O‘zbekiston | 22:56 / 18.02.2021
25254
2 daqiqa o‘qiladi

«Qanday yoqimli!» - prezident masjiddan yangrayotgan azon haqida

Prezident Shavkat Mirziyoyev Namangan shahridagi xonadonlardan birida mehmon bo‘lib, xonadon ahli va ularning qo‘shnilari bilan muloqot qildi. Muloqot paytida shu yaqin atrofdagi masjiddan azon yangradi.

«Xudoga shukr, oldin azonlar eshitarmidik? Qanday quloqqa yoqimli!

Hamma narsa yopiq edi, ko‘p narsa mumkin emasdi. «Mumkin emas...» Nimaga mumkin emas? Nimaga? Bu ham o‘zligimizni anglash, qadriyat!

Islom dinini o‘qigan, to‘g‘ri tahlil qilgan, to‘g‘ri yo‘l tanlagan odam hech qachon kam bo‘lmaydi. Dinimizning buyukligini, dinimizning insonparvarligini, ezguligini tarannum qilishimiz kerak. Bu ham bizning ertangi kunimiz, o‘zligimiz, tariximiz.

Imom Buxoriy bobomizdek buyuk alloma qayerda bor, qaysi yurtda bor? Moturidiy, Termiziy, Marg‘iloniydek bobolarimiz qayerda bor?

Mana, Toshkentda Islom sivilizatsiyasi markazini qurganimiz ham o‘zligimizni anglash uchun. Yoshlarimizga bobolaring kim edi, sen kimga munosib bo‘lishing kerak, kimdan o‘rnak olishing kerak degan savollarni ko‘ndalang qo‘yish vaqt-soati keldi», – dedi prezident.

Mavzuga oid