O‘zbekiston | 11:13 / 05.02.2021
13480
3 daqiqa o‘qiladi

Xalilillo To‘raxo‘jayev Oliy sud raisiga o‘rinbosar bo‘ldi

Senat Xalilillo Sobirjonovich To‘raxo‘jayevni O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining o‘rinbosari – fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay'ati raisi lavozimiga sayladi.

Parlament yuqori palatasining o‘n ikkinchi yalpi majlisida senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tarkibiga o‘zgartirishlar  kiritish  to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqdi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 80-moddasi 3-bandiga va «O‘zbekiston  Respublikasi Oliy Majlisining Senati to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni 9-moddasi birinchi qismining 3-bandiga muvofiq, Halilillo Sobirjonovich To‘raxo‘jayevni lavozimda bo‘lishning muddatsiz davriga O‘zbekiston Respublikasi Oliy cudi raisining o‘rinbosari – fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay'ati raisi lavozimiga saylash to‘g‘risida qaror qabul qilindi. 

Shuningdek, mazkur qaror bilan Luqmon Muxtarovich Qodirov, Tal'atjon Baxtiyorovich Meliboyev va Abdurasul G‘apporovich Eranov boshqa ishga o‘tgani munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining sudyasi lavozimidan ozod etildi.

Xalilillo Sobirjonovich To‘raxo‘jayev 1972 yil 21 yanvarda Namangan viloyati Yangiqo‘rg‘on tumanida tug‘ilgan. Ma'lumoti oliy, huquqshunos, 1-darajali adliya maslahatchisi. 

U 1997 yil Toshkent davlat yuridik institutini tamomlagan. Mehnat faoliyatini 1991 yilda Toshkent shahar Hamza tumani sudining kureri lavozimida ishlashdan boshlagan. 

1992-2008 yillar O‘zbekiston Respublikasi sud tizimida turli lavozimlarda mehnat qilgan.

2008-2014 yillarda O‘zbekiston Respublikasi prezidenti devoni huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat idoralari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha davlat maslahatchisi xizmatining adliya va sud idoralari faoliyati masalalari bo‘yicha yetakchi inspektori, Sud tizimi faoliyati masalalari bo‘yicha yetakchi inspektori, 2014-2017 yillarda Fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudining raisi, 2017 yil 12 apreldan 12 dekabr kuniga qadar O‘zbekiston Respublikasi prezidentining Fuqarolar huquqlarini himoya qilish, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish xizmati davlat maslahatchisining o‘rinbosari, birinchi o‘rinbosari lavozimlarida faoliyat ko‘rsatgan. 

Xalilillo To‘raxo‘jayev 2017 yildan 2020 yilgacha Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi direktori lavozimida ishlagan.

2020 yil iyundan 2021 yil yanvarigacha O‘zbekiston prezidentining farmoni bilan Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasining raisi lavozimida faoliyat ko‘rsatgan.

Mavzuga oid