O‘zbekiston | 18:55 / 06.04.2021
6673
4 daqiqa o‘qiladi

Yo‘llar buzilib ketishiga asosiy sabab mustaqillikdan keyin mablag‘ ajratilmagan - Abdurahmon Abduvaliyev

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Mamlakatdagi umumiy foydalanishdagi va xalqaro toifadagi avtomobil yo‘llarining bugungi holati hamda zamonaviy avtomobil yo‘llarini loyihalashtirish va qurish borasidagi amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida Transport vaziri Ilhom Mahkamovning hukumat soati eshitildi.

Qonunchilik palatasi deputati Maqsuda Vorisova Toshkent halqa yo‘lidagi bozorlar atrofi tiqilinchligiga qanday yechim bo‘lishi, yo‘ldagi chuqurchalarni to‘ldirish qanchalik samara berishi to‘g‘risida savol berdi.

«Poytaxtga kirish yo‘llaridagi, ayniqsa, shanba-yakshanba kunlari taksilar O‘rikzor, Eshonguzardan boshlab Otchopargacha bo‘lgan bozorlardagi tiqilinchga kirishni xohlamaydi. Bu masala qachon va qanday yechiladi?

Viloyatlarga chiqqanda ko‘ramiz, yo‘ldagi chuqurchalarni to‘ldirish qanchalik samara beradi? Bu davlat mablag‘ini sovurish emasmi, chunki bunday yo‘l ikki–uch oyga ham yetmaydi. Buning qanday qilib oldi olinadi?»  – deya savol berdi deputat.

Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi raisi Abdurahmon Abduvaliyev «probka»lar muammosi dolzarbligiga e'tibor qaratdi. Bu borada reja qilingan ishlar haqida ma'lumot berdi.

U yamalgan asfalt yo‘llar ko‘pchiligi sifatsiz bo‘lishini ta'kidladi. Uning fikricha, yo‘llarning buzilib ketishiga ham asosiy sabab mustaqillikdan keyin sohaga mablag‘ ajratilmagan.

«Birinchi savol bizning o‘zimizni ham ta'sirlantiradi. Yo‘llardagi tiqilinchlar faqat tashqarida emas, shaharning ichida ham ahvol chatoq. Toshkent halqa yo‘lida qonuniy-noqonuniy magazinlarga joylar berib tashlangan va yo‘l yuzida qurilgan. Abu Saxiy bozori oldidagi bekatda noqonuniy qurilgan bitta «butka»ni oldirib tashlash uchun bir yarim yil sudlashdik. Oxiri yutib chiqdik, lekin bu holatlar ko‘p va ancha vaqtni oladi.

Tiqilinchga olib keladigan eng katta sabab o‘ng va chapga qayrilish, buni yechish uchun ko‘priklarning ustidan aylanib tushishni ishlab chiqyapmiz. Bu bo‘yicha ish olib boryapmiz.

Ikkinchi savolingizga kelsak, yo‘l tizimi juda katta va murakkab. Bizga investitsiya bo‘yicha 2 trln so‘m ajratilgan bo‘lsa, shundan 1 trln 20 mlrd to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘l qurilishiga, rekonstruksiyaga ishlatiladi. Bu 96 km katta yo‘llar va ko‘priklarning bir qismi qurilishiga sarflanadi. Qolgani esa avvalgi yillardan qolgan proyektlar yoki boshqa narsalarga ketadi. Bir km yo‘l uchun esa 10 mlrd ketadi deyapmiz.

To‘g‘ri aytyapsiz, yamalgan asfalt chiqib ketib qoladi, yaxshilari ham bor. Yo‘llarni yangilayotgan vaqtimizda endi bu narsaga yo‘l qo‘ymaymiz. Yo‘llarning buzilib ketishiga ham asosiy sabab vaqtida, mustaqillikdan keyin mablag‘ ajratilmagan.

Men o‘zi eskidan shu sohada ishlayman, 174 ming km yo‘llarimizning yuklamasi 5–8 tonnaga, 13,5 ming ko‘prikdan 11 mingdan oshig‘i 5–8 tonnaga mo‘ljallangan, lekin 30 tonnagacha mashinalar kirib keladi. Asosan katta yuk mashinalari yo‘llarimizni buzib tashlayapti», – dedi Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi raisi Abdurahmon Abduvaliyev.

Mavzuga oid