Jahon | 16:41 / 05.03.2021
12575
6 daqiqa o‘qiladi

Markaziy Osiyodagi «vaksina diplomatiyasi»: Rossiyami yoki Xitoy?

Markaziy Osiyodagi ko‘p tomonlama hamkorlik prinsiplari nafaqat tashqi siyosatda, balki vaksina tanlovida ham o‘z isbotini topmoqdami?

Foto: Pixabay

Markaziy Osiyoda «vaksina diplomatiyasi» dolzarb mavzudir. Bu mintaqa haqida ko‘pchilik tahlilchilar tomonidan ishlatiladigan «geosiyosiy jang maydoni» termini bilan ayni vaqtda yaxshi birlashadi. Rossiya va Xitoy koronavirusga qarshi vaksina ishlab chiqarish maydonidagi asosiy davlatlar ekanligini hisobga olsak, ularning mintaqadagi harakatlari bir-biriga qarama-qarshi bo‘lishi tabiiy.

Kolumbiya universitetining Harriman instituti direktori Aleksandr Kuliy Markaziy Osiyo masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan onlayn konferensiyada Xitoyning Markaziy Osiyodagi «vaksina diplomatiyasi» xuddi pandemiya boshlangan qiyin davrda Yevropa Ittifoqi mamlakatlari bilan olib borilgan «niqob diplomatiyasi»ga o‘xshashligini ta'kidlaydi.

Xitoy pandemiyaning qiyin davrida Yevropa mamlakatlariga gumanitar yordam sifatida katta miqdorda yordam va niqoblar jo‘natdi va «Bir makon, bir yo‘l» dasturiga qarshi ko‘plab G‘arb mamlakatlari bilan kelishuvlarga erishdi. Hozirda Markaziy Osiyodagi harakatlari ham xuddi shu harakatlarning bir ko‘rinishi hisoblanadi», deydi Kuliy.

So‘nggi o‘n yil ichida Xitoyning Markaziy Osiyodagi eng asosiy savdo sherigi bo‘lgan Qozog‘istonda hozircha Xitoy vaksinasidan foydalanish bo‘yicha aniq rejalar mavjud emas. Qozog‘iston 2021 yil fevral oyining boshida koronavirusga qarshi emlash harakatlarini Rossiyaning Sputnik V vaksinasidan 22 ming doza xarid qilishdan boshladi va qo‘shimcha vaksinalar mahalliy ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan.

Qozog‘iston rasmiylarining ma'lum qilishicha, bahordan mamlakat fuqarolarini emlashda mahalliy QazCovid vaksinasidan foydalanish boshlanadi. Shuningdek, 2021 yilning ikkinchi yarmidan AQSh/Germaniyaning Pfizer-BioNTech vaksinasini xarid qilish masalasi ko‘rib chiqilmoqda.

Xabarlarga ko‘ra, Qozog‘iston hukumati Xitoyning Sinopharm va Sinovac Biontech firmalari bilan muzokaralar olib bormoqda, ammo ikki tomonlama aniq takliflar yo‘q.

Dastlab Xitoyning «Bir makon, bir yo‘l» loyihasiga qiziqish bildirmagan, ammo Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelishi natijasida Xitoy bilan hamkorlikni sezilarli darajada rivojlantirgan O‘zbekistonda vaziyat boshqacharoq. Yaqinda O‘zbekiston o‘z fuqarolarini emlash harakatlarini Xitoyning Zhifei Longcom biofarmatsevtik firmasi vaksinasi dozalari bilan boshladi. Hozirda mamlakatda emlash sinovlari o‘tkazilmoqda.

Shuningdek, Rossiyaning Sputnik V vaksinasining klinik sinovlari yakunlangan va bu vaksinani qo‘llashga ruxsat berilgan, ammo bu vaksinada aholini ommaviy emlash jarayoni hali boshlanmagan. Shu bilan bir qatorda, Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning bayonotiga ko‘ra, O‘zbekistonda Sputnik V vaksinasini ishlab chiqarishga ruxsat berish masalasi ko‘rib chiqilmoqda (Qozog‘istonda Sputnik V ishlab chiqarish amalga oshirilmoqda).

