O‘zbekiston | 22:33 / 23.03.2021
30755
7 daqiqa o‘qiladi

Kovidmarkazlar qayta ochilishi mumkinmi? Nurmat Otabekov javob berdi

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati rahbari o‘rinbosari Nurmat Otabekov Kun.uz muxbiri bilan suhbatda kovidmarkazlar faoliyati tiklanishi ehtimoli, AstraZeneca vaksinasi va O‘zbekistonning emlash potensialiga doir savollariga javob berdi.

Foto: Kun.uz

– So‘nggi vaqtlarda kasallanish holatlari birmuncha o‘sayotgani hisobga olinsa, kovidmarkazlar qayta ochilishi ehtimoli qanchalik?

– Ayni paytda bunday ehtimol deyarli yo‘q. Masalan, respublikadagi eng katta markaz bo‘lgan Zangiotadagi maxsus shifoxona 4 ming o‘ringa mo‘ljallangani holda unda ming nafar atrofida bemor davolanyapti. Lekin epidemiologik vaziyat shunga majbur qilsa, kovidmarkazlar qayta ochilishi masalasi ham kun tartibiga chiqadi.

– Hozirda ko‘pchilikning diqqat markazidagi masala – AstraZeneca vaksinasi bo‘lmoqda.

 – O‘zbekiston qaysi vaksinani ishlatadi, degan savol xalqimizni qiziqtiryapti. Boz ustiga, AstraZeneca vaksinasini qo‘llayotgan ba'zi bir davlatlar ushbu vaksinani ishlatishni ma'lum muddatga to‘xtatdi. Bu davlatlar soni 20 ta atrofida bo‘ldi. So‘nggi kunlarda OAV, internet saytlarida yoritilgan ma'lumotlarda ko‘rinyaptiki, ko‘pgina davlatlar vaksinani ishlatishni yana qayta boshlagan.

Negaki, JSST o‘sha vaksinani qo‘llayotgan davlatlardan bu kabi xabarlar kelgani munosabati bilan Yevropa dori vositalari qo‘mitasidan bularni surishtirib, haqiqatan kuzatilayotgan asoratlar haqida ma'lumot berishni so‘ragan.

Asosan bir asorat haqida ma'lumot tarqaldi, ya'ni tomirlarda, chuqur venalarda tromblarning hosil bo‘lishi kabi asoratlar aynan shu emlash jarayoni bilan bog‘liq yoki bog‘liq emasligi o‘rganib chiqildi. Davlatlar hatto o‘sha vaksinalarni ishlatishni bir muddatga to‘xtatgan bo‘lsa ham, Yevropa dori vositalari qo‘mitasidan bu asoratning emlash bilan hech qanday bog‘liqlik joyi yo‘q deydigan bo‘lsa, u holda darhol emlash tadbirlarini davom ettiramiz, degan reja qilishgan. Demak, hozirgi kunda ma'lum bir muddatga to‘xtatilgan emlash tadbirlari qaytadan boshlanganining o‘zi Yevropa qo‘mitasining og‘ir asoratlar bo‘yicha xulosasiga asos bo‘la oladigan hujjatlarning yo‘qligi, keltirilgan vajlarning yetarli emasligini anglatadi.

Masalaning yana bir jihatiga e'tibor beraylik, vaksinani vaqtincha chegaralagan aksariyat davlatlar AstraZeneca vaksinasini qo‘llaganidan keyin chuqur venalarda tromboemboliya asoratlari bo‘lgani haqida vaj keltirilgan. Lekin adabiyotlarga qaraydigan bo‘lsak, har yili dunyo bo‘yicha 3 mln nafardan ortiq odam, aniqroq aytsak, har 37 sekundda bir kishi tromb bilan bog‘liq asoratlardan vafot etadi. Bu degani aynan emlash jarayonini tromb hosil bo‘lishga sababchi holat sifatida qarashga asos yo‘q.

