O‘zbekiston | 13:59 / 09.02.2021
10167
3 daqiqa o‘qiladi

To‘rtta xususiy bandlik agentligining litsenziyasi bekor qilindi, yana uchtasiniki to‘xtatildi

Foto: Shutterstock

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining ma'lum qilishicha, sud va litsenziyalovchi organning qarorlari bilan bir qancha xususiy bandlik agentliklarining faoliyati vaqtincha to‘xtatilgan yoki bekor qilingan.

Xususan, quyidagi bandlik agentliklarining litsenziyasi bekor qilindi:

  • «Full employment xususiy bandlik agentligi»ning litsenziyasi Toshkent tumanlararo Iqtisodiy sudining 2021 yil 25 yanvardagi 4-1001-2002-21466-sonli qarori bilan;
  • «DAWAMLI SATLI IS XUSUSIY BANDLIK AGENTLIGI»ning litsenziyasi Toshkent tumanlararo Iqtisodiy sudining 2021 yil 25 yanvardagi 4-1001-2002-21461-sonli qarori bilan;
  • «Profit4you Europe xususiy bandlik agentligi»ning litsenziyasi Toshkent tumanlararo Iqtisodiy sudining 2021 yil 7 yanvardagi 4-1001-2002-21458-sonli qarori bilan;
  • «Vodiy HR xususiy bandlik agentligi»ning litsenziyasi Lisenziyalovchi organning 2021 yil 29 yanvardagi 90-sonli qarori bilan bekor qilingan.

Shuningdek, yana uchta xususiy bandlik agentliklari – «Kontinent himoya xususiy bandlik agentligi», «Xususiy bandlik agentligi manpower» MChJ QK, «Bek jobs xususiy bandlik agentligi» MChJ litsenziyasi iqtisodiy sudlarning hal qiluv qaroriga asosan to‘xtatilgan.

Ushbu agentliklar Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamg‘armasi depozit hisob raqamida bazaviy hisoblash miqdorining sakkiz ming besh yuz baravari miqdoridagi mablag‘larni (2021 yil 1 fevral holatiga 2 milliard 82 million 500 ming so‘m yoki 200 ming AQSh dollari miqdorida) zaxira qilishlari kerak bo‘ladi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining ma'lumotlariga ko‘ra, 2021 yil 9 fevral holatiga ko‘ra O‘zbekistonda reyestrda ro‘yxatdan o‘tgan xususiy bandlik agentliklari soni 105 tani tashkil etadi. Ularning 14 tasiga litsenziya berilgan. Belgilangan to‘lovlarni amalga oshirmagani uchun to‘rtta tashkilotning arizasi rad etilgan. 62 ta tashkilotning litsenziyasi esa bekor qilingan yoki amal qilish muddati tugatilgan.

Mavzuga oid