Taqdir hazili: Samarqandda sud binosini qurgan qurilish korxonasi o‘sha binoda sud qilindi
Toyloq tuman sudi binosini qurgan «Xurshed baraka servis» MChJ o‘zini sud qilgan sudyaning kreslosini olib ketmoqchi...
«Xurshed baraka servis» MChJ raisi o‘rinbosari Muhayyo Sariboyeva ikki yil avval Samarqand viloyati Toyloq tumanida sudning yangi binosini qurib bergani va bir yil o‘tib mazkur binoda qurilish korxonasining o‘zini sud qilishgani haqida hikoya qilib berdi.
Ma'lum bo‘lishicha, tender savdolari o‘tkazish bo‘yicha viloyat komissiyasining 2018 yil 19 sentyabrdagi yig‘ilish bayoniga asosan «Xurshed baraka servis» MChJ 6 mlrd 638 mln 468 ming so‘mlik qurilish ishlarini 280 kun muddatda foydalanishga topshirish sharti bilan g‘olib bo‘lib, Toyloq tumanidagi jinoyat ishlari bo‘yicha tuman, tumanlararo iqtisodiy va fuqarolik sudlari binosini qurish huquqini qo‘lga kiritgan. O‘sha yilning 25 sentyabrida Samarqand viloyati hokimligi injiniring kompaniyasi bilan shartnoma imzolanadi.
2019 yil dekabrida Davlat qabul hay'ati qurilishi tugallangan binoni foydalanishga qabul qilish bo‘yicha dalolatnomani rasmiylashtiradi. Pudratchi «Xurshed baraka servis» MChJ tomonidan bajarilgan ishlar to‘g‘risida 2019 yil 19 dekabr kuni 6 mlrd 638,5 million so‘mlik hisob-faktura ma'lumotnomasi ham rasmiylashtiriladi. Tegishli shaxslar imzolagach, viloyat hokimligi injiniring kompaniyasi tomonidan qabul qilib olinadi.
Demak, bunday olib qaralganda, hammasi joyida, bino qurib berilgan, e'tirozlar bo‘lmagan va tantanali tarzda sud xodimlariga topshirilgan. Ochilish marosimida Oliy sud raisi Kozim Komilov, viloyat hokimi Erkinjon Turdimov ham ishtirok etgan edi.
«Haqiqatda korxonamiz tomonidan sud binosining qurilishi uchun 6 mlrd 638 mln 468 ming so‘mlik ish bajarilishi lozim edi. Ammo biz smetada ko‘rsatilgan ishlarni bajarishimiz davomida buyurtmachi tomonidan qo‘shimcha jihozlar olib kelib o‘rnatish talab qilindi. Xususan, Oliy va mahalliy sud xodimlari bilan o‘tkazilgan sayyor yig‘ilishlarda hamda og‘zaki ko‘rsatmalarda loyihada ko‘rsatilgan ish turini boshqasiga almashtirish, ya'ni loyiha-smetada ko‘rsatilgan vositalar o‘rniga qo‘shimcha qurilish ishlari olib borish, orgtexnika va mebel jihozlarini ko‘paytirishni so‘rashdi. Bajarilgan ish, mebel va jihozlarni qayta hisob-kitob qilish orqali bizning qo‘shimcha ish haqimiz to‘lab berilishi kerak edi.
Binoni qurib topshirdik. Toshkentdan mehmonlar kelishdi, hammaga namuna qilib ko‘rsatildi. Ammo bino uchun qo‘shimcha olingan jihozlarning to‘lovi to‘lanmadi. Biz boshqa bir korxonadan qariyb 400 million so‘mlik tovar olib, sud binosini jihozlagandik.
Sud binosi qurilishi uchun olgan qarzimizni o‘z vaqtida qaytara olmaganimizdan so‘ng, o‘sha korxona da'vosiga asosan ishimiz aynan o‘zimiz qurgan sud binosida ko‘rildi.
Qiziq tomoni, bizni sud qilayotganlarning o‘zi masala mohiyatini anglab turgan holda bizning zararimizga qaror qabul qildi. Qaror adolatsiz demoqchi emasman, ammo bizdan birovning haqini undirib bermoqchi bo‘layotgan sud tizimi nega o‘zimizning haqimizni bermaydi?» — dedi Muhayyo Sariboyeva.
Endi savol tug‘iladi: «Xurshed baraka servis» MChJ sohada tajribaga ega bir qurilish tashkiloti hisoblanadi. Shunday ekan, nega «xomlik qilib» sud binosini qurishda ortiqcha mablag‘ ishlatdi, jihoz o‘rnatdi?
Korxona mas'ullarining aytishicha, o‘sha vaqtda «ura-ura» bilan qayta smeta-loyiha qilishning mavridi bo‘lmagan. Qolaversa, katta bir davlat tashkiloti shunchaki bir qurilish korxonasini chuv tushirishi mumkinligini xayollariga keltirishmaydi.
Qolaversa, «Xurshed baraka servis» MChJ mas'ullarining qo‘lida 2020 yilning 24-25 dekabr kunlari tuzilgan ikkita dalolatnoma bor. Unga ko‘ra, haqiqatan ham sud binosi qurilishida bajarilgan ishning kamchiligi aniqlanmagani Samarqand viloyat DMNB bosh nazoratchi-taftishchisi, viloyat injiniring kompaniyasi direktori tomonidan tasdiqlangan. Aksincha, qo‘shimcha ishlar bajarilgani, aytaylik, televizor, konditsioner, turniket, kompyuter, sudyalar kreslosi, stol-stul kabi jihozlar ortiqcha olib kelingan. Ushbu dalolatnoma ham viloyat «Toza hudud» unitar korxonasi xodimi, viloyat injiniring kompaniyasi nazoratchisi tomonidan imzolangan.
Demak, haqiqatan ham sud binosi qurilishida tadbirkorga ortiqcha ish bajartirilgani — fakt. Ammo tabiiyki, bu mablag‘ni ayni vaqtda Toyloq tumanidagi sud binosida o‘tirgan sudyalar oyligidan to‘lab bermaydi. Buyurtmachi — viloyat hokimligi injiniring kompaniyasi va viloyat sud departamenti ham hozircha jim.
Xulosa o‘rnida
«Xurshed baraka servis» MChJ esa mebel va boshqa jihozlarni sud binosiga joylashtirgan. MIB undiruvchi korxonaning talabini bajarishi kerak. «Xurshed baraka servis» MChJ esa MIBga «Toyloqdagi sud xodimlari foydalanayotgan kursi va konditsioner, umuman, ko‘pgina jihozlar bizniki, ijro harakatlarini o‘sha binodagi buyumlarga qaratishingizni so‘rayman» deb turibdi.
«Xurshed baraka servis» MChJ vakillari oxirgi chora sifatida Toyloqdagi sud binosidan o‘zlari kiritgan jihozlarni olib chiqishga majbur bo‘lishlaridan avval xizmat haqi to‘lab berilishini kutib turishibdi. Harqalay, davlatning jiddiy bir organidan kreslo va televizorni olib chiqib ketishsa, uyat bo‘ladi!
Isomiddin PO‘LATOV, Kun.uz muxbiri.
Mavzuga oid
12:18 / 08.12.2024
Samarqandda qarovsiz qolgan 14 yoshli qiz vaqtincha qarindoshlari qaroviga topshirildi
14:26 / 28.11.2024
Samarqand viloyatiga yangi rahbar tayinlandi
14:19 / 28.11.2024
Erkinjon Turdimov ishdan ketdi
09:18 / 17.11.2024