O‘zbekiston | 08:39 / 20.03.2021
6359
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda gender tenglikka erishish strategiyasi loyihasi e'lon qilindi

Foto: Getty Images

Vazirlar Mahkamasining “2030 yilga qadar O‘zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasini tasdiqlash haqida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Qayd etilishicha, xotin-qizlarning erkaklar bilan teng darajada davlat va jamiyat boshqaruviga oid dolzarb masalalar yuzasidan qarorlar qabul qilishdagi ishtiroki yetarlicha ta'minlanmayapti, ularni hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga doir ishlarga jalb qilish holati sustligicha qolmoqda.

“Xotin-qizlarning davlat hokimiyati va boshqaruvidagi faoliyati to‘g‘risida jamiyatdagi salbiy qarashlar esa ularning siyosiy jarayonlarda o‘z g‘oyalarini ilgari surishiga to‘sqinlik qilmoqda. Aksariyat hollarda xotin-qizlarga iqtisodiy ahamiyatga ega bo‘lmagan va haq to‘lanmaydigan uy xo‘jaligi ishlari yuklatilmoqda.

Ta'limda xotin-qizlar va erkaklar o‘rtasida keskin tafovutlar kuzatilib, bugungi kunda umumiy o‘rta ta'lim o‘qituvchilarining 70 foizdan ortig‘ini ayollar tashkil etmoqda.

Respublika hududlarida, ayniqsa qishloq joylarda sog‘liqni saqlash xizmatlari sifati pastligi, xususiy tibbiy xizmatlar rivojlanmagani, er va xotin o‘rtasida oilani rejalashtirish bo‘yicha tibbiy madaniyatning yetarli emasligi onalar va go‘daklar o‘limining saqlanib qolishiga sabab bo‘lmoqda.

Tashqi va ichki migratsiyaning gender jihatlari va uning xotin-qizlar hamda erkaklarga, ularning oilasi va farzandlariga ta'siri bo‘yicha tadqiqotlar yetarlicha olib borilmayapti, mazkur sohada aholi uchun yaratilgan imkoniyatlar, xotin-qizlar huquqlari va mehnat migrantlarini himoya qilish mexanizmlari to‘g‘risida targ‘ibot-tashviqot ishlari lozim darajada tashkil qilinmayapti.

Qayd etilgan muammo va kamchiliklar saqlanib qolinishi inson huquq va erkinliklarini to‘laqonli ta'minlash imkoniyatini cheklabgina qolmasdan, mamlakatning xalqaro maydondagi imijiga, uning xalqaro reyting va indekslardagi o‘rniga salbiy ta'sir ko‘rsatmoqda”, deyiladi hujjatda.

Loyiha bilan saylov huquqlarini amalga oshirish, davlat xizmati, ta'lim, ilm-fan hamda sog‘liqni saqlash, shuningdek, ijtimoiy-iqtisodiy sohalar, tazyiq va zo‘ravonlikning oldini olish, oilaviy munosabatlar hamda bolalar tarbiyasida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta'minlash, gender statistikasi yuritilishini takomillashtirish, 2030 yilga qadar O‘zbekistonda gender tengligiga erishish strategiyasini 2021-2023 yillarda amalga oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi hamda maqsadli ko‘rsatkichlarni ishlab chiqish nazarda tutilmoqda.

Bildirilishicha, loyiha qabul qilinishi gender strategiyasining to‘laqonli amalga oshirilishini ta'minlash, xotin-qizlar va erkaklar o‘rtasida siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va boshqa sohalarda tengsizlikni bartaraf etish, O‘zbekistonning xalqaro maydondagi imijini oshirish imkonini beradi.

Mavzuga oid