O‘zbekiston | 17:48 / 27.03.2021
22446
2 daqiqa o‘qiladi

Foto: Toshkentga xitoy–o‘zbek vaksinasidan 1 mln doza olib kelindi

Bugun, 27 mart kuni Xitoydan O‘zbekistonga 1 million doza ZF-UZ-VAC2001 vaksinasi olib kelindi.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Xitoyning «Zhifei Longcom Biopharmaceutical Co. Ltd kompaniyasi tomonidan O‘zbekistonda 3-bosqich sinovlari o‘tkazilgan, o‘zbekistonlik mutaxassislar hammuallifligida yaratilgan ZF-UZ-VAC 2001 vaksinasining 1 million dozasi Xitoydan O‘zbekistonga olib kelindi.

Toshkent xalqaro aeroportidagi tadbirda prezident maslahatchisi A.Abduvohidov, sog‘liqni saqlash vaziri A.Hojiboyev, innovatsion rivojlanish vaziri I.Abdurahmonov va boshqa mas'ullar ishtirok etdi.

 

Fevral oyida O‘zbekiston va Xitoy yangi vaksinani birgalikda ishlab chiqarish va foydalanishga kelishgandi. 2021 yil 1 mart kuni ZF-UZ-VAC 2001 koronavirusning yangi tipiga qarshi rekombinant (CHO cell) vaksina tibbiyot amaliyotida qo‘llash uchun tegishli tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan.

Bundan avvalroq, 17 mart kuni O‘zbekistonga 660 ming doza AstraZeneca vaksinasi olib kelingan edi.

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligining GAVI tashkiloti bilan hamkorligi doirasida yil oxiriga qadar mamlakatga 20 foiz aholini emlash uchun yetarli darajadagi AstraZeneca vaksinasini, shprits va xavfsiz utilizatsiya qutilarini yetkazib berish ko‘zda tutilgan. 

Hozirda emlash jarayonini boshlash uchun 3 ming 138ta emlash punktlari hamda 862ta mobil brigadalari shay holga keltirilgan. Shuningdek, vaksinalarni tashish va hududlarga yetkazish uchun YUNISEF 17ta muzlatkichli yuk mashinasi va 206ta Miniven-Labo avtomobillarini taqdim etgan.

Joriy yilda COVID-19’ga qarshi emlanishi ko‘zda tutilgan fuqarolarning xavf guruhlariga ko‘ra taqsimoti quyidagicha:

  • 65 yoshdan 74 yoshgacha bo‘lganlar;
  • 75 yoshdan 84 yoshgacha bo‘lganlar;
  • 85 yosh va undan yuqori bo‘lganlar;
  • tibbiyot xodimlari;
  • surunkali kasalliklari bor aholi (18-65 yosh);
  • maktab xodimlari;
  • maktabgacha ta'lim xodimlari;
  • qurolli kuchlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari.

Mavzuga oid