O‘zbekiston | 17:35 / 25.03.2021
4056
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda koronavirusning yangi shtammlarini aniqlash yo‘lga qo‘yilgan – shtab a'zosi

Respublika ilg‘or texnologiyalar markazida koronavirusning britancha, brazilcha va afrikacha kabi mutatsiyaga uchragan shtammlarini aniqlash yo‘lga qo‘yilgan. Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a'zosi Botir Qurbonov xabar berdi.

Mutasaddining ma'lum qilishicha, O‘zbekistonda ham Britaniya, Braziliya, Janubiy Afrika shtammi va boshqa mutatsiyaga uchragan shtammlarni aniqlash imkoniyati mavjud. Innovatsion rivojlanish vazirligi qoshidagi Respublika ilg‘or texnologiyalar markazida koronavirus infeksiyasining mutatsiyaga uchragan turlarini aniqlash yo‘lga qo‘yilgan.

«Jumladan, 2021 yil 10 yanvarida mamlakatimizda birinchi marta britancha shtamm ham shu markazda aniqlangandi va bu to‘g‘risida rasmiy bayonot berilgan edi», dedi Botir Qurbonov.

Ta'kidlanishicha, virusning yangi yoki eski shtammiga qaramasdan, kasallangan bemorlar tibbiyotga murojaat qilishlari va maxsus shifoxona yoki uy sharoitida davolanishlari lozim. Shuningdek, uy sharoitida davolanayotganlar va u bilan muloqotda bo‘lganlar ham to‘liq nazoratga olinadi.

Bundan avvalroq, O‘zbekistonda 24 mart kuni kunlik o‘sish bo‘yicha yangi antirekord qayd etilgani va yana bir bemor vafot etganligi haqida xabar berilgan edi.

Mavzuga oid