O‘zbekiston | 15:02 / 08.04.2021
9757
3 daqiqa o‘qiladi

Sardoba fojiasi. Hukumat komissiyasi baliqchilarning zararlari qoplanmaganiga nega ko‘z yummoqda?

Bosh vazir Abdulla Aripov boshliq hukumat komissiyasiga toshqin sabab qishloq xo‘jaligiga yetgan zararni qoplash bo‘yicha vazifa yuklatilgandi. Oradan deyarli bir yil o‘tdi, yuz milliarddan oshiq zarar ko‘rgan baliqchilar esa hamon sarson.

Sardoba suv omboridagi halokat nafaqat aholining, balki hududdagi minglab gektar maydonlarda joylashgan fermer xo‘jaliklarining yerlarini ham yaroqsiz holga keltirdi.

Ushbu fojia sirdaryolik baliqchilarga ham katta zarar keltirgan. Viloyatning Mirzaobod, Oqoltin va Sardoba tumanlaridagi 72ta fermer xo‘jaligining 3,46 ming gektar sun'iy ko‘llari yaroqsiz holga kelgan - zarar miqdori 100 milliard so‘mdan oshadi.

Hodisadan so‘ng prezident Shavkat Mirziyoyev Sirdaryoga tashriflari davomida bir necha bor fermerlarning zararlari qoplab berilishi haqida gapirgan.

Keyinroq, bosh vazir o‘rinbosari Shuhrat G‘aniyev tomonidan baliq xo‘jaliklari ko‘rgan zararni qoplash bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritish topshirig‘i berilgan. Shu yilning 16 mart kuni Moliya vazirligiga taklif ham kiritilgan.

Biroq oradan shuncha vaqt o‘tsa ham baliqchilarga zararni to‘lab beradigan tashkilot topilmayapti. Tuman, viloyat va respublika miqyosida xo‘jalik rahbarlari zararlarini qoplashni so‘rab bormagan va ariza yozmagan tashkiloti qolmadi hisob.

Agar baliqchilar aprel oyida hovuzlarini tiklay olishmasa, bu yilgi mavsumda 3,5 ming gektar yerlar yaroqsiz va bo‘sh qoladi. 30 ming tonna baliq yetishtirish rejasi amalga oshmaydi. Bu esa ichki bozorda baliq mahsulotlari tanqisligi va narx-navo oshib ketishiga ham olib keladi.

Eslatib o‘tamiz, prezident farmoyishi bilan «Sardoba suv ombori» to‘g‘onidan suv toshishi oqibatlarini bartaraf etish va hodisa sabablarini o‘rganish bo‘yicha bosh vazir Abdulla Aripov raisligidagi Hukumat komissiyasi tuzilgan.

Komissiyaga qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishida yetkazilgan zararlar o‘rnini qoplash choralarini ko‘rish vazifasi topshirilgan.

Afsuski, hukumat komissiyasi favqulodda hodisa oqibatlari to‘la bartaraf etilmaganiga hozircha ko‘z yummoqda.

Darvoqe, yaqinda Sardoba fojiasiga 1 yil to‘ladi.

Mavzuga oid