O‘zbekiston | 18:48 / 08.10.2024
3388
3 daqiqa o‘qiladi

Saylovda muddatidan oldin ovoz berish kunlari va vaqti belgilandi

Saylov kuni o‘z yashash joyida bo‘lmagan saylovchilar 16-23 oktyabr kunlari muddatidan oldin ovoz berishi mumkin.

Foto: Markaziy saylov komissiyasi

Markaziy saylov komissiyasi (MSK) majlisida saylovchilarning muddatidan oldin ovoz berishini tashkil qilish, nogironligi bo‘lgan shaxslarning saylov huquqlarini ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar, xorijiy davlat kuzatuvchilarini akkreditatsiyadan o‘tkazish hamda boshqa masalalar ko‘rib chiqildi.

Majlisda saylov kuni o‘z yashash joyida bo‘lmagan saylovchilar uchun 2024 yil 16-23 oktyabr kunlari muddatidan oldin ovoz berishni tashkil etish to‘g‘risidagi Markaziy saylov komissiyasining qarori qabul qilindi.

Muddatidan oldin ovoz berish kunlari saylov uchastkalarida ovoz berish vaqti ish kunlari soat 9:00 dan 18:00 ga qadar, dam olish kunlari esa soat 11:00 dan 17:00 ga qadar davom etishi belgilandi. Bundan tashqari, O‘zbekistonning chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida tuzilgan saylov uchastkalarida muddatidan oldin ovoz berish ushbu saylov uchastkalari joylashgan davlatdagi mahalliy vaqt bilan soat 9:00 dan 18:00 ga qadar amalga oshirilishi belgilandi.

Qayd qilinishicha, 27 oktyabr kuni o‘tkaziladigan saylovda Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga 11 nafar va mahalliy Kengashlarga 605 nafar nogironligi bo‘lgan shaxs deputatlikka nomzod sifatida ro‘yxatga olingan.

Majlisda nogironligi bo‘lgan shaxslarga o‘z saylov huquqlarini amalga oshirishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida saylov byulletenlarini to‘ldirish uchun Brayl alifbosi asosidagi trafaret namunasini tasdiqlash, saylov uchastkalarida nogironligi bo‘lgan va jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslar uchun maxsus jihozlangan yashirin ovoz berish kabinalari, optik lupalar (kattalashtiruvchi oynalar) hamda qo‘shimcha yoritkichlar o‘rnatish hamda saylov uchastkasiga mustaqil ravishda bora olmaydigan saylovchilarning saylov kuni turar joylarida ovoz berishini tashkil etish masalalari muhokama qilinib, tegishli qaror qabul qilindi.

Shuningdek, MSK qarori bilan Turkiy Davlatlar Parlament Assambleyasining 19 nafar, Shanxay hamkorlik tashkiloti, MDH Parlamentlararo Assambleyasi, Rossiya va Xitoydan 2 nafardan, AQSh 3 nafar hamda Buyuk Britaniya, Latviya, Litva, Fransiya, Hindiston va Yaponiyaning 1 nafardan vakili, jami 36 nafar xorijiy va xalqaro kuzatuvchi akkreditatsiyadan o‘tkazildi.

Mavzuga oid