Jahon | 14:14 / 23.03.2021
4894
2 daqiqa o‘qiladi

Nigerda terrorchilar hujumi oqibatida 137 kishi halok bo‘ldi

Nigerning Mali bilan chegarada joylashgan Taxua tumanida terrorchilarning qishloqlarga uyushtirgan hujumi oqibatida 137 kishi halok bo‘ldi. Hujum 21 mart kuni sodir etilgan

Reuters axborot agentligining xabar berishicha, bu oxirgi vaqtda mamlakatda sodir etilgan eng ommaviy qotilliklardan biri bo‘ldi. Bir hafta ichida hujumlar qurbonlari umumiy soni 236 nafarga yetgan. 

Mamlakatda qurbonlar xotirasiga 3 kunlik motam e'lon qilingan. 

“Qurollangan jinoyatchilar tinch aholiga muntazam zarbalar berib, shafqatsizlik va dahshatning yangi bosqichiga chiqmoqda”, deb aytgan hukumat vakili.

Niger hukumati hujum ortida kim turganiga aniqlik kiritmagan. Ma'lumotlarga ko‘ra, hujumni IShID a'zolari amalga oshirgan bo‘lishi mumkin. Taxua Nigerning “Buyuk Sahroi Kabirda IShID” va boshqa terrorchi guruhlar eng faol bo‘lgan hududlaridan biri hisoblanadi.  

Niger Afrikaning Sahel viloyatida joylashgan va terrorchilik faoliyati hamda noqonuniy migratsiya avj olgani sababli “qora qit'a”dagi eng muammoli davlatlardan biri hisoblanadi. 2014 yilda Fransiya ushbu hududda “Barxan” deb nomlangan aksilterrorchilik amaliyotini boshlagan. Ushbu missiyani “Sahel beshligi” davlatlari - Burkina-Faso, Mavritaniya, Mali, Niger va Chad qo‘llab-quvvatlab keladi. 

Mavzuga oid