Vaksinadan tashqari niqob taqish va ijtimoiy masofa saqlashni ham davom ettirish shart - JSST vakili
O‘zbekistonga AstraZeneca (Covishield) vaksinalarining navbatdagi partiyasi shu yilning may oyida keltirilishi kutilmoqda. Bu haqda UNICEF’ning O‘zbekistondagi vakili Munir Mamedzade Kun.uz muxbiriga bergan intervyusida ma'lum qilgan.
«Navbatdagi partiya may oyida keladi. Bu vaksinadan jami 2,3 million doza keladi. Bugun 660 ming doza qabul qilib oldik. Boshlanishiga aholining 3 foizini qamrab olish nazarda tutilgan. Maqsadimiz esa yil oxirigacha (aholining) 20 foizini qamrab olishdir», degan u Toshkent xalqaro aeroportidagi tadbir vaqtida.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining O‘zbekistondagi vakili doktor Liann Kuppens normal hayot tarziga qachon qaytilishini kutish mumkinligi bo‘yicha gapirgan.
«Bu juda ham yaxshi va shu bilan birga murakkab savol. Bu dunyo yetakchilari, shuningdek, jamiyatga, odamlarning o‘ziga ham bog‘liq. Vaksinalar rasman juda ham muhim – ha. Lekin ular yetarli emas. Ixtiyorimizdagi vaksinalar, shu jumladan, biz kutib olganimiz bugungi vaksina AstraZeneca yakka o‘zi turib berolmaydi.
Vaksinalarni qo‘llash bilan birga niqob taqish, qo‘lni dezinfeksiyalash va ijtimoiy masofani saqlashni ham davom ettirish shart. Demak, vaksinalar yaxshi, lekin epidemiyani tugatish uchun yetarli emas. Bunga vaqt ham kerak. Ya'ni biz inqirozning o‘rtasida turibmiz. Dunyoning har burchagida shikastlanishlar oshib borayotganini ko‘ryapmiz. O‘zbekistonda kasallanish kam ekanligi baxtimizdir. Koronavirusning aslidan biroz boshqacha bo‘lgan shtammlar G‘arbiy Yevropada keng tarqalib, u yerdagi sog‘liqni saqlash tizimini falaj qilyapti. Yangi shtammlar Markaziy Osiyoga ham asta kirib kelyapti. Binobarin, biz ogoh bo‘lishimiz va tayyor turishimiz zarur», degan u.
Shuningdek, vaksinalarning xavfsizligi va samaradorligi borasidagi shubhalar va xavotirlar bo‘yicha izoh berildi.
«Odamlar qo‘rqmasligi kerak. JSST favqulodda foydalanishga ruxsat bergan vaksinalar judayam sinchkovlik bilan tahlildan o‘tgan. JSST uchun eng muhimi xavfsizlik, samaradorlik va sifatga ishonch hosil qilishdir. Xavfsizlik degani nojo‘ya ta'sirlar bilan bog‘liq. Albatta nojo‘ya ta'sirlar bo‘ladi – bosh og‘rig‘i, qo‘ldagi og‘riq. Lekin aksari juda kichik nojo‘ya ta'sirlar bo‘ladi.
Juda ham yomon nojo‘ya ta'sirlar bir-ikki holatlarda uchrab turadi. AstraZeneca vaksinasi chinakam kuchli, xavfsiz va samarali ekaniga JSSTning ishonchi komil va uning sifati juda ham yaxshi. Biz O‘zbekiston aholisini talab doirasida prioritetlarga ko‘ra emlashda davom etamiz deb umid qilamiz. Avval tibbiyot xodimlari, qariyalar...
JSST o‘laroq hukumat va sog‘liqni saqlash vazirligi emlash ravon kechishi uchun barcha narsani muhayyo qilganidan biz faxrlanamiz va xursandmiz», deydi u.
Mavzuga oid
18:07 / 22.12.2024
FT: AQSh Tramp prezidentligining birinchi kunida JSSTdan chiqishini e’lon qilishi mumkin
13:42 / 02.12.2024
Dunyoda 800 milliondan ortiq odam diabetdan azob chekadi - tadqiqot
19:15 / 15.11.2024
JSST: 2018 yildan beri dunyoda tibbiyot muassasalariga 7,4 mingdan ortiq hujum uyushtirildi
18:19 / 13.11.2024