Jahon | 13:10 / 28.03.2021
14398
2 daqiqa o‘qiladi

Suvaysh kanalida sayozlikka o‘tirib qolgan kemaga yordamga yana ikkita kema yo‘l oldi

Foto: EPA

Suvaysh kanalini bir necha kundan beri to‘sib qo‘ygan ulkan kema Ever Given’ga yordamga yana ikkita shatakka oluvchi kema yo‘l oldi. Optimistik prognozlarga ko‘ra, kemani 28 mart kuni yoki kelasi hafta boshida yo‘ldan olishga muvaffaq bo‘linadi.  

Biroq vaziyat yomon tus olgudek bo‘lsa, ushbu jarayon bir necha kun yoki haftalarga cho‘zilishi ham mumkin.

Yakshanba kuni shatakka oluvchi kemalar Ever Given’ni tortgan vaqtda ekskavatorlar yordamida uning chap borti ostidagi qum va loyni tozalash davom ettiriladi.

Shuningdek, kemaning sayozlikka o‘tirib qolishi sabablari tergovi davom etmoqda. Suvaysh kanali boshqarmasi boshlig‘i general-leytenant Usoma Rabiyyaning ta'kidlashicha, kuchli shamol voqeaning yagona sababi hisoblanmaydi. U bunda inson omili va texnik xatolikka yo‘l qo‘yilgan bo‘lishi mumkinligini aytgan.

Rabiyya, shuningdek, kemani sayozlikdan chiqarish bo‘yicha ishlar undagi yukni olish zaruratisiz ham natija berishiga umid bildirgan. “Biz juda og‘ir vaziyatda qoldik”, deb qo‘shimcha qilgan general. U kema qachon chiqarilishi haqidagi savolga buni bilmasligini aytgan.

Hozircha bu muammoni hal qilishning iloji bo‘lmayapti. 27 mart kuni kemani buksirlar yordamida ilk bor biroz joyidan siljitishga muvaffaq bo‘lingani ma'lum qilindi.  

Bernhard Schulte Shipmanagement kompaniyasida ta'kidlanishicha, dastlabki tergov kemada biror nosozlik bo‘lgani yoki dvigateli ishlamay qolganini istisno qilmoqda.

Avvalroq kanaldagi vaziyat sababli uning atrofida 321ta kema to‘planib qolgani ma'lum qilingandi. Shu bilan birga, ba'zi kemalar manzillariga Afrika qit'asi atrofi bo‘ylab boshqa uzunroq yo‘nalish bo‘yicha jo‘natilmoqda.

Mavzuga oid