O‘zbekiston | 14:16 / 27.03.2021
35633
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda qurilishi ko‘zda tutilgan pulli yo‘llarning taxminiy narxi va muddati ma'lum qilindi

O‘zLiDeP press-klubida Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi vakili Toshkent — Andijon pulli yo‘lining narxi va u yerda avtomobillarga qanday tezlik cheklovlari qo‘yilishini ma'lum qilgan edi.

Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi O‘zbekistonda pulli yo‘llarning qurilishi va bu borada qilinayotgan ishlar borasida Kun.uz’ga batafsil ma'lumot berdi.

Ma'lum qilinishicha, bugungi kunda hukumatda Toshkent–Andijon va Toshkent–Samarqand pulli avtomobil yo‘llarini qurish loyihalari mavjud.

Toshkent–Andijon pulli yo‘lini qurish bo‘yicha dastlabki texnik-iqtisodiy asoslar (DTIA) Jahon banki konsultantlari tomonidan ishlab chiqilgan va 2020 yilda tegishli vazirlik va idoralar bilan kelishilgan. Loyiha bo‘yicha “Investitsiyadan oldingi tadqiqot” (Pre-investment study)ni o‘tkazish bo‘yicha konsultantni aniqlash ishlari boshlanish arafasida. Bir yildan ko‘proq muddat davomida o‘rganish ishlari o‘tkazilgandan so‘ng xalqaro tender e'lon qilinadi.

Toshkent–Samarqand pulli avtomobil yo‘li bo‘yicha Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki konsultantlari bilan bitim imzolandi va hozirda DTIA bo‘yicha o‘rganish ishlari davom etmoqda.

Biroq ikkala loyiha bo‘yicha ham hali qurilish ishlari boshlanmagan. Qurilish ishlari ikki bosqichli tender asosida tanlangan xalqaro investor bilan DXSh to‘g‘risidagi bitim imzolangach boshlanadi.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, Toshkent–Andijon pulli avtomobil yo‘li loyihasining umumiy qiymati 2 milliard dollardan oshadi. 340 kmlik yo‘l uchun umumiy qurilish davri, qurilish ketma-ketligiga ko‘ra, 5–10 yilni tashkil etishi mumkin.

Toshkent–Samarqand pulli avtomobil yo‘li loyihasining umumiy kapital xarajatlari taxminan 1,5 milliard dollardan oshadi. 300 kmlik yo‘l uchun umumiy qurilish davri, qurilish ketma-ketligiga ko‘ra, 5–8 yilni tashkil etishi mumkin.

Jahon banki hamda Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining dastlabki hisob-kitoblariga ko‘ra, ikkala pulli yo‘llardan foydalanish narxlari yengil avtomobil va yengil yuk mashinalari uchun taxminan 5 va 7 dollar, yuk mashinalari va avtobuslar uchun 15–20 dollargacha etib ko‘rsatilgan.

“Ushbu loyihalar bo‘yicha prezident qarori qabul qilinishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, mazkur qarorda yo‘ldan foydalanuvchilar uchun narxlar o‘zgarishi yoki to‘lovning ma'lum qismi subsidiya hisobiga qoplanishi yoxud yo‘lning bepul bo‘lishi va imtiyozga ega bo‘lgan foydalanuvchilar ro‘yxati shakllantirilishi masalalariga aniqlik kiritiladi.

Shuningdek, hali mazkur loyihalar bo‘yicha aniq belgilangan marshrut va narxlar mavjud emas. So‘nggi tasdiqlangan raqamlar hukumat va investorlar o‘rtasida tuziladigan kelishuv asosida aniq bo‘ladi. Aytilgan raqamlar xalq amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan loyihalar bo‘yicha umumiy tushunchaga ega bo‘lishi uchun ma'lum qilindi. Shuningdek, xalqaro tajribaga ko‘ra, pulli yo‘l qurilganda, odatda, aholi uchun bepul alternativ yo‘l saqlanib qoladi.

Hozirda ikkala loyiha bo‘yicha ishlar deyarli bir xil bosqichda. Loyihalar ko‘lami va ta'siri jihatidan O‘rta Osiyo bo‘yicha yirik loyihalardan bo‘lgani uchun jahon tajribasi jihatidan uzoq muddatda amalga oshirilishi normal holat hisoblanadi. Chunki odatda yo‘l loyihalariga oid risklar juda ko‘p bo‘ladi”, – deyiladi agentlikning Kun.uz’ga taqdim qilgan ma'lumotida.

Mavzuga oid