O‘zbekiston | 14:34 / 29.10.2021
12283
4 daqiqa o‘qiladi

«Uch yilda tuproq yo‘llar, to‘rt yilda ta'mirtalab yo‘llar qolmaydi» – Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi raisi

Tuproq yo‘llarni umuman yo‘qotish bo‘yicha dastur tuzilgan.

Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi raisi Abdurahmon Abduvaliyev Oliy Majlis Senatining 20–21 oktabr kunlari bo‘lib o‘tgan XX yalpi majlisidagi chiqishida yaqin 3 yil ichida O‘zbekistondagi barcha tuproq yo‘llar asfaltlanishi, 4 yildan so‘ng esa ta'mirtalab yo‘llar qolmasligini ma'lum qildi.

«Yo‘llarimizni yaxshi holatda ushlab turish uchun prezidentimiz topshirig‘i asosida katta dastur tuzilgan. 2016 yilning 1 yanvari holatiga xo‘jalik yo‘llari bilan hisoblaganda 121 ming km yo‘l o‘ta yomon ahvolda edi. Davlat rahbarining nazorati bilan sohaga ajratilayotgan mablag‘lar evaziga 5 yil davomida 56 700 km yo‘l ta'mirlandi. Hozirgi kunda respublikamizdagi 64 ming km atrofidagi yo‘l ta'mirtalab, shundan umumiy foydalanishdagi yo‘llar 5100 km, qolgani ichki xo‘jalik yo‘llari hisoblanadi.

Ayni paytda 29 ming kilometrlik tuproq yo‘l ham bor. 2021 yilning 1 yanvar holatiga 31 417 km tuproq yo‘l bor edi. Prezidentimiz kerakli mablag‘lar ajratilishiga yordam berganlari uchun 11 400 kilometrga yaqin tuproq yo‘l shag‘allashtirildi, 5 ming kilometrdan oshiq ichki xo‘jalik yo‘llari asfalt qilindi. Bu ishlar hozirgi kunda ham davom ettirilmoqda.

Tuproq yo‘llarni umuman yo‘qotish bo‘yicha dastur tuzdik. Xudo xohlasa, 3 yil ichida O‘zbekiston hududida tuproq yo‘llar bo‘lmaydi. Tuproq yo‘llar nafaqat bizda, balki boshqa davlatlarda ham bor. Hatto AQShda ham 400 ming kilometrdan ziyod tuproq yo‘l bor. Shunga qaramay, prezidentimiz bunday yo‘llar bo‘lmasin, odamlar yurishga qiynalyapti deb aytdilar.

3 yil davomida 2 yil 9 ming kilometrdan, 1 yil 10 ming km, jami 29 ming km masofadagi tuproq yo‘llarni to‘liq asfaltlashtiramiz. Qolgan yo‘llarning hammasini – ichki xo‘jalik yo‘llarini, umumiy foydalanishdagi yo‘llarni 4 yil davomida to‘liq ta'mirlab bo‘lamiz», deya Abdurahmon Abduvaliyevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Qo‘mita raisi 1991 yildan 2007 yilgacha avtomobil yo‘llarini qurish va ta'mirlashga umuman pul ajratilmaganini ta'kidladi. Mansabdor buning sababini «ayrim sabablarga ko‘ra» deb izohlash bilan cheklangan.

«Yillar davomida yetarlicha mablag‘ ajratilmagani uchun yo‘llarimizning holati hozirgi ahvolga kelib qolgan. Respublikada 209 ming km yo‘l bor. Shundan 42 254 kilometri bizga qaraydi, qolgani ichki xo‘jalik yo‘llari hisoblanadi yoki boshqa vazirlik-idoralar tasarrufidadir. Ichki xo‘jalik yo‘llarini ta'mirlashga shu paytgacha hech qachon yetarli mablag‘ ajratilmagan.

Normativ bo‘yicha har yili eng kamida 22 ming kilometrlik qismi ta'mirlanishi kerak. Mustaqillikka erishganimizdan keyin ayrim sabablar bilan 2007 yilgacha avtomobil yo‘llarini qurish va ta'mirlashga umuman pul ajratilmagan.

Bugungi kunda yo‘llarni ta'mirlash bo‘yicha kerakli tezlikka chiqib oldik. Shu tezlikda davom etsak, 3 yil ichida mamlakatimizda tuproq yo‘llar qolmaydi, 4 yil davomida barcha yo‘llarni ta'mirlab bo‘lamiz. Shundan so‘ng belgilangan grafik asosida yo‘llarni ta'mirlab boraveramiz», degan Abduvaliyev.

Mavzuga doir:

Mavzuga oid