O‘zbekiston | 18:10 / 13.01.2024
9704
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda Zarafshon milliy tabiat bog‘iga qarashli hududda yirik yong‘in yuz berdi

Bu bog‘da 2021 va 2022 yillarda ham ikki martadan yong‘inlar sodir bo‘lgan va tabiatga ko‘p miqdorda zarar yetgan edi.

Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand viloyati Toyloq tumanida sodir bo‘layotgan yong‘in tasvirlangan video tarqaldi.

Videoda olov juda katta hududni qamrab olgani va alanga ancha yuqoriga ko‘tarilayotganini ko‘rish mumkin.

Kun.uz manbasiga ko‘ra, yong‘in Jomboy tumanida, Zarafshon daryosi bo‘yida joylashgan Zarafshon milliy tabiat bog‘iga qarashli o‘rmonda sodir bo‘lmoqda.

Zarafshon milliy tabiat bog‘iga qarashli hududda tez-tez yong‘in sodir bo‘ladi. Jumladan, bog‘ hududida 2021 va 2022 yillarda ikki martadan yong‘in sodir bo‘lgandi.

2022 yilda Zarafshon milliy tabiat bog‘ini O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasidan Davlat Ekologiya qo‘mitasi tarkibiga o‘tkazish haqidagi qaror loyihasi e’lon qilingandi.

Ma’lumot uchun, Zarafshon milliy tabiat bog‘i O‘zbekistondagi 10 qo‘riqxona va milliy bog‘lardan biri bo‘lib, 1975 yilda qo‘riqxona sifatida tashkil qilingan, keyinchalik milliy tabiat bog‘iga aylantirilgan. Bog‘ maydoni 2352 gektarni tashkil qiladi va u Zarafshon daryosi bo‘ylab 47 kilometrga cho‘zilgan. Bog‘ning asosiy maqsadi – respublikada yo‘qolib borayotgan jonzotlar populyatsiyasini tiklash va saqlash, boshqa qush va hayvonlar turlarini muhofaza qilishdan iborat. Bu yerda 1995 yildan Buxoro bug‘usini ko‘paytirish ishlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid