Jamiyat | 16:45 / 24.03.2021
6572
9 daqiqa o‘qiladi

«Byurokratiyaga yana bir jiddiy zarba» - Adliya vaziri o‘rinbosari prezidentning byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish bo‘yicha farmoni haqida

Adliya vaziri o‘rinbosari Xudoyor Meliyev prezidentning «Aholi va tadbirkorlik sub'yektlariga davlat xizmatlaridan foydalanishda yanada qulay sharoitlar yaratish, bu borada byurokratik to‘siqlarni qisqartirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni tufayli aholiga yaratiladigan yengilliklar haqida fikr yuritdi.

Byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish masalasiga Adliya vazirligi o‘z faoliyatining ustuvor vazifalaridan biri sifatida e'tibor beradi.

Vazirlik tomonidan olib borilgan tadqiqot, o‘rganishlar, fuqarolar murojaatlarining tahlili shuni ko‘rsatmoqdaki, ortiqcha byurokratik tartib-taomillarni qisqartirish, davlat xizmatini olishda fuqarolarga yuqori darajada qulaylikni ta'minlash zarur. Buning uchun vazirlik xorijiy tajriba va tendensiyalarni e'tiborga olgan holda takomillashtiruvchi zamonaviy takliflarni muntazam ishlab chiqib kiritib bormoqda.

Byurokratiyaga qarshi kurashishda eng katta g‘ov byurokratlar va byurokratik tartib-taomillarning o‘zidir.

Huquq ijodkorligi o‘z mazmun-mohiyatiga ko‘ra ijobiy ma'nodagi byurokratik jarayon hisoblanadi. Biror-bir g‘oyani loyiha shaklida aloqador vazirlik va idoralarga kiritar ekansiz, uni himoya qilishingiz, ularni ishontirishingiz kerak bo‘ladi.

Endi tasavvur qiling, loyihangizda o‘sha vazirlik va idoralarda mavjud bo‘lgan aslida keraksiz, idoraviy manfaatga xizmat qiladigan, korrupsiyaviy xatari bor vakolatlar va tartib-taomillarni bekor qilishni taklif etyapsiz. Ular buni qanday qabul qiladi? Bunday pallada qaror qabul qiluvchining pozitsiyasi, irodasi o‘ta muhim ahamiyatga ega.

Byurokratiyaga qarshi kurashish, ularni qisqartirish nima uchun zarur? Javobi kundek ravshan bo‘lsa-da, aniqroq tasavvur qilish uchun ayrim ma'lumotlarga to‘xtalsak.

Jahon banki tadqiqotiga ko‘ra, hozirda O‘zbekistonda yirik korxonalar rahbarlari vaqtining 31 foizi, kichik korxonalar rahbarlari vaqtining 26 foizi byurokratik masalalarni hal qilish, davlat organlari hamda hokimliklar bilan munosabatlarga kirishish uchun sarflanayotgani qayd etilgan. Vaholanki, ushbu vaqt samaraliroq tarzda, masalan, ishlab chiqarish hajmini ko‘paytirishga, ish samaradorligini oshirishga va korxonalar tushumlarini oshirish masalalariga sarflanishi mumkin edi.

Ekspertlarning fikriga ko‘ra, dunyo bo‘yicha byurokratik qoidalarga rioya etishga sarflanadigan xarajatlar jahon YaIMning 17-20 foizini tashkil etadi. Xususan, AQShda YaIMning 17 foizini, ya'ni 3 trln dollarni tashkil etadi.

Davlat rahbarining kuni kecha qabul qilgan «Aholi va tadbirkorlik sub'yektlariga davlat xizmatlaridan foydalanishda yanada qulay sharoitlar yaratish, bu borada byurokratik to‘siqlarni qisqartirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni bu sohadagi tizimli izchil siyosatning ifodasi bo‘ldi.

Farmon ma'muriy tartib-taomillarda aholi, tadbirkorlik sub'yektlarining manfaatlariga ko‘proq xizmat qiladigan muhim qoidalarni qamrab olgan. Farmon o‘z mazmun-mohiyatiga ko‘ra byurokratiyaga qarshi kurashning sifat jihatdan ikkinchi bosqichining huquqiy asosini yaratdi deyishimiz mumkin.

Bu yo‘nalishda birinchi bosqich O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2019 yil dekabrda qabul qilingan «Byurokratik to‘siqlarni yanada qisqartirish hamda davlat organlari va tashkilotlari faoliyatiga zamonaviy boshqaruv tamoyillarini joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida» qarori bo‘ldi.

Ushbu qarorning ijrosi tahlil qilingach, davlat bilan fuqarolar va biznes o‘rtasidagi ahamiyatini yo‘qotgan tartib-taomillarni yanada soddalashtirish ehtiyoji mavjudligi aniqlashdi. Shu nuqtayi nazardan kelib chiqib qayd etilgan farmon loyihasi ishlab chiqildi va kiritildi.

Farmon bilan ushbu holatlarga barham berish, davlat xizmatlari ko‘rsatishni yanada takomillashtirishga qaratilgan bir qator prinsipal yangiliklar, qoidalar joriy etilmoqda.

Xususan, 130dan ortiq ma'muriy tartib-taomillar yengillashtirilmoqda, 460dan oshiq qonun hujjatlarida ko‘rsatilgan 18 turdagi hujjatlar va ma'lumotlar davlat organlari tomonidan fuqarolardan talab qilinishi bekor qilinmoqda. Endilikda davlat organlari bu hujjatlarni vakolatli davlat tashkilotidan (10ta tashkilot) «Elektron hukumat» platformasi orqali olishi zarur.

Natijada yiliga o‘rtacha 1,5 milliondan ortiq fuqaro ovora bo‘lishining oldi olinadi va ularning 22 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘i tejaladi hamda ushbu mablag‘lar fuqarolarning o‘zida qolishiga erishilishi prognoz qilinmoqda.

Birgina narkologiya dispanseri hisobida turishi yoki turmasligi bo‘yicha ma'lumotnoma olishda 276 mingdan ortiq fuqaro ovora bo‘lishi oldi olinadi va ularning 4 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘i tejaladi yoki fuqarolarning ruhiy kasalligi haqida ma'lumotnoma olishda 300 mingga yaqin fuqaro ovora bo‘lishi oldi olinadi va ularning 4,5 mlrd so‘m mablag‘i tejalishi kutilmoqda.

Fuqarolardan davlat tashkilotlari talab qilishi mumkin bo‘lmagan hujjatlar ro‘yxatida shaxsni tasdiqlovchi hujjat nusxasi, shaxsning belgilangan shakldagi fotosurati, mehnat daftarchalari va ularning nusxalari kabilar ham bor. Bularning bekor bo‘layotganining ahamiyatini qisqa izoh bilan tushuntirish mushkul.

70-80 yillik, ba'zilariniki undan ham ko‘p yillik «staj»ga ega bu hujjatlarni talab qilish to‘xtaydi – ovoragarchiliklardan iborat katta bir tarixga yakun yasalmoqda. Davlat va fuqaro munosabatlarida aslida bu inqilobiy qadam.

Biz yaqin o‘tmishda davlat xizmatlari sohasini tubdan isloh qilishda «fuqarolar emas, hujjatlar harakatlanadi» degan prinsipni e'lon qilib, amalda ijrosini ta'minlashga harakat qilayotgan edik. Endilikda yangi «fuqarolar emas, davlat organlari harakatlanadi» prinsip loyihasi ustida ishlab, fuqarolarga imkon qadar virtual davlat xizmatlari ko‘rsatish bo‘yicha bosh qotirmoqdamiz. Zero, bu pandemiyaning davlat xizmatlariga qo‘ygan chaqiriqlaridan biri.

Shuningdek, 28 turdagi davlat xizmatlari natijasini fuqarolar va tadbirkorlar o‘zlarining xohishiga ko‘ra, pochta aloqasi orqali olishlari mumkin. Pochta aloqasi xizmatining joriy etilishi aholi xarajatlarini kamida 2 baravarga qisqartirishga, aholining davlat organlariga bir necha marta ovora bo‘lib kelib-ketishining oldini olishga xizmat qiladi.

Farmonga ko‘ra, 2021 yil 1 maydan xorijga chiqish biometrik pasportini Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali murojaat qilib olish mumkin bo‘ladi.

Fuqarolarni ma'lum ma'noda ovoragarchilikka olib kelayotgan masalalardan biri bu – ularni jamg‘arib boriladigan pensiya tizimiga hisobga qo‘yish bo‘lgan bo‘lsa, joriy yil 1 iyundan boshlab 16 yoshga to‘lgan shaxslarga ID-karta berishda ular bir vaqtning o‘zida soliq organlarida soliq to‘lovchi sifatida hisobga qo‘yiladi va jamg‘arib boriladigan pensiya tizimida ro‘yxatdan o‘tkaziladi. Aniq raqamlarga to‘xtaladigan bo‘lsak, 2020 yilda davlat xizmatlari markazlariga 338,7 ming nafar fuqaro jamg‘arib boriladigan pensiya tizimiga hisobga qo‘yish bo‘yicha murojaat qilgan.

Farmon bilan jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami barcha davlat, bank, ijtimoiy va boshqa xizmatlarni ko‘rsatishda fuqaroning shaxsini tasdiqlovchi yagona identifikator hisoblanishi, davlat organlari va tashkilotlari tomonidan jismoniy shaxslarni identifikatsiya qiladigan alohida raqamlarni yuritish taqiqlanishi belgilandi. Mazkur tartibning amalga oshirilishi, nafaqat korrupsiya va byurokratiyaga qarshi muhim ahamiyatga ega, balki statistika aniq bo‘lishi, ijtimoiy siyosatning manzilliligini ta'minlashda ham ijobiy ta'sir qiladi.

Fuqarolik-huquqiy munosabatlarning asosiy ishtirokchilaridan biri bu yuridik shaxslar hisoblanadi. Ularning tashkil etilishi, ro‘yxatdan, qayta ro‘yxatdan o‘tkazilishi huquqiy munosabatlarda muhim mazmunga ega. Bu jarayon qanchalik puxta tartibga solinsa, turli nizolarning oldini olishga ham xizmat qiladi. Mazkur jarayonni tartibga solishda yagona yondashuvlarni, «o‘yin qoidalari»ni ishlab chiqish, muvofiqlashtirish zarur. Farmon bilan Davlat xizmatlari agentligi yuridik shaxslarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bo‘yicha yagona vakolatli organ etib belgilangani ushbu bo‘shliqni to‘ldiradi.

So‘zimiz so‘ngida fuqarolardan bir iltimosimiz bor.

Hurmatli fuqarolar, Adliya vazirligi davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish, ma'muriy tartib-taomillarni maqbullashtirish yo‘nalishida keng qamrovli, chuqur izlanish va o‘rganishlarda davom etadi. Sizdan bu borada taklif-mulohazalar bo‘lsa av11@adliya.uz manziliga taqdim etishingizni so‘raymiz.

Mavzuga oid