O‘zbekiston | 12:15 / 05.04.2021
19615
10 daqiqa o‘qiladi

Viloyatdagi muammolar, davlat xaridlari, yo‘llar va futbol haqida - Namangan viloyati hokimi bilan intervyu

Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov Kun.uz bilan suhbatda viloyatda amalga oshirilayotgan ishlar, energetika tizimi muammolarini hal qilish uchun ko‘rilayotgan choralar, qimmatbaho davlat xaridlari, yo‘llar va futbol haqida gapirdi.

Yangi loyihalar haqida

— Biz bu yerni yangi dastur doirasida obod mahallaga aylantirdik. Kichik sanoat zonasi tashkil etish orqali infratuzilma yaratildi: suv, elektr, gaz tortildi, yo‘llar asfaltlandi. Avvallari bu yerda 3,8 gektar bog‘ bor edi. Ilmiy-tekshirish institutining bog‘i tashlandiq holga kelib qolgan edi. Endi esa bu yerga har biri 15 sotixdan bo‘lgan 22ta loyiha joylashtirdik.

Ayrim kattaroq loyihalar ikki-uch bo‘lak yerni olgan – 30 sotix. Har bir loyihada kamida 100 nafar ishchi ishlaydi. Bizning rejamiz jami 3200 kishini ishli qilish. Shuncha ish o‘rni yaratildi. 17ta tikuvchilik sexlari, shundan ikkitasi charmni qayta ishlash va uchtasi oziq-ovqat yo‘nalishidagi loyihalar.

Shuning hisobiga «Dashtbog‘» mahallasi atrofidagi yetti mahalla aholisini – «Ayollar daftari», «Yoshlar daftari», «Temir daftar»dagi odamlarni ish bilan ta'minlash. Dashtbog‘ning o‘zida to‘rt ming kishi yashaydi. Chekkaroqda sanoat zonalari tashkil qilinganidan xabardorsiz. Hokim bo‘lganimdan keyin men bularni o‘rgandim. Buning noqulayligi nimada edi? U yerga borish qiyinroq, vaqt va pul ketkazib yetib borish kerak. Chekka joylarga infratuzilma yaratish, kommunikatsiya tortib borish qiyin, katta mablag‘ va vaqtni oladi. Biz buni qayta ko‘rib chiqdik va qishloqlarda, tumanlarda mahallalar markazlarida zonalar tashkil qilishga o‘tdik. Ayollarimiz ko‘proq uyi yaqinidagi joyda ishlashi har taraflama qulay. Atrof mahallalardagi odamlarga uyi oldidagi sanoat zonasi tashkil qilish bilan qulaylik yaratildiki, bunda yo‘lkira sarf bo‘lmaydi, istalgan payt, masalan, ayollar, uyidan, bola-chaqasidan xabar olib kela oladi.

Butun viloyat bo‘yicha 72ta kichik sanoat zonasining qarori chiqdi va bularning 43tasida ishlar boshlandi. Shaharning o‘zida bunday sanoat zonalaridan 10ta tashkil qilyapmiz.

Vodiy sharoitida, bilasiz, yer murakkabroq masala. Ilgari tadbirkorlar 1 gektar yer olganda, 50 sotixiga nimadir qurib, qolganini bo‘lib-bo‘lib sotib yuborgan, uy qurgan va hokazo. Biz aynan shunday harakatlarning oldini olish uchun 15-30 sotixdan bo‘lib berdik. Maydonni kichraytirganimiz hisobiga tadbirkorlar soni ko‘paydi. Shu 3,8 gektar yerga bitta katta loyiha joylashtirsangiz, nari borsa 500-600 kishi ishlaydi. Hozir esa bu raqamlar 4-5 baravar ko‘proq. Tadbirkorga ham arzon, ham oson, ham qulay. Ko‘p kredit olmaydi va kamroq sarmoya bilan boshlaydi.

Shuningdek, binolarni tepaga qarab o‘stirish masalasi bor. Buni prezident ham ta'kidlab o‘tgan. Shuning hisobiga oz yerdan unumli foydalanish, ko‘proq ishlab chiqarish va ishchi o‘rni yaratish mumkin.

Bu joylar obodonlashtirilganini ko‘rib turibsiz: vorkaut maydonchasi qurdik, bu yerda bolalar o‘ynaydi, shug‘ullanadi. Prezident sog‘lom hayot tarziga e'tibor berayotgani oqibatida mana shunday ishlarni amalga oshirish imkoni paydo bo‘ldi. Shaharda yurganda e'tibor bering: 400 mahallada mana shunday sport maydonchalari tashkil qilingan, qilinmoqda. Men o‘zim ham Koreyaga borganimda mana shunday holatni ko‘rgandim.

Energotaqchillik haqida

— Shuncha davr mobaynida energotizim rivojlanmadi. Endi bu ishlar asta-sekin rivojlantirilyapti. To‘raqo‘rg‘onda issiqlik energiya stansiyasi qurildi. Buning evaziga 900 megavatt quvvat qo‘shildi. Gidroenergiya bo‘yicha ham ishlar amalga oshirilmoqda. Uchqo‘rg‘on tumanida bitta gidroenergiya inshooti ishga tushirildi. Andijon kanali atalmish katta kanalda yana qo‘shimcha 7-8ta inshoot qurish rejalanyapti.

Asosiysi, biz energetika sohasida ham iqtisod qilishga o‘tishimiz kerak. Energotejamkor qurilmalar bunda yordam beradi. Tadbirkorlar ham tejamkor uskunalar olib kelishga qiziqadi. Ammo energiya muammosi bo‘lishi aniq, bundan, hozircha qochib bo‘lmaydi. Ilgari mana shunday zonalarga xizmat ko‘rsatish «O‘zbekenergo»ning vazifasi edi – ularning mablag‘i hisobiga energiya yetkazib berilardi, tortib kelinardi. Endi esa mahalliy hokimliklarga pul ajratilyapti va endi biz «O‘zbekenergo»ga pul berib, bu ishlarni qildiryapmiz, ya'ni buyurtmachi hokimliklarning o‘zi bo‘ladi.

Aholining elektr va gazdan muammosi esa faqat bizning viloyatda emas, butun O‘zbekistonda bor muammo. Buni bartaraf etish bo‘yicha ham ishlar olib borilyapti. Yaqinda Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarovning tashrifidan so‘ng bir muhim va katta masala hal qilindi: endi Qirg‘iziston bilan energiya almashamiz. Ilgari Markaziy Osiyo mamlakatlari yagona energotizimga birlashgan edi. Bu tizim hozir ham bor, endi buni ishlatish – o‘zaro energiya almashuvni yo‘lga qo‘yyapmiz.

Rosti, hozir energotaqchillik avvalgidek emas, holat ancha yaxshilangan. Shu yil yakuniga ko‘ra bu tizimni yanada takomillashtirish va yaxshilash borasida respublika bo‘yicha juda katta ishlar ketmoqda. Bu gaplarni vaziyatdan xabardor bo‘lganim uchun aytyapman. ASKUE tizimiga o‘tish zarur – inson omilini yo‘qotish kerak. Butun dunyo shunday tizimda. Aynan shuning evaziga ham energiyani tejash mumkin.

Ekologiya haqida

— Viloyat miqyosida ham, mamlakat miqyosida ham bu juda e'tiborga olish zarur bo‘lgan masala. Mana, daraxtlarni kesishga moratoriy uzaytirildi. Men Ekologiya qo‘mitasi rahbari bo‘lganimda bildim – bu juda katta soha ekan. Jamoatchilik bu borada juda sezgir va ziyrak. Chiqindi masalasi juda dolzarb. Bu sohada ham davlat – xususiy sherikchilik yo‘liga o‘tilyapti. «Toza hudud» unitar korxonalari bitta texnikasi 1-1,5 mahallaga xizmat ko‘rsatadi. Xususiy korxona texnikalari esa 4-5 mahallaga xizmat ko‘rsatadi. Ular samaraliroq foydalanadi.

Davlat hisobidagi korxonalar texnikasi bilan hamma mahallalarni qamrab olish qiyin. Davlat-xususiy sherikchilikda esa qamrovni kengaytirish mumkin. Shuningdek, chiqindini saralash va qayta ishlash masalasi ham olg‘a siljiydi. Namangan viloyati bu borada birinchi bo‘ldi – uch tumanning chiqindisini olib ketish va qayta ishlashni xususiy sektorga berdik. Qayta ishlash orqali eng oxirgi bosqich – biogumus darajasida qayta ishlash mumkin. Buning natijasida chiqindi poligonlari yopiladi. Har bir tumanda poligonlar bo‘lishi shartmas. Deylik, 10ta poligon bo‘lsa, ishlar to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilishi orqali ularning 7tasini yopish mumkin.

Yashillashtirish va ko‘kalamzorlashtirish juda dolzarb. Ilgarilari bu sohaga e'tibor yetarli emasdi. Biz viloyat miqyosida bu yil ushbu ishlarga 3 mlrd so‘m mablag‘ ajratdik. Ana endi har bir daraxtga qaraladi, uning egasi, javobgari bo‘ladi, har bir tup daraxt Obodonlashtirish boshqarmasi balansiga o‘tkaziladi, u parvarishlanadi. Chunki pul ajratildi va bunda hisobdorlik bo‘ladi.

Iqlimimiz keskin kontinental, yozimiz uzoq va issiq. Biz endi kattaroq, manzarali, soya-salqin beruvchi daraxtlarni ekamiz. Ilgari kichikkina ko‘chat ekib yoki ekilgan, ko‘chatga qaralmay, u qurib qolgan, kelgusi yili yana yangisi ekilgan va shu holda davom etavergan. Ignabargli daraxtlar bizga to‘g‘ri kelmaydi. Ular faqat estetik zavq berishi mumkin. Bunday ko‘chatlarni parvarishlash va o‘stirish ham oson ish emas, sekin o‘sadi. Manzarali daraxtlar esa salqin, kislorod beradi, shuningdek, estetik zavq ham.

***

Shavkatjon Abdurazzoqov kichik sanoat zonasida ishga tushgan monomarkaz haqida atroflicha gapirib berdi. Monomarkazda baliqchilik, tikuvchilik, chilangarlik, kashtachilik, pavloniy daraxtlari yetishtirish, bedanachilik kabi ko‘plab sohalarga yoshlar o‘qitiladi va shu zonaning o‘zida ish bilan ta'minlanadi. O‘quv kurslari uchun to‘lovning 20 foizini o‘qiyotgan kishining o‘zi to‘laydi, qolgan qismi - 30 foizi mahalliy budjetdan va 50 foizi Mehnat vazirligi tomonidan to‘lab beriladi.

Hokim bilan uning o‘sha mashhur konteynerdan qurilgan xonadoniga tashrif buyurdik. U yo‘l-yo‘lakay «Bunyodkor» mahallasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan ham tanishtirdi. Abdurazzoqov suhbat asnosida futbol, yo‘llar muammosi, sektorlar masalasi, ularning qanchalik rentabelligi, yangi tashkil etilayotgan sanoat zonalari, mahalladagi chiqindi poligonlarining rezervatsiya qilinishi, sudlarning mustaqilligi mavzusi, qonunning barchaga barobar ekani, internetdagi negativ fikrlarga munosabatini ham bildirdi. Shuningdek, u konteyner uyni nega va qanday qurdirgani, keyinchalik bu uyning taqdiri nima bo‘lishi haqida ham gapirib o‘tdi.

Bobur Akmalov suhbatlashdi.

Mavzuga oid