O‘zbekiston | 16:43 / 09.03.2024
20545
2 daqiqa o‘qiladi

Lisenziyasi bilan bog‘liq muammoga duch kelgan nodavlat oliygoh talabalari o‘qishi ko‘chirilgani ma’lum qilindi

Talabalar o‘z tanlovlariga ko‘ra ariza topshirgan nodavlat oliy ta’lim tashkilotlarida 11 martdan o‘qishlarini rasman boshlashlari mumkin. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi ma’lum qildi.

Namangan xalqaro universitetining 6041 nafar va Urganch shahridagi Binari universitetining 173 nafar talabasi arizasiga ko‘ra tegishli nodavlat oliy ta’lim tashkilotlariga o‘qishini ko‘chirish bo‘yicha Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan talabalarning ro‘yxatlari tegishli nodavlat oliy ta’lim tashkilotlariga yo‘llandi, deb xabar berdi OTFIV.

Rasmiy xabarda ko‘rsatilishicha, talabalar o‘z tanlovlariga ko‘ra ariza topshirgan nodavlat oliy ta’lim tashkilotlarida 2024 yilning 11 martidan o‘qishlarini rasman boshlashlari mumkin.

Tegishli oliy ta’lim tashkilotlariga talabalarning o‘qishini belgilangan tartibda boshlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi”, - deyiladi vazirlik xabarida.

Oldinroq, OTFIV vakili Abduvali Xoliqov litsenziyasi bekor qilinayotgan oliygoh talabalaridan nodavlat OTMga o‘qishini ko‘chirish bo‘yicha ariza olingani va arizalarni maxsus komissiya ko‘rib chiqayotganini ma’lum qilgan edi. Shuningdek, mas’ul talabalarni qabul qilish sig‘imidan kelib chiqib, nodavlat OTMlar bilan kelishilgani, rektorlar talabalarning kontrakt summasi o‘zlari o‘qigan OTMdagi bilan bilan bir xil miqdorda bo‘lishini ma’lum qilgan edi.

Eslatib o‘tamiz, Kun.uz litsenziyasini bekor qilish uchun sudga berilgan nodavlat OTM bo‘yicha surishtiruv e’lon qilgan edi.

Mavzuga oid