O‘zbekiston | 13:04 / 10.02.2021
17353
5 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda ish boshlagan «Carrefour» o‘zining «Akfa Group» bilan munosabatlari haqida ma'lumot berdi

«Samarqand Darvoza» va «Compass» savdo-ko‘ngilochar markazlarida faoliyat boshlashi kutilayotgan «Carrefour» supermarketlari «Akfa Group» bilan tuzilgan shartnomalar haqida ma'lumot berdi.

«Carrefour» supermarketlari boshqaruvchisi – «Majid Al Futtaim Hypermarkets» mas'uliyati cheklangan jamiyati ustav fondidagi barcha ulush Birlashgan Arab Amirliklaridagi «Majid Al Futtaim»ga tegishli, deb ma'lumot berdi supermarket tarmoqlari axborot xizmati.

«Majid Al Futtaim» (BAA) – Fransiyaning «Carrefour» chakana savdosi franshizasiga ega bo‘lib, Yaqin Sharq, Afrika va MDH kabi 30dan ortiq mamlakatlarda eksklyuziv huquqlarga ega. Bugungi kunda kompaniya dunyoning 17 mamlakatida 320ta do‘konni muvaffaqiyatli boshqarib, har kuni 750 000dan ortiq mijozga xizmat ko‘rsatmoqda», – deyiladi rasmiy bayonotda.

Ayni paytda O‘zbekistonda 3ta «Carrefour» savdo do‘koni faoliyat ko‘rsatmoqda. Aslida, «Majid Al Futtaim» O‘zbekistonda 7ta «Carrefour» savdo do‘konini ishga tushirishni rejalashtirgan. BAA kompaniyasi rejalashtirgan O‘zbekistondagi barcha savdo nuqtalari «Akfa Group» egalik qiladigan binolarda ochilishi aytilgandi. Bu bo‘yicha 2019 yil oktyabrda «Akfa Group» va «Majid Al Futtaim» o‘zaro shartnoma ham imzolagan.

2021 yili 7 yanvar kuni esa «Majid Al Futtaim» va «UzOman» strategik hamkorlik aloqalarini o‘rnatishi haqida xabar tarqaldi. Ta'kidlanishicha, ushbu uzoq muddatli sheriklik doirasida ikkala kompaniya ham o‘z imkoniyatlari va tajribalarini birlashtirib, mamlakatda zamonaviy chakana savdoni rivojlantirish, O‘zbekiston iqtisodiyoti va sanoatiga katta hissa qo‘shish maqsad qilib olingan.

«Majid Al Futtaim» Toshkentda ikkita yangi «Carrefour» gipermarketini joriy yilning mart-aprel oylarida ishga tushirishni rejalashtirgan. Gipermarketlar «UzOman»ga tegishli bo‘lgan eng yirik «Samarqand Darvoza» va «Compass» savdo-ko‘ngilochar markazlarida joylashadi.

Anglashiladiki, O‘zbekistondagi yirik savdo-ko‘ngilochar «Samarqand Darvoza» va «Compass» markazlari ma'muri – «O‘zbek-O‘mon investitsiya kompaniyasi» MChJ o‘z binolarida ijara huquqi asosida faoliyat yuritayotgan «Makro» supermarketlari bilan tuzilgan shartnomani bekor qilmay, ushbu nuqtalarda «Majid Al Futtaim» kompaniyasiga tegishli «Carrefour» supermarketlari ish boshlashini ma'lum qildi.

2019 yili «Akfa Group» bilan imzolangan shartnomada barcha – 7ta do‘kon ham «Akfa Group»ga tegishli mulklarda joylashishi haqida ta'kid mavjud edi.

Ushbu vaziyatga «Carrefour» quyidagicha izoh berdi:

«Katta rejalarni hisobga olgan holda, biz sheriklarimiz-hamkorlarimiz ro‘yxatini kengaytirish ustida ish olib bormoqdamiz va keyingi do‘konlarni joylashtirish uchun turli istiqbolli savdo maydonlarini ko‘rib chiqmoqdamiz».  

Bayonotda ta'kidlanishicha, «Akfa Group» va O‘zbekistondagi boshqa chakana ko‘chmas mulk egalari bilan hamkorlik o‘z navbatida uzoq muddatli ijaraga asoslangan hamkorlikdir.

«Unga muvofiq bizning kompaniyamiz do‘konlarni ochish uchun zamonaviy chakana savdoning yuqori standartlariga ega chakana savdo maydonchalarini ijaraga oladi», – deyiladi xabarda.

«Carrefour»ning ushbu bayonoti «Samarqand Darvoza» savdo-ko‘ngilochar markazi va «Makro» o‘rtasida yuzaga kelgan ziddiyat fonida paydo bo‘ldi.

«Makro» vakilining Kun.uz'ga aytishicha, «Samarqand Darvoza» ma'muriyati shu yilning 6 yanvar kuni («Majid Al Futtaim» va «UzOman» strategik hamkorlik aloqalarini o‘rnatishi haqidagi xabar tarqalishidan bir kun avval) ijaraga olingan maydonni qaytarib berishni so‘rab, xat yo‘llagan.

Mavzuga oid