Umuman, AstraZeneca bo‘yicha keltirilgan vajlarda bir-ikki raqamlar aytilyaptiki, ular e'tiborga molik – 30 mlndan ortiq odam emlangan, 30 ga yaqin odamda asorat kuzatilgan. Tasavvur qiling, har million emlangan odamdan bitta asorat bu asorat hisoblanmaydi. Negaki, o‘zi immunoprofilaktika tadbirlarini amalga oshirish barobarida har ming kishiga 4 ta emlashdan keyin qandaydir reaksiya kuzatilishi: og‘riq, qizarish, emlangan joyda toshmaning paydo bo‘lishi, ba'zi holatlarda vaksinalarni saqlash tartibi buzilgan vaqtda va ularni bakteriyalar bilan ifloslanishiga yo‘l qo‘yish oqibatida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan anafilaktik shok kabi rasman tan olingan nojo‘ya ta'sirlar doimo nazarda tutiladi. Ya'ni 0,4 foiz bu kabi nojo‘ya ta'sirlar kuzatilishi mumkin.

– O‘zi umuman vaksinatsiya bo‘yicha O‘zbekiston yetarli tajribaga egami?

– Albatta, O‘zbekiston immunoprofilaktika tadbirlarini amalga oshirish bo‘yicha dunyoda yetakchi o‘nta davlatning ichiga kiradi. Aniqroq aytsak, JSST Yevropa ittifoqiga mansub bo‘lgan 53 ta davlatning ichida immunoprafilaktika tadbirlari yuqori darajada, xalqaro andozalar darajasida amalga oshiriladigan davlat – O‘zbekiston.

Respublikamizda boshqariluvchi yuqumli kasalliklar bilan qamrab olish darajasi 98–99 foizni tashkil etgan. Agar mustaqillikning dastlabki kunida 6 ta yuqumli kasalliklarga qarshi emlash amalga oshirilgan bo‘lsa, hozir 13 turdagi, shu jumladan, bachadon bo‘yni o‘smasi (raki) kasalligiga qarshi o‘smir qizlar emlanishi amaliyotga kiritilgan.

Davlatimizda immunoprofilaktika tadbirlari juda mukammal darajada yo‘lga qo‘yilganki, xalqaro ekspertlar O‘zbekistonni bu borada misol sifatida ko‘rsatadi. Endi O‘zbekiston Respublikasi qanday vaksina olib kelishidan qat'i nazar, logistikani joy-joyiga qo‘ygan holda saqlash, tashish va ishlatish tartib-tamoyillariga rioya qilib, bu tadbirlarni amalga oshiradi.

– Suhbatga vaqt ajratganingiz uchun rahmat.

– Suhbatimiz yakunida yana bir bor eslatmoqchiman. Umuman olganda, respublikadagi vaziyat barqaror. Biz aniq anglagan narsa shuki, qachonki tibbiyot xodimlari, shunga daxldor soha vakillari, keng jamoatchilik bilan birgalikda zarur tadbirlarni amalga oshirar ekanmiz, kasallik epidemiyasini hozirgi holatga monand ravishda O‘zbekiston darajasida jilovlashga musharraf bo‘lishimiz mumkin.

Vaziyatni, karantin yo cheklov tadbirlarini kuchaytirish yoki kuchaytirmaslik, qolaversa, kuchaytirishga davlatimiz rahbariyatini majbur qilish – bu, keng jamoatchilik qo‘lidagi ish. Qachonki biz mana shu tadbirlarga rioya etarkanmiz, davlatimizning iqtisodiy quvvatini ta'minlab beradigan tarmoqlar faoliyatini to‘xtatib qo‘yishga yo‘l qo‘ymas ekanmiz, demak, biz ham imkoniyatlarimizni yaxshilab olamiz, qolaversa, odamlarning haddan ortiq sarosimaga tushishiga yo‘l qo‘ymaymiz va vaziyatni barqaror saqlab qolamiz.

Mana shu bildirilgan fikrlarimiz aholining har bir qatlamiga yetib borar ekan, o‘ylaymizki, ular talablarni to‘g‘ri tushunib, vaziyat chigallashib ketishini istamagan holda jamoamizga qo‘shilib, bu ishda bizga xayrixoh bo‘ladi degan umiddamiz.

Abror Zohidov suhbatlashdi.

Suhbatning 1-qismi:

Mavzuga oid