O‘zbekiston | 12:58 / 09.02.2021
21035
6 daqiqa o‘qiladi

Yunusobod fojiasi qurbonlarining tovon pullari bo‘yicha izoh berildi. Asosiy savollar javobsiz qolmoqda

Yunusobod metrosi qurilishida halok bo‘lganlarning oila a'zolariga tovon pullari to‘liq berilmagani haqidagi maqoladan so‘ng Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ va «SBK Universal Construction Group» MChJ vakillari birgalikda Kun.uz tahririyatiga tashrif buyurishdi va vaziyat bo‘yicha izohlarini bildirishdi.

«SBK Universal Construction Group» MChJ o‘z izohida bir martalik tovon puli to‘liq to‘langani va boquvchisini yo‘qotganlarga tayinlangan har oylik nafaqa pullari nafaqa oluvchilar bilan kelishilgan vaqtda to‘lab borilayotganini ma'lum qildi.

Firmaning ishonchli vakili dastlab marhumlarning oila a'zolariga to‘lab berilgan 100 million so‘m, keyinchalik Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzurida tuzilgan komissiya qarori bilan belgilanadigan kompensatsiyaning bir qismi sifatida berilgani va firma shu bilan o‘zining qonunda belgilangan bir martalik to‘lov bo‘yicha majburiyatlarini bajarganini aytmoqda. Uning qo‘shimcha qilishicha, boquvchisini yo‘qotganlarga to‘lanayotgan har oylik nafaqa to‘lovlari ham ularning roziligi bilan 3-4 oy uchun bitta qilib, ya'ni ko‘proq miqdorda plastik kartalarga tashlab berilmoqda.

Ta'kidlash lozimki, Kun.uz’da nashr qilingan maqolada ham bu holatlar rad etilmagan. Faktlar marhumlarning yaqinlari va qonuniy kuchga kirgan sud qarori asosida keltirilgan.

Kompaniya vakilining ma'lum qilishicha, hozirda sud qarori ustidan shikoyat qilish uchun o‘tkazib yuborilgan muddatni tiklash bo‘yicha ariza kiritilgan. Kompaniya sudning 100 million so‘mlik kompensatsiya to‘lash to‘g‘risida qaroridan norozi, shuningdek, belgilangan 300 million so‘mlik ma'naviy zarar miqdorini ham kamaytirish niyatida.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Davlat mehnat inspeksiyasi boshlig‘i o‘rinbosari Abduvohid Sharopov bahsli 100 million so‘m aslida kimning haqi bo‘lishi kerakligi borasida aniq (tugal) javob bermadi. Vazirlik xodimi sud qarori chiqib bo‘lgan masala yuzasidan fikr bildira olmasligini, bu boradagi yakuniy xulosani sud aytishini bildirdi.

Holatga «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ ham munosabat bildirdi.

«Jamiyat tomonidan metro qurilishidagi fojia qurbonlaridan biri, Buxoro mintaqaviy temir yo‘l uzelining Samarqand masofasi xodimi Karimov Zarifning oilasiga maxsus komissiya qarori bilan 281 million 670 ming 972 so‘m miqdorida bir martalik tovon puli to‘lovi amalga oshirilgan. Shuningdek, temiryo‘lchining ko‘p yillik mehnat faoliyati inobatga olinib, oilaga yana 100 million so‘m mablag‘ qo‘shimcha ravishda to‘lab berilgan», deydi «O‘zbekiston temir yo‘llari» matbuot xizmati vakili.

Ko‘rib turganingizdek, metro qurilishida vafot etganlardan biri «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ xodimi bo‘lgan va uning yaqinlariga voqea yuz bergan vaqtda alohida 100 mln to‘langan, keyinroq yana bir martalik tovon puli sifatida 281 mln so‘m alohida to‘langan.

Lekin, «SBK Universal Construction Group» MChJ o‘z xodimi bo‘lgan qolgan 5 nafar marhumning oila a'zolariga 261 million so‘mdan to‘laganini va dastlab berilgan 100 million so‘m ham ushbu kompensatsiya hisobidan hisoblanishi kerakligini aytmoqda.

Ishga daxldor taraflardan yana biri – Toshkent shahar prokuraturasi 2020 yil 18 mart kuni vafot etganlarning oila a'zolariga yetkazilgan zarar «to‘liq qoplangani»ni asos qilib, jinoyat ishini tugatgan edi. Vaholanki, «SBK Universal Construction Group» MChJ taqdim etgan to‘lov qog‘ozlarida ham yetkazilgan zarar mart oyida emas, balki tergov tugatilganidan 5 oy o‘tib qoplanganini ko‘rish mumkin.

Prokuratura masalaning aynan shu qismiga oid keltirilgan faktlar yuzasidan sukut saqlashni afzal ko‘rmoqda.

Shunday qilib, maqolada ko‘tarilgan asosiy ikkita masala hamon ochiq qolmoqda. Jumladan, marhum Anvar Diyorov va Zarif Karimovning yaqinlari olgan 100 mln so‘m bir martalik tovon puli tarkibiga kirmagan. Ammo qolgan marhumlar masalasi, garchi ularning yaqinlari da'vo qilmayotgan bo‘lsalarda (chunki ular da'vo qilishlari mumkinligidan bexabar) hamon bahsliligicha qolmoqda.

Shuningdek, prokuraturaning jabrlanuvchilarga yetkazilgan zarar to‘liq qoplanmay turib jinoyat ishini tugatgani ham tergov xolis va shaffof o‘tganiga shubha tug‘dirmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 2019 yil 18 dekabr kuni Toshkent metropoliteni Yunusobod yo‘li qurilishida avariya ro‘y bergan, 6 nafar ishchi tuproq ostida qolib halok bo‘lgandi. Odamlar o‘limiga olib kelgan hodisa aybdorlariga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi, «jabrlanuvchilarga yetkazilgan zarar to‘liq qoplangani»  inobatga olinib, 2020 yil 18 mart kuni ayblilik masalasi hal qilinmay tugatilgan.

Kun.uz ushbu holat yuzasidan surishtiruv o‘tkazib, jinoyat ishi tugatilgan vaqtda jabrlanganlarga yetkazilgan zarar summalari to‘liq hajmda qoplab berilmagan bo‘lganini aniqlagandi.

Mavzuga oid