O‘zbekiston | 19:49 / 01.02.2021
10617
2 daqiqa o‘qiladi

«Kredit-modul tizimiga 3 yil ichida to‘liq moslashib olamiz» - Abduvali Xoliqov

Kredit-modul tizimida ta'limga oid barcha jarayonlar elektron shaklga o‘tadi: reyting daftarchasi, talabalarning qayd varaqasi, jurnallar va o‘qituvchilar ish rejasi – bularning hammasi qog‘oz holida bekor qilinadi.

Foto: Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi

2020/21 o‘quv yilidan respublikadagi 46ta davlat OTMlarida kredit-modul tizimi joriy etila boshlandi. Bosqichma-bosqich barcha OTMlar shu tizimga o‘tadi.

Yangi tizimga oid tushunmovchiliklarga Oliy va o‘rta maxsus ta'limi vazirligi bosh boshqarma boshlig‘i Abduvali Xoliqov izoh berdi.

«Hozir 1-kurslarda joriy etildi. To‘g‘ri, ko‘pgina savollar, tushunmovchiliklar bo‘lyapti. Kamida 3ta kurs to‘liq mana shu kredit-modul tizimiga o‘tganda OTMning 80–90 foizi bu jarayonga moslashadi. Ya'ni biz 3 yildan keyin to‘liq kredit-modulga moslashib olamiz.

Chunki hozir 4ta kursdan 2tasi baholashda, yuqori kursimiz reyting tizimi va 1-kursimiz kredit-modul tizimida o‘qitilyapti», – dedi Abduvali Xoliqov 1 fevral kungi brifingda.

Ma'lum qilinishicha, kredit-modul tizimiga o‘tganda, barcha jarayonlar elektron holatga keltiriladi. Ya'ni elektron universitet yaratiladi. Qog‘oz ko‘rinishidagi reyting daftarchasi va talabalarning qayd varaqasi, jurnallar, o‘qituvchilar ish rejasi – hammasi bekor qilinadi.

Abduvali Xoliqovga ko‘ra, elektron tizimda belgilangan muddat o‘tgach, bahoni o‘zgartirishga o‘qituvchida imkoniyat qolmaydi. Baho qandaydir sabab bilan o‘zgartirilsa ham, uni kim, qachon va qanday o‘zgartirgani tegishli dasturda ko‘rinib turadi.

Mavzuga oid