Jamiyat | 18:53 / 11.02.2021
6033
2 daqiqa o‘qiladi

Saylovlarga tashrif buyuruvchi xalqaro kuzatuvchilarning xarajatlarini qaysi tomon qoplab berishi ma'lum qilindi

O‘zbekistondagi saylovlarga tashrif buyurgan xalqaro kuzatuvchilarning xarajatlari, agar shartnomalarda nazarda tutilgan bo‘lsa ularning o‘zlari tomonidan qoplanadi. Bu haqda Markaziy saylov komissiyasi kotibiyat rahbari Xudoyor Mamatov AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma'lum qildi.

Ma'lum qilinishicha, O‘zbekistonning davlatlaro, hukumatlararo shartnomalari va parlamentlararo do‘stlik komissiyalarida belgilangan tartiblardan kelib chiqib saylovlarga tashrif buyuruvchi xalqaro kuzatuvchilar ikki toifaga bo‘linadi:

  • xorijiy davlatlardan keladigan, saylov qonunchiligiga qiziqadigan ekspertlar, mutaxassislar yoki xorijiy davlatlarning saylov komissiyasi a'zolari;
  • xalqaro tashkilotlarning kuzatuvchisi bo‘lgan missiyalari.

«Biz saylov kompaniyalari boshlanganini e'lon qilganimizdan keyin, ular Tashqi ishlar vazirligi orqali bizga saylovlarda qatnashish istagini bildirishadi. Ushbu murojaatlar asosida Markaziy saylov komissiyasi ularga taklifnoma yuboradi.

Xarajatlariga keladigan bo‘lsak, agar shartnomalarda ko‘zda tutilgan bo‘lsa, saylovlarga tashrif buyuradigan xalqaro tashkilotlar vakillarining xarajatlari ularning o‘z hisobidan qoplanadi. Shuningdek, boshqa davlatlar saylov komissiyalari vakillarining xarajatlari o‘sha davlatlar saylov komissiyalari tomonidan qoplanishi mumkin.

Ba'zan O‘zbekiston Respublikasi saylov sohasidagi ko‘zga ko‘ringan davlat arboblari va mutaxassislarni taklif qiladigan bo‘lsa, ularning xarajatining bir qismi Markaziy saylov komissiyasiga ajratilgan mablag‘lar hisobidan ham qoplanishi mumkin», deya Xudoyor Mamatovning so‘zlarini keltirib o‘tmoqda Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid