Jamiyat | 15:05 / 02.04.2021
102861
2 daqiqa o‘qiladi

Pensiya jamg‘armasi erkaklar 58, ayollar 53 yoshda pensiyaga chiqishi mumkin bo‘lgan holatlarni eslatdi

Qonunchilikka asosan, ayrim toifadagi erkaklar ish staji 25 yil bo‘lgan taqdirda, ayollar ish staji 20 yil bo‘lganda pensiyaga chiqishlari mumkin.

Pensiya jamg‘armasi qaysi holatda erkaklar 58 yoshga to‘lganda, ayollar esa 53 yoshga to‘lganda pensiya olishlari mumkinligi haqida ma'lumot berdi.

Qayd etilishicha, texnologiya, ishlab chiqarish va mehnatni tashkil etishdagi o‘zgarishlar, xodimlar soni (shtati) yoki ish xususiyatining o‘zgarishiga olib kelgan ishlar hajmining qisqarganligi yoxud korxonaning tugatilganligi munosabati bilan ishdan ozod etilgan va ishsiz deb e'tirof etilgan erkaklar 58 yoshga to‘lganda pensiya olish huquqiga ega bo‘ladilar. Faqatgina ularning ish staji kamida 25 yil bo‘lishi talab etiladi.

Shuningdek, mazkur toifadagi ayollar ham ertaroq – 53 yoshga to‘lganda va ish staji kamida 20 yil bo‘lgan taqdirda pensiya olishlari mumkin.

Jamg‘armaga ko‘ra, amaldagi qonunchilikda yoshga doir pensiya olish huquqi erkaklarga 60 yoshga to‘lgan va ish staji kamida 25 yil bo‘lgan taqdirda, ayollarga 55 yoshga to‘lgan va ish staji kamida 20 yil bo‘lganda beriladi.

Avvalroq, ish staji to‘liq bo‘lmagan fuqarolarga pensiya qanday tayinlanishi to‘g‘risida xabar berilgandi. Qonun bo‘yicha O‘zbekistonda yoshga doir pensiya olish uchun fuqaroning ish staji kamida 7 yil bo‘lishi lozimligi, 7 yil va undan ko‘proq ish stajiga ega shaxslarga pensiya ish staji miqdoriga mutanosib ravishda tayinlanishi ma'lum qilingan.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yil 1 fevral holatiga ko‘ra respublikada 3 million 845 ming 462 nafar shaxs pensiya va nafaqa oladi.

Mavzuga oid