Jazo ketidan jazo. Qonunchilik jarayoni OAVga nisbatan biryoqlama ishlayapti(mi?)
Shavkat Mirziyoyev prezidentlikka kelganidan so‘ng O‘zbekistonda so‘z erkinligini ta'minlashga ham jiddiy e'tibor qaratmoqda. Buning ortidan jamiyatda OAV, shu jumladan, blogerlarning ta'siri sezilarli darajada oshmoqda. OAV vakillari ko‘targan jiddiy muammolar o‘z yechimini topa boshladi. Qiziqchi Hojiboy Tojiboyev ta'biri bilan aytganda, bir xor bo‘lgan kasb bir ulug‘ bo‘la boshladi. Odamlar jurnalistlar bilan «yengi bilan ko‘rishmaydigan» bo‘ldi.
Biroq so‘nggi bir necha oydagi qonun ijodkorligi jarayoni, qabul qilingan qonunlar va qabul qilinayotganlari go‘yoki jurnalist va blogerlarning har bitta qadamini tahlika bilan bosishga majbur qilish, xato qiladigan bo‘lsa, shafqatsiz jazolash siyosati olib borilayotganday taassurot qoldirmoqda. Endilikda jurnalist yo blogerlik xuddi dorboz va sapyor kabi xato qilishga haqsiz kasbga aylantirilayotgandek, go‘yo.
Qonunlar misolida ko‘rib chiqamiz
2020 yil 25 dekabr kuni imzolangan 658-sonli qonun bilan shaxsning qadr-qimmati kamsitilishiga yoki uning obro‘sizlantirilishiga olib keladigan yoki jamoat tartibiga va xavfsizligiga tahdid soladigan yolg‘on axborotni tarqatganlik uchun ma'muriy va jinoiy javobgarliklar belgilandi. Yolg‘on axborot tarqatish qoralanadigan harakat, buni OAV yoki blogosfera vakilining o‘zi ham ma'qullaydi. Ammo ushbu huquqbuzarlik uchun belgilangan jazolar bilan tanishgan har qanday inson qonunning ezgu maqsadda ishlab chiqilganiga shubhalanib qolsa ajab emas. Jazolar quyidagicha:
Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks 202-2-moddasiga ko‘ra:
- shaxsning qadr-qimmati kamsitilishiga yoki uning obro‘sizlantirilishiga olib keladigan yolg‘on axborotni tarqatish, shu jumladan, OAVda, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki internet tarmog‘ida tarqatish – BHMning 50 baravari - 12 mln 250 ming so‘m;
- jamoat tartibiga yoki jamoat xavfsizligiga tahdid soluvchi yolg‘on axborotni tarqatish, shu jumladan, OAVda, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki internet tarmog‘ida tarqatish – BHMning 50–100 baravari - 12 mln 250 ming so‘mdan 24 mln 500 ming so‘mgacha jarima solishga sabab bo‘ladi.
Jinoyat kodeksining 244-6-moddasiga ko‘ra:
- shaxsning qadr-qimmati kamsitilishiga yoki uning obro‘sizlantirilishiga olib keladigan yolg‘on axborot tarqatish – BHMning 150 baravarigacha - 36 mln 750 ming so‘m miqdorida jarima yoki 240 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 2 yilgacha ozodlikni cheklash bilan;
- jamoat tartibiga yoki jamoat xavfsizligiga tahdid soluvchi yolg‘on axborotni tarqatish, shu jumladan, OAVda, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki internet tarmog‘ida tarqatish – BHMning 200 baravarigacha - 49 mln so‘m miqdorda jarima yoki 300 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 2 yilgacha ozodlikni cheklash bilan jazolanadi.
- Ushbu moddaning uchinchi va to‘rtinchi qismlarida yuqoridagi jinoyatlarni javobgarlikni og‘irlashtiradigan holatlarda sodir etganlik uchun yana ham og‘irroq jazo choralari – BHMning 400 baravarigacha, ya'ni 98 mln so‘m jarima yoki uch yilgacha ozodlikni cheklash belgilangan.
To‘g‘ri, tuhmat, haqorat qilganlik uchun ozodlikdan mahrum qilish jazosini qo‘llash bekor qilinganini ham e'tirof etish lozim, ammo bir og‘ir jazoni olib tashlab, shunga yaqinroq g‘ayrihuquqiy qilmish va yanada og‘irroq jazo choralari kiritilishidan qanday maqsad ko‘zlangan?
Eng qizig‘i, hali jamoatchilik ushbu qonunni hazm qilishga ulgurmay turib, ketidan yangi qonunni qabul qilish harakati boshlab yuborildi.
«Milliy tiklanish» va «Adolat» partiyalari tomonidan ishlab chiqilgan Jinoyat kodeksi, Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks va «Axborotlashtirish to‘g‘risida»gi qonun loyihasida:
Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga fuqarolarni O‘zbekiston qonunchilik hujjatlari talablarini bajarmaslikka yoki buzishga, shu jumladan, OAVdan, telekommunikatsiyalar tarmoqlaridan, internet jahon axborot tarmog‘idan, shuningdek, matnni nashr etish yoki boshqa shaklda ko‘paytirish turlaridan foydalangan holda ommaviy da'vat qilganlik uchun 14 mln so‘mdan qariyb 20 mln so‘mgacha (BHM 60 baravaridan 80 baravarigacha) jarimani nazarda tutuvchi normalarni kiritish;
Jinoyat kodeksiga hokimiyat vakillarining qonuniy talablariga faollik bilan bo‘ysunmaslikka, ommaviy tartibsizlikka yoki fuqarolarga nisbatan zo‘ravonlik qilishga ommaviy da'vat qilganlik uchun BHM 100 baravaridan 300 baravarigacha (24 mln 500 ming so‘mdan 73 mln 500 ming so‘mgacha!) jarima yoki 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish, xuddi shu harakatlarni bir guruh shaxslar bilan oldindan til biriktirish orqali yoxud OAVdan, telekommunikatsiya tarmoqlaridan, internet jahon axborot tarmog‘idan, shuningdek, matnni nashr etish yoki boshqa shaklda ko‘paytirish turlaridan foydalangan holda sodir etganlik uchun BHM 300 baravaridan 400 baravarigacha (73 mln 500 ming so‘mdan 98 mln so‘mgacha!) jarima yoki 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosini belgilovchi normalar bilan to‘ldirish taklif etilmoqda.
Shuningdek, ushbu qonun qabul qilinadigan bo‘lsa, blogerlarga bir qator majburiyatlar ham yuklanishi mumkin.
Mazkur qonun loyihasi ishlab chiqilishiga, ehtimol so‘nggi vaqtlarda xorijiy davlatlar, xususan, Belarus va Rossiyada yuz bergan ommaviy tartibsizliklar sabab bo‘lgan bo‘lsa ajab emas.
Rivojlangan davlatlarda jarimalar baland bo‘lishi mumkin, ammo mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori 747 ming so‘m bo‘lgan davlat uchun loyihada taklif etilayotgan jarimalar balandlik qilmaydimi?
Yana bir haqli savol tug‘iladi: nega «davlat xizmatchilarining daromad va xarajatlar bo‘yicha deklaratsiya to‘ldirishga oid qonunlarni qabul qilishga hali tayyor emasmiz» deymiz-u, yuqoridagi qonunlar bir necha kun ichida qabul qilib tashlanadi?
Nega davlat xaridlaridagi o‘yinlar, poraxo‘rlik va boshqa ko‘plab korrupsion jinoyatlar orqali davlatga milliardlab zarar yetkazayotganlarning shaxsini ommaga oshkor qilishni nazarda tutuvchi qonunlar OAV va blogerlarni qo‘rqitib qo‘yuvchi yuqoridagi qonunlar kabi qisqa fursatlarda ishlab chiqilib, qabul qilinmaydi?
Darvoqe, MJtKga yaqindagina kiritilgan norma - davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonunchilikni buzishning eng og‘ir darajasi uchun (!) BHMning bor yo‘g‘i 30 baravari miqdorida ma'muriy jarima belgilangan. Yuqoridagi moddalarda esa jurnalist yoki bloger (katta ehtimol bilan)ga eng yengil jazo BHMning 50-60 baravarini tashkil etmoqda, eng og‘ir jazolarni (BHMning 200-300 baravari) gapirmasa ham bo‘ladi. U buncha pulni qayerdan to‘laydi, axir qonunni buzgan mansabdorga o‘xshab davlat xaridlaridagi o‘yinlardan daromad ko‘rmayaptiku! Bu savollar qonun chiqaruvchini umuman qiziqtirmaydi. Aks holda, bu darajadagi kosmik miqdordagi jarimalar belgilanmas edi.
Aslida davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun jazo belgilovchi normani hech ikkilanmay jinoyat kodeksiga ham kiritish mumkin edi. Biroq hozircha negadir faqat jurnalist va blogerlarni «ramkada saqlash»ga qaratilgan jinoiy javobgarliklar joriy etilmoqda. Qonun chiqarish sohasida ikki toifaga bo‘layotgan ikki xil munosabatni o‘zingiz solishtirib olavering.
Qonunchilikdagi yana bir og‘riqli nuqtamiz shundaki, OAV yoki bloger faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik, so‘z erkinligiga tahdid qilganlik uchun jinoiy tugul hatto ma'muriy javobgarlik ham belgilanmagan. Ularning faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik uchun hech qanday qonuniy javobgarlik belgilamasdan, hadeb ularning mas'uliyatini oshiruvchi, qat'iy talablar qo‘yuvchi qonunlarni ishlab chiqaverish tarozi pallasi «manfaatdor doira»lar tomonga og‘ib ketayotganini anglatmaydimi?
Qimmat jarimalarni belgilashda misol keltirishni yaxshi ko‘radiganimiz xorijiy davlatlar qonunchiligida bu masala qanday tartibga solingan o‘zi?
Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 144-moddasida jurnalistlarning qonuniy kasbiy faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilangan bo‘lib, ushbu qilmish uchun 6 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan. Rossiya Federatsiyasi Ma'muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi kodeksining 13.16-moddasida OAV materiallarining qonuniy asosda tarqatilishiga to‘sqinlik qilganlik uchun ma'muriy javobgarlik ham o‘rnatilgan. Shuningdek, Belarus Respublikasi Jinoyat kodeksining 198-moddasida, Qozog‘iston Respublikasi Jinoyat kodeksining 158-moddasida, Tojikiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 162-moddasida ham jurnalistlarning qonuniy kasbiy faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilangan.
Belarus qonunchiligi so‘z erkinligini himoya qilish masalasida biznikidan shunchalik oldindaki, hattoki tanqid qilgan fuqarolarni ta'qib qilganlik uchun ham jinoiy javobgarlik joriy etilgan. Tojikiston Jinoyat kodeksining 163-moddasi ikkinchi qismida ham shunga o‘xshash javobgarlik o‘rnatilgan.
Bizda ham bu masalada qandaydir harakatlar boshlangan, AOKA tomonidan jurnalistning qonuniy professional faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik uchun ma'muriy bo‘lsa-da javobgarlik joriy qilish bo‘yicha qonun loyihasi ishlab chiqilgan edi. Biroq afsuski, loyihaligicha qolib ketdi.
Xulosa o‘rnida aytish lozimki, jurnalist yoki bloger o‘z kasbini suiiste'mol qilishini hech kim oqlamaydi. Ushbu holatlarning oldini olishga qaratilgan qonunlarni umumiy miqyosda muhokama qilmoqchi ham emasmiz, ammo ularda bu qadar keskin qarorlarga nisbatan savollar bisyor.
Shuningdek, jurnalist yoki bloger uchun turli-tuman javobgarliklarni joriy qilishda faol bo‘layotgan partiyalardan ularni himoya qiluvchi, ularning faoliyatiga to‘sqinlik qilishni so‘zsiz jazolovchi qonunlarni ishlab chiqishda ham mana shunday faol bo‘lishni so‘rab qolamiz.
Abbos Salaydinov
Mavzuga oid
15:00 / 21.12.2024
Kun.uz'ning YouTube'dagi obunachilari soni 3 milliondan oshdi
15:08 / 13.12.2024
Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov iqtisodchi Otabek Bakirov ustidan huquq organlariga ariza berdi
21:49 / 12.12.2024
Avstraliya internet kompaniyalarni mahalliy OAV kontenti uchun pul to‘lashga majbur qiladi
16:05 / 16.11.2024