Fevral oyi boshida o‘tkazilgan so‘rovnomaga ko‘ra, Markaziy Osiyo xalqlarining aksariyati Rossiyani koronavirusga qarshi kurashda yordam berishda «eng yaxshi mamlakat» sifatida baholashgan.

So‘rovnomada qatnashgan qirg‘izlarning 75,5 foizi, o‘zbeklarning 57,8 foizi va qozoqlarning 51,6 foizi Covid-19 infeksiyasiga qarshi kurashishda Rossiya bilan hamkorlik qilishni qo‘llab-quvvatlagan. Qozoqlarning 19,1 foizi, o‘zbeklarning 13,6 foizi va qirg‘izlarning 7,5 foizi Xitoy vaksinasidan foydalanish kerakligini ta'kidlashgan. Yoshi katta odamlarning juda katta qismi Rossiya bilan hamkorlik qilish kerakligini, yoshlar esa boshqa davlat vaksinasidan foydalanish ko‘proq samara berishini aytib o‘tgan.

Bugungi kunda Markaziy Osiyo davlatlarida vaksina tanlovida juda katta ikkilanishlar mavjud, bunda siyosiy omillar ham qaysidir ma'noda katta ta'sir o‘tkazmoqda.

Shuningdek, O‘zbekiston, Tojikiston, Qirg‘iziston Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining COVAX tashabbusi doirasida vaksina ta'minotidan foydalanish huquqiga ega bo‘ldi, ammo barcha vaksinalardan bir xil darajada foydalanish mumkin emas.

Qirg‘iziston sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosari Nurbolot Usenbayev o‘ta sovuqda saqlash talablarini hisobga olib, mamlakatda Pfizer  vaksinasidan foydalanish imkoniyatlariga shubha bilan qaragan. Hozirda Qirg‘izistonda uch bosqichli emlash harakatlari rejalashtirilmoqda, ehtimol bu Sputnik V vaksinasidan boshlanadi va keyinchalik AstraZeneca-Oksford vaksinasini (Hindistonda ishlab chiqarilgan) qo‘llash bilan tugaydi.

Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi vaksina tanlovlari ixtiyoriy deb ta'kidlansa-da, dunyoning boshqa joylarida bo‘lgani kabi, asosiy masala mamlakat aholisi uchun yetarli miqdordagi va ishonchli vaksina dozalarini olib kelish emas, balki iqtisodiy va siyosiy hamkor davlatlari bilan aloqalar yomonlashishining oldini olishga bo‘lgan harakatga o‘xshamoqda. Markaziy Osiyoda ko‘p tomonlama hamkorlik nafaqat tashqi siyosatda, balki vaksina tanlovida ham o‘z isbotini topayotganga o‘xshamoqda.

  • O‘zbekiston Xitoyning ZF 2001 vaksinasini birga yaratgan hammuallif mamlakat sifatida belgilanib, yangi vaksina ZF-UZ-VAC 2001 nomi ostida birgalikda ishlab chiqarilishi va foydalanishga topshirilishi xabar qilingandi. Shuningdek, ushbu vaksinadan 1 million doza xarid qilish haqida qaror qabul qilingan.
  • Shuningdek, Rossiya vaksinasini sertifikatlashtirish jarayoni 11 fevral kuni Rossiya vaksinasini ishlab chiquvchilaridan zarur materiallar, xususan, vaksinaning klinik sinovlarining uchinchi bosqichi natijalari olinganidan so‘ng boshlangandi.
  • Keyinroq, O‘zbekistonda Sputnik V vaksinasini qo‘llashga ruxsat berilib, ushbu vaksinadan 1 million doza xarid qilish yuzasidan amaliy choralar ko‘rilishi aytib o‘tilgan.

Mavzuga oid