohlantirildi.

Xitoy mudofaa uchun xarajatlarni 7,5 foizga oshirdi, ammo bu pullarni qayerdandir olish kerak bo‘ladi. Xususiy sektor va moliya xazinani to‘ldirib kelardi, ammo sotsialistik tamoyillarga aralashardi.
Foto: FUTURE PUBLISHING

Bu Si Jinpingning e’tiboriga tushuvchi keyingi obekt moliya tizimi bo‘lishini aniq ko‘rsatib turibdi.

«Oxirgi oylarda biz moliyaviy xizmatlarda ‘Umumiy farovonlik’ning birinchi alomatlarini ko‘rmoqdamiz. Bu, ayniqsa, yuqori lavozimli xodimlar uchun mukofotlar hamda menejyerlar va kichik xodimlar ish haqlari o‘rtasidagi farqlarda namoyon bo‘ladi», deydi Nik Marro.

Biroq «milliarderlar ovi» Si Jinpingning shaxsiy qudratini sezilarli darajada oshiradimi yoki yo‘q, hozircha noma’lum.

Ammo, yaqqol aniq bo‘lgan narsa shuki, Xitoy moliya bozorlari, bizneslari va oxir-oqibat umuman iqtisodiyotiga nisbatan ishonch keskin pasayishi mumkin.

Mavzuga oid