O‘zbekiston | 15:26 / 12.02.2021
3030
4 daqiqa o‘qiladi

2020 yilda 4 mln iste'molchining huquqlari buzilgani ma'lum qilindi

Foto: Shutterstock

Amaldagi ma'muriy jazo choralari iste'molchilar huquqlarini buzish holatlarining oldini olish hamda tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan sifatli xizmatlar ko‘rsatishni to‘liq ta'minlay olmayotganligi sababli “Iste'molchilarning huquqlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Kun.uz muxbirining ma'lum qilishicha, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Adolat” SDP fraksiyasi yig‘ilishida hukumat tomonidan Qonunchilik palatasiga kiritilgan “Iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi muhokama qilindi. 

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi huzuridagi Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi direktori Elmurod Hayitmetovning bergan ma'lumotlariga ko‘ra, tovar hamda savdo qilish qoidalari to‘g‘risidagi ma'lumotlar ko‘p hollarda boshqa tillarda aks ettirilishi kuzatilmoqda. Bu holat iste'molchilarning huquqlarini to‘liq ro‘yobga chiqarilishiga to‘sqinlik qilib kelmoqda. Xususan, Fransiya, Rossiya, Ukraina, Qozog‘iston, Isroil kabi davlatlar qonunchiligida tovarlar (xizmatlar)  to‘g‘risidagi ma'lumotlar davlat tilida berilishi mustahkamlab qo‘yilgan.

 “Iste'molchilarning huquqlari to‘g‘risida”gi qonunga kiritilayotgan o‘zgartirishga ko‘ra, endilikda iste'molchiga tovar (ish, xizmat), savdo va xizmat ko‘rsatish qoidalari to‘g‘risidagi ma'lumotlar davlat tilida taqdim etilishi (kelishuvga ko‘ra – boshqa tillarda ham) belgilanmoqda. Sotuvchilarga bir turdagi tovarlar uchun haq to‘lash shakliga qarab (naqd va naqd pulsiz) har xil narx (tarif) belgilash taqiqlanmoqda.

Loyihada yuridik shaxs bo‘lgan ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi)ning bir qator huquqbuzarliklari uchun moliyaviy sanksiyalar belgilash ham nazarda tutilmoqda. Xususan, iste'molchini qo‘shimcha xizmatdan foydalanishga qistaganlik, qalbakilashtirilgan oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish hamda olib kirish va realizatsiya qilish holatlarida Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi va Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining hududiy boshqarmalari tomonidan sud orqali moliyaviy moliyaviy sanksiya qo‘llaniladi. 

Shuningdek, qonun loyihasida tovarlarni masofadan turib, axborot tizimlaridan foydalangan holda realizatsiya qilish holatlarida ham iste'molchilar huquqlarini himoya qilish mexanizimlari joriy etilmoqda. Ya'ni sotuvchi shartnoma tuzilgunga qadar iste'molchiga tovar yoki uni yetkazib berish tartibi va boshqa shartlar to‘g‘risida oldindan ma'lumotlarni taqdim etadi. Belgilangan muddatlarda to‘langan summa qaytarilmagan taqdirda esa har bir kun uchun tovar narxining 1 foizi miqdorida penya to‘laydi.

Yig‘ilishda 2020 yilda nazorat xaridlari natijalariga ko‘ra fuqarolarga 10 ta tur bo‘yicha 79 ta nomdagi sifatsiz mahsulotlar sotilganligi hamda 4 mln iste'molchilarning huquqlari buzilganligini ham ta'kidlandi.

Mavzuga oid