O‘zbekiston | 08:15 / 12.04.2021
2550
2 daqiqa o‘qiladi

Quvasoydagi ko‘p qavatli uyda yong‘in sodir bo‘ldi

Foto: Farg‘ona viloyati FVV axborot xizmati

11 aprel kuni soat 06:25 da Farg‘ona viloyati Quvasoy shahar «Ziynat» MFY, Azizov ko‘chasidagi ko‘p qavatli uylardan birida chaqnash sodir bo‘lgan.

Farg‘ona viloyat FVB axborot xizmatining xabar berishicha, voqea gaz va havo aralashmasining chaqnashi natijasida sodir bo‘lgan. Ta'kidlanishicha, xonadon tabiiy gazdan qarzdorligi sababli tarmoqdan uzib qo‘yilgan. Biroq xonadon egasi, fuqaro A.I. o‘zboshimchalik bilan rezina shlang orqali yong‘in va texnika xavfsizligi talablariga javob bermaydigan holda tarmoqqa qaytadan noqonuniy ulanib oladi.

Natijada xonadon egasi gaz-havo aralashmasi chaqnashi oqibatida turli darajada kuyish tan jarohatlari olgan hamda davolanish uchun shifoxonaga yotqizilgan.

Hozirda holat yuzasidan mas'ul mutasaddi tashkilotlar tomonidan binoning foydalanishga yaroqlilik holati o‘rganilayotgani ma'lum qilingan. Shuningdek, chaqnash binoning 4-qavatida sodir bo‘lgani sababli, qo‘shni 16 ta xonadonda yashovchi 36 nafar fuqaro yaqin qarindoshlarinikiga vaqtincha ko‘chirilgan.

Holat bo‘yicha tergovga qadar tekshirish ishlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid