O‘zbekiston | 13:44 / 22.03.2021
13010
7 daqiqa o‘qiladi

«O‘zagrosug‘urta» va «Kapital sug‘urta» sirdaryolik baliqchilarning murojaati yuzasidan munosabat bildirdi

16 mart kuni Kun.uz «Sardoba fojiasi keltirgan talafot – baliqchilar ko‘rgan zarar qachon qoplab beriladi?» nomli tanqidiy maqola e'lon qilindi. Maqolada Sardoba suv omborining buzilib ketishi oqibatida Sirdaryodagi o‘nlab baliq xo‘jaliklari sun'iy ko‘llari va undagi baliqlar nobud bo‘lgani, buning uchun davlat tarafidan va'da qilingan zarar qoplanmayotgani ma'lum qilingan.

Shuningdek, maqolada baliq xo‘jaligi rahbarlaridan biri «O‘zagrosug‘urta» va «Kapital sug‘urta» kabi kompaniyalar ham sug‘urta hodisasi bo‘yicha pul to‘lab bermayotganini da'vo qilgan.

Sug‘urta kompaniyalari baliq xo‘jaligi rahbarlarining murojaati yuzasidan o‘rganish o‘tkazib, holat yuzasidan munosabat bildirdi.

«O‘zagrosug‘urta» AJ matbuot kotibi Shuhrat Qobilov:

— Maqolada «Aziz Shoxruz Fayz» BFX tomonidan tilga olingan vajlar o‘rganildi. Unga ko‘ra, «O‘zagrosug‘urta» AJ Sirdaryo viloyati filiali Guliston shahar bo‘linmasi hamda «Aziz Shoxruz Fayz» BFX o‘rtasida 2017 yil 24 yanvarda mol-mulkni sug‘urtalash shartnomasi imzolangan. Shartnomaga asosan, «choyxona binosi» garovga qo‘yilgan va bankdan baliqchilik xo‘jaligini rivojlantirish maqsadida kredit olingan. Amalda Guliston shahar 3-mavze «Obod yurt» mahallasi Ibn-Sino ko‘chasida joylashgan ushbu mol-mulkka Sardoba suv toshqinidan hech qanday zarar yetmagan.

Lavhada namoyish etilgan «Amur-Fish» mas'uliyati cheklangan jamiyati va «O‘zagrosug‘urta» AJ o‘rtasida «Garovga qo‘yilayotgan avtotransport vositalarini sug‘urtalash» shartnomasi imzolangan. Sug‘urta bo‘yicha 2 (ikki) dona avtotransport vositasiga hech qanday shikast yoki zarar yetmagan. Tuzilgan sug‘urta shartnomasi faqat garovga qo‘yilgan mol-mulkka nisbatan olib borilishini nazarda tutadi. Binobarin, «Amur Fish» MChJ tomonidan baliqchilik havzasining suv toshqinidan ko‘rilgan zararini qoplash to‘g‘risida «O‘zagrosug‘urta» AJ Sirdaryo viloyati filiali Guliston shahar bo‘linmasiga og‘zaki yoki yozma ravishda murojaat kelib tushmagan.

Shuningdek, «O‘zagrosug‘urta» AJ lavhada namoyish etilgan yana bir murojaatchi Shoyimqul Ochilovning yaqinlari bilan shartnoma imzolagan. Ushbu fuqaroga shartnomada ko‘rsatilgan muddat yakunlanganda, ya'ni 2022 yil oktabr oyida belgilangan sug‘urta pullari to‘lab beriladi. Bu borada Shoyimqul Ochilov bilan ham muloqot qilinib, vaziyat to‘liq tushuntirildi, hozirda u kishi bizning firma faoliyatidan e'tirozi yo‘qligini ma'lum qilgan.

Shuhrat Qobilov, «O‘zagrosug‘urta» AJ matbuot kotibi

«O‘zagrosug‘urta» AJ «FISH HOUSE GRAND» baliqchilik xo‘jaligi bilan ham sug‘urta shartnomasini tuzgan. Ushbu xo‘jalikka sug‘urta pullari to‘lab berilmaganining sababi – yetgan zarar shartnomada ko‘rsatilgan sug‘urta qaltisliklariga kirmaydi. Shartnomaga ko‘ra, yong‘in, portlash, bo‘ron, kuchli shamol, ko‘chki, zilzila, yadro energiyasi ta'siri, do‘l, qalin qor yog‘ishi, qattiq sovuq tushishi va buzib kirib o‘g‘rilik qilishlar sug‘urta qaltisliklari deya e'tirof etilgan. Kompaniya suv toshqini oqibatida yetishi mumkin bo‘lgan zararlarni qoplash majburiyatini olmagan.

Shuningdek, «Navruz qut-baraka» baliqchilik firmasi ham «O‘zagrosug‘urta» AJ bilan sug‘urta shartnomasini imzolagan. Hozirda yetkazilgan zarar miqdorini hisoblashda noaniqliklar va gumon tug‘diruvchi holat mavjudligi tufayli bu ish yuzasidan sud jarayonlari davom etmoqda. Sudning yakuniy qaroriga asosan, bu borada uzil-kesil fikr bildirish mumkin.

«Kapital Sug‘urta» AJ departamenti boshlig‘ining o‘rinbosari Ne'matjon Yahyoyev:

— 2020 yil may oyida Sardoba toshqini yuz bergan davrda jamiyat tomonidan ushbu hudud doirasida tuzilgan barcha sug‘urta shartnomalari o‘rganib chiqilgan. O‘rganishlarimiz natijasiga ko‘ra, sug‘urta tashkilotimiz tomonidan Mirzaobod, Oqoltin va Sardoba tumanlaridagi jismoniy yoki yuridik shaxslar bilan ularning mulki zarar yetkazilishidan sug‘urta qilingani holatlari aniqlanmadi.

Ne'matjon Yahyoyev, «Kapital Sug‘urta» AJ departamenti boshlig‘ining o‘rinbosari

Shuningdek, «Kapital Sug‘urta» aksiyadorlik jamiyatining Sirdaryo viloyatida faoliyat yuritayotgan baliq xo‘jaliklari, jumladan «Aziz-Shoxruz-Fayz» baliqchilik xo‘jaligi oldida sug‘urta tovonini to‘lash bo‘yicha hech qanday majburiyati mavjud emas.

Xususan, 2021 yil 18 mart holatiga, «Kapital Sug‘urta» aksiyadorlik jamiyatiga biror bir baliqchilik xo‘jaligi, jumladan «Aziz-Shoxruz-Fayz» baliqchilik xo‘jaligi nomidan ham biron bir marta sug‘urta tovonini to‘lab berishni so‘rab ariza kelib tushmagan. Bunday ariza berilishiga asos ham yo‘q. Chunki «Kapital Sug‘urta» aksiyadorlik jamiyati hamda biror bir baliqchilik xo‘jaligi, shu jumladan «Aziz-Shoxruz-Fayz» baliqchilik xo‘jaligi o‘rtasida 2020 yil may oyida amalda bo‘lgan sug‘urta shartnomasi mavjud emas.

Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, «Kapital Sug‘urta» AJ Sardoba fojiasi keltirgan talafot bo‘yicha sug‘urta tovonlarini to‘lashdan bosh tortyapti» qabilidagi ma'lumot haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.

***

Sug‘urta kompaniyalari fuqarolar va tadbirkorlar shartnomada ko‘zda tutilgan shartlarni diqqat bilan o‘qib chiqishi kerakligi, majburiyatlar bajarilishi yuzasidan paydo bo‘lgan savollar va tushunmovchiliklar bo‘yicha kompaniyaga rasman murojaat qilish mumkinligini ma'lum qildi.

Eslatib o‘tamiz, Sirdaryo viloyati bo‘yicha 72ta baliq xo‘jaligining 3 461 gektar yer maydoni ko‘rgan 100 milliard so‘mdan ortiq zarar joriy yil mart oyi yakuniga qadar qoplab berilishi va'da qilingan.

Viloyat hokimi o‘rinbosari Anvar Karimov hozirda mahalliy budjetda buncha miqdorda pul yo‘qligini, shu sababli Moliya vazirligiga xat kiritilib, mart oyining oxirigacha pullar to‘lab berilishi kutilayotganini aytgandi.

 

Mavzuga oid