Kiyev: Zelenskiy Putin bilan muzokara o‘tkazish bo‘yicha so‘rov yuborgan. Moskva: Hech narsa eshitmadik
Donbassdagi vaziyat keskinlashishi fonida Rossiya va Ukraina hukumatlari bir-biriga zid bo‘lgan bayonotlar berishmoqda. Kiyevdagilar Vladimir Zelenskiy Vladimir Putin bilan gaplashmoqchi bo‘lgani, ammo bunga ikkinchi tomondan rozilik bo‘lmagani haqida aytishmoqda. Moskvadagilar esa bu masalada hech qanday so‘rov kelib tushmaganini bildirdi. O‘zi nimalar bo‘lmoqda?
Zelenskiy Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan Ukraina sharqidagi vaziyatni muhokama qilish uchun so‘rov yo‘llagan, ammo bu so‘rovga hozircha javob qaytarilmagan. Bu haqda Reuters’ga Ukraina prezidenti matbuot kotibi Yuliya Mendel ma'lum qildi.
U Zelenskiy Rossiya Ukraina chegaralari yaqinida harbiy kontingentini oshirayotgani va Donbassdagi vaziyat keskinlashayotganini muhokama qilish uchun Parijga borishini tasdiqlagan. O‘tgan hafta oxirida KyivPost nashri Ukraina prezident keyingi haftada Donbassdagi mojaroni va Ukrainadagi islohotlarni muhokama qilish uchun Fransiya prezidenti Emmanuel Makron bilan uchrashishi mumkinligi haqida xabar tarqatgandi.
«Prezident ofisi Vladimir Putin bilan suhbat o‘tkazish uchun so‘rov yubordi. Hozircha javob olmadik va umid qilamizki, bu muloqotni rad etish emas», – degan Mendel.
Kremldagilar esa bunday bo‘lmaganini aytmoqda.
«Oxirgi kunlarda hech qanday so‘rovga ko‘zim tushmadi. Bu borada so‘rov kelib tushgani haqida menga hech narsa ma'lum emas», – degan Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov jurnalistlarning savoliga javoban. U «so‘nggi kunlarda» so‘zlariga urg‘u qaratgan.
«Putinning Zelenskiyga aytadigan gapi bormi?» - deya savol bergan UNIAN agentligi muxbiri. «Gap keskinlikni kamaytirish va ehtimoliy urushning oldini olish haqida bo‘lsa, Vladimir Putinda hamisha aytish uchun gap bor», deya javob qaytargan Peskov.
Shundan so‘ng «Interfaks» Mendel bilan bog‘langan, u esa gap so‘nggi voqealar haqida ketmayotganini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Zelenskiy prezident Putinga muzokaralar bo‘yicha so‘rovni 26 mart kuni yuborgan - Donbassdagi aloqa chizig‘i hududida «to‘rt nafar ukrainalik harbiy xizmatchi halok bo‘lishi bilan».
Chegarada vaziyat o‘sha to‘rt harbiyning o‘limidan keyin keskinlasha boshladi. Moskva va Donbassda o‘zini mustaqil deb e'lon qilgan respublikalar Ukraina hukumatini tinchlik bo‘yicha kelishuvga amal qilmaslik va harbiy kuch ishlatishga urinishda ayblamoqda. O‘z navbatida, Kiyev rossiyalik harbiylar Ukraina chegaralari tomon olib kelinayotganini aytmoqda.
G‘arb davlatlari ham vaziyat keskinlashayotganiga e'tibor qaratishmoqda. AQSh 2014 yildan keyingi davrda ilk bor Ukraina chegaralari yaqinida rossiyalik harbiylar soni o‘sishi kuzatilganini qayd etgan. Germaniya kansleri Angela Merkel juma kuni telefon orqali Putin bilan muloqot qildi va Ukraina bilan chegara hududida rossiyalik harbiylarni kamaytirishga chaqirdi.
Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Ruslan Xomchak juma kuni Donbassdagi ziddiyat hududiga yurish qilishga tayyorgarlik ko‘rilayotgani haqidagi xabarlarni inkor etdi.
«Vaqtinchalik egallab olingan hududlarni kuch bilan ozod qilishga urinish tinch aholi va harbiylar o‘limiga olib kelishi muqarrar, Ukraina bunday qila olmaydi. Umuminsoniy qadriyatlar va xalqaro huquq normalariga sodiq qolgan holda davlatimiz o‘z fuqarolari hayotini birinchi o‘ringa qo‘yadi», deyilgandi uning bayonotida.
Yuliya Mendel Rossiya Ukrainaning sharqiy chegaralari yaqiniga 40 ming harbiy joylashtirganini ma'lum qilgan. Kiyev ma'lumotlariga ko‘ra, Qrimda ham 40 ming harbiy bor.
Reuters agentligi «Kremlga ham, rusparast ayirmachilarga ham yaqin bo‘lgan» manbasiga tayangan holda, harbiylar Ukraina chegarasiga olib kelinishini ehtimoliy hujumga tayyorgarlik emas, «muskullarni namoyish etish» deb atagan.
«Moskva buni ochiqchasiga qilmoqda, kuppa kunduzi tanklarini ko‘rsatmoqda. Urushga bunday tayyorlanishmaydi, bu shunchaki kuchlarni namoyish etish», degan agentlik suhbatdoshi.
Kiyev ham, o‘zini mustaqil deb e'lon qilgan respublikalar ham Donbassdagi o‘t ochishni to‘xtatish sulhi so‘nggi kunlarda bir necha bor buzilgani haqida xabarlar bergan.
Mavzuga oid
22:34 / 24.12.2024
Rossiya–Ukraina urushi tugaydimi? Putin nimani xohlaydi?
07:50 / 24.12.2024
Anapa aholisi mazut to‘kilishi sababli Putinga murojaat bilan chiqdi
21:42 / 23.12.2024
WP: Ukraina hukumati urush 2025 yilda tugashiga ishonmoqda
14:14 / 23.12.2024