Jamiyat | 22:49 / 17.02.2021
13139
2 daqiqa o‘qiladi

«Qizil kitob»ga kiritilgan Buxoro xongulining o‘ldirilgani yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Samarqand viloyat prokuraturasi Zarafshon milliy tabiat bog‘ida «Qizil kitob»ga kiritilgan noyob turdagi Buxoro xongulining o‘ldirilgani yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma'lum qildi.

Prokuratura munosabatiga ko‘ra, fuqaro D.D. Jomboy tuman prokuraturasiga murojaat qilib, 8 fevral kuni Zarafshon milliy tabiat bog‘i hududida yurgan vaqtda mazkur bog‘ rahbari va 1-uchastka nozirlari bug‘uni otishganligini ko‘rganini ma'lum qilgan. Shuningdek, 9 fevral kuni bug‘u so‘yilgan joyga borib, uning bo‘lingan kallasi, terilarini yig‘ib uyiga olib kelib, videotasvirga olganligini bayon qilib, ushbu holat yuzasidan aybdor shaxslarga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

Mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilib, voqea sodir bo‘lgan joy hamda Zarafshon milliy tabiat bog‘i rahbariga tegishli avtomashina ko‘zdan kechirilgan.

Tekshiruv natijasida hayvonot dunyosiga 36 mln 750 ming so‘m zarar yetkazilganligi inobatga olinib, Jomboy tuman prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 202-moddasi 3-qismi «j» bandi bilan (O‘zbekiston Respublikasi «Qizil kitob»iga kiritilgan bug‘uni nobud qilgan holda hayvonot dunyosidan foydalanish tartibini buzish) jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borish uchun Jomboy tuman IIB TBga yuborildi, deyiladi viloyat prokuraturasi xabarida.

Jinoyat ishi tergovi Jomboy tuman prokuraturasi tomonidan nazoratga olingani aytilgan.

Eslatib o‘tamiz, ushbu holat bo‘yicha Kun.uz ga xabar bergan fuqaro bug‘u otilganidan so‘ng bog‘ rahbarining xizmat mashinasiga ortilib, daryo bo‘yiga olib chiqilgani va terisi shilingani haqida aytgandi

Mavzuga oid