O‘zbekiston | 20:28 / 13.04.2021
25499
3 daqiqa o‘qiladi

«Qishloq xo‘jaligidan ozod etilgan hokimlar nega yoshlar masalasi bilan shug‘ullanmayapti?» – Prezident Farg‘ona viloyati hokimini o‘rnak qilib ko‘rsatdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev yoshlar masalasiga bag‘ishlangan videoselektorda Farg‘ona viloyati rahbari Xayrullo Bozorovni boshqa viloyatlar rahbarlariga o‘rnak qilib ko‘rsatdi.

«Mana, Farg‘ona viloyati hokimi aytsin, birorta tuman hokimining 50 foiz vaqti paxtaga sarflanyaptimi? Qishloq xo‘jaligidan ozod qilingan ekan, nega yoshlar masalasi bilan shug‘ullanish o‘lda-jo‘lda bo‘lyapti?

Nima uchun Surxondaryo, Andijon, Sirdaryo, Jizzax viloyatlari hokimlari Farg‘onaga o‘xshab, yoshlar masalasida berilgan topshiriqlar bo‘yicha aniq natija va tashabbuslar ko‘rsatmadi?

Viloyat hokimlari o‘n kun muddatda tuman va shahar kesimida yoshlarni tadbirkorlikka jalb qilish va bandligini ta'minlash grafiklarini tasdiqlab, yangi-yangi tashabbuslarni amalga oshirsin», deya davlat rahbarining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Bundan tashqari, Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri o‘rinbosari Aziz Voitov va Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri o‘rinbosari Adiz Boboyev viloyat hokimlari bilan birga, joriy yil 1 iyuniga qadar hududlarda 77ta «yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari»ni ishga tushirishga shaxsan mas'ul ekani qayd etildi.

«Bugungi kunda yoshlarning tadbirkorlikka qiziqishlari katta bo‘lgani bilan, ular kerakli ko‘nikmalarga ega emas.

Shuning uchun, yoshlarni tadbirkorlikka jalb qilish, ularni biznesdagi risklarga o‘rgatish zarur.

Bu yo‘nalishda ayni paytda tadbirkor aka-uka Mamasaidovlar 480 ming nafar yoshlarga tadbirkorlik ko‘nikmalarini maxsus onlayn dastur orqali bepul o‘rgatmoqda. Men Hasan-Husan ukalarimizdan minnatdorman», – dedi davlat rahbari.

So‘zga chiqqan tadbirkor Hasan Mamasaidov o‘z tajribasi bilan o‘rtoqlasharkan, «Qimmatga tushgan xatolar» mavzusida dasturlar tayyorlash niyatida ekanligini bildirdi va xato qilganlar o‘z boshidan kechirganlarini aytib berishlarini bildirdi.

Mavzuga